Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:26

Qirg‘iziston Qozog‘iston o‘tkazmayotgan tovarlarini O‘zbekistonga sotmoqchi


Qirg‘iz-Qozoq chegarasida chegaradan o‘tishga navbat kutib turgan avtomobillar soni ba’zi kunlarda 500 tadan oshib ketdi. 2017, 16 oktabrda olingan surat.
Qirg‘iz-Qozoq chegarasida chegaradan o‘tishga navbat kutib turgan avtomobillar soni ba’zi kunlarda 500 tadan oshib ketdi. 2017, 16 oktabrda olingan surat.

Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Artyom Novikov O‘zbekiston qirg‘iz tovarlarini sotib olishga tayyorligi to‘g‘risida bayonot berdi. Qirg‘iz-qozoq chegarasidagi muammolar tufayli Qirg‘iziston o‘z mahsulotlarini sotish uchun muqobil bozorlar izlayapti.

Novikov Toshkentda bir necha ikki tomonlama kontraktlar imzolanganini xabar qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, Qirg‘iziston O‘zbekistonga kartoshka, sut mahsulotlari, qurilishda ishlatiladigan toshlar va ko‘mir taklif qilishi mumkin.

«Tadbirkorlar bizning mahsulotimizni taqdim etishlari va sheriklar topishi uchun yaqin kunlarda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan biznes-dialog tayyorlayapmiz»,– dedi u.

Novikov Xitoy tomoni bilan ham hamkorlik masalalari ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev hukumatga qirg‘iz-qozoq chegarasida turib qolgan, tez buziluvchi mahsulotlarni sotish uchun muqobil bozorlar topish masalasini hal qilish topshirig‘ini bergan edi.

Atambaev tez muddat ichida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini loyihalashtirish va qurish zarurligini ham aytib o‘tgan.

Prezident Almazbek Atambaevning Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevni Qirg‘iziston prezidentligiga nomzod O‘murbek Babanovni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblagani ortidan Qozog‘iston Qirg‘iziston bilan chegarasidagi nazoratni 10 oktabrdan boshlab kuchaytirdi.

QR Qishloq xo‘jalik vazirligiga ko‘ra, 21 oktabrdan 28 oktabrga qadar Qozog‘istonda Qirg‘izistondan tovarlar olib kirishda 16 ta qoidabuzarlik qayd etilgan. Hafta davomida 100 tonna mahsulot Qirg‘izistonga qaytarilgan.

Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, 3 ta holatda mahsulotlar fitosanitariya sertifikatisiz olib kirilgan, uch marta zararkunandalar aniqlandi va qadoqlashda markirovka yo‘qligi bilan bog‘liq 10 ta holat aniqlangani.

3 noyabr kuni Korday tumanida o‘tkazilgan fitosanitariya nazorati davomida Qirg‘izistondan olib kelinayotgan 20 tonna xurmo tekshirilganida zararkunandalar topilgani va shu sababli mahsulotlar ortga qaytarilgani aytildi.

10 oktabrdan boshlab Qozog‘iston chegara nazoratini kuchaytirishi oqibatida o‘tish punktlarida bir necha kilometrlik tiqin paydo bo‘ldi. Ayniqsa, tez ayniydigan mahsulotlar olib ketayotgan mashinalar haydovchilari zarar ko‘rdi.

Ikki mamlakat bosh vazirlarining Ostonada bo‘lib o‘tgan muzokaralarida 19 oktabrdan boshlab yo‘lovchi transporti va qo‘lida yuki bo‘lgan yo‘lovchilarning chegaradan o‘tishi yengillashtirilishi borasida kelishuvga erishildi.

Chegaradagi nazoratning kuchaytirilishini Ostona Qirg‘izistondan kelayotgan kontrabandaga qarshi kurash bilan izohlamoqda. O‘z navbatida Bishkek Qozog‘iston tomoni “sun’iy to‘siq” o‘rnatayotganini ta’kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG