Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:23

Qirg‘iz-Qozoq chegarasi: Bishkekda piket, Ostona Bishkekni ogohlantirdi


Qozog‘istonning Bishkekdagi elchixonasi oldida 3 noyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari Kongressi tashabbusi bilan piket bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘istonning Bishkekdagi elchixonasi oldida 3 noyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari Kongressi tashabbusi bilan piket bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘istonning Bishkekdagi elchixonasi oldida 3 noyabr kuni o‘tkazilgan piketga qatnashgan 40 qa yaqin kishi 5 noyabrga qadar qozoq tomoni chegarani ochmaydigan bo‘lsa va YeOII talablarini bajarmaydigan bo‘lsa, u holda QR rahbariyatiga murojaat qilib YeOIIdan chiqish talabini qo‘yishga majbur bo‘lishlarini aytishdi.

Ayni paytda Ostona Bishkek talablarni bajarmasa, chegaradagi vaziyat yumshamasligini bildirdi.

Shuningdek, ular bayonot berib, xalqaro tashkilotlar, jumladan YeXHT va boshqa tashkilotlarning a’zosi bo‘lmish Qozog‘iston erkin savdo va chegaralarda fuqarolarning erkin harakat qilishiga to‘sqinlik qilish yo‘li bilan bu tashkilotlar oldida olgan majburiyatlarini bajarmas ekan, u holda piket ishtirokchilari YeXHT va boshqa nufuzli tashkilotlarga murojaat qilish huquqini o‘zlarida saqlab qolishlarini aytishdi. Aksiya tashkilotchilari bu talablarni yakuniy rezolyutsiyada bayon qildilar.

Ayni paytda Qozog‘iston moliya vazirligining davlat daromadlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gosman Amrin 2 noyabr kuni Ostonada bayonot berib, Qozog‘iston bojxona xizmati mamlakatga olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha qirg‘izistonlik hamkasblaridan ma’lumot kutayotganini bildirdi.

«Munosabatlar yetarlicha professionaldir. Biz, masalani hal qilishning birdan bir yo‘li - hamkorlikda ishlash ekanini ishontirishga harakat qilayapmiz. Bu har qanday noto‘g‘ri fikrlarni oldini oladi, shaffoflikni kuchaytiradi», - dedi Amrin jurnalistlarga.

Qo‘mita vakilining aytishicha, o‘tgan hafta Qozog‘iston mamlakatlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, qanday mahsulotlar olib o‘tilishi va ularning narxi borasidagi ma’lumotlarni Qirg‘izistonga bergan. «Hozircha ulardan javob olmadik. Bu choralar hozircha imzolanmagan yo‘l xaritasida ko‘rsatilgan», - dedi Amrin.

Gosmanning fikricha, Qirg‘iziston bilan chegarada yuzaga kelgan muamoga “bojxona, soliq, fitosanitar va transport qonunchiligining buzilishi” bilan tovarlarning oqib kelishi sabab bo‘lgan. «Bu biz tomondan emas, balki Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi maxsus monitoringi aniqlagan oddiy narsadir», - deya bayonot berdi.

U, agar ma’lumot kelib tushmaydigan bo‘lsa, u holda chegaradagi nazorat yanada kuchaytirilishidan ogohlantirdi. «Agar ular [qirg‘iz tomoni] taklifimizdan voz kechsa, bizga ma’lumot bermasa, biz bilan ishlamasa, u holda biz qonunchiligimizni buzgan holda tovarlar kelishini oldini olish maqsadida nazoratni kuchaytirishga majbur bo‘lamiz», - deya bayonot berdi Amrin.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 10 oktyabridan Qozog‘iston chegara nazoratini kuchaytirdi, bu o‘z navbatida nazorat-o‘tish punktlarida avtomobillarning bir necha kilometrlik tirbandligiga sabab bo‘ldi. 18 oktabr kuni Ostonada ikki mamlakat hukumat rahbarlari 19 oktabrdan boshlab yo‘lovchi transporti va qo‘lida yuki bo‘lgan yo‘lovchilarni chegaradan o‘tishlarini yengillashtirishga kelishib oldilar. Biroq, og‘ir yuk tashuvchi mashinalar bilan bog‘liq masala hamon hal etilmadi.

XS
SM
MD
LG