Линклар

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, oxirgi to‘rt oy ichida yetti nafar adib oilalari o‘zlari yashagan “Do‘rmon” qishlog‘idagi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga qarashli kottejlardan chiqarib yuborilgan. Bu haqda ma’lum qilgan ijodkorlarning aytishicha, adiblarni chiqarib yuborish qarori Yozuvchilar uyushmasi talabi asosida Toshkent viloyati Chirchiq tuman sudi ajrimi bilan olingan.

Kottejlardan chiqarib yuborilgan adiblarning ba’zilari Ozodlikka batamom uysiz qolib ketishlaridan qo‘rqayotganliklarini aytdi.

"Borar joyim yo‘q"

65 yashar shoira Bibisora Turobova ikki nafar nogiron o‘g‘li bilan “Do‘rmon” ijod uyi kottejlaridan birida ikki yildan buyon istiqomat qilib kelayotgandi.

Ammo, Yozuvchilar uyushmasi talabi bilan shoira 6 noyabr kuni kottejdan majburan chiqarilgan va o‘zining aytishicha, “doimiy yashash joyi topish sharti bilan” ikki oy vaqtincha yashash uchun ijod uyi mehmonxonasiga joylashtirilgan.

Ammo Bibisora Turobova “borar joyim yo‘q”, deydi.

- Borar joyim yo‘qda. Yo‘q. 18 yil oldin hamma narsam sotilib ketgan. Qarzga ketgan, qarzga, - deydi Bibisora Turobova.

Bibisora kottejdan chiqarilgan yagona shaxs emas.

Bu ro‘yxatda iyun oyidan buyon O‘rozboy Abdurahmonov, Norto‘xta Qilich, Rajabboy Rauf, Sayfiddin Rafiddin va boshqa adiblar ham bor.

Ozodlik hozirda "Do‘rmon" ijod uyida kamida beshta kottej bo‘sh turganini aniqladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xodimi uyushma rahbariyatining ijodiy safarda ekanini bildirib, Do‘rmondagi kottejlardan adiblarning chiqarilishiga izoh bermadi.

Ammo, ismi oshkor etilmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonlik adiblardan biri, Yozuvchilar uyushmasi qarori qonuniy ekanini aytdi:

"Yigirmadan ortiq kottej va uch qavatli mehmonxona uyushma tasarrufidadir. U yerda ba’zilar muddatidan ortiq yashagan, o‘zicha qo‘shimcha qurilishlarni qilgan. Kottejlari olib qo‘yilganlardan ba’zilarining Toshkent shahrida o‘z kvartiralari va hovlilari bor," dedi o‘zbek adiblaridan biri.

"Do‘rmon" ijod uyi

O‘zbekiston prezidentining 2010 yil 26 fevraldagi qaroriga asosan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” fondi tashkil etilgandi.

Fond "Do‘rmon" ijod uyi kottejlari va mehmonxona xonalarini uyushma a’zolariga ijodiy xizmat safarlari uchun foydalanishga berish tartibini ishlab chiqqan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Yozuvchilar uyushmasi kottejlarni faqat uyushma a’zolariga va uzog‘i bilan bir yilga berishga qaror qilgan.

2011 yilda "Do‘rmon" qishlog‘idagi adiblarning 3 qavatli 58 o‘rinli ijod uyi qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy mebel jihozlari, maishiy buyumlar, aloqa vositalari bilan ta’minlangan edi.

Shu yilning 3 avgustida videoselektr yig‘ilishi o‘tkazgan prezident Shavkat Mirziyoev har bir viloyatda ijodkorlar uchun ikkitadan ijod uyi barpo etishga topshiriq berdi.

Mirziyoev viloyatlardan poytaxtga kelgan ijodkorlarning propiskasi yuz foiz hal qilinishini ham aytgan.

Pensiya yoshidagi ijodkorlarga esa pensiyani ham, gonorarni ham to‘liq berishga va’da qildi.

"Katta eshitsa, bizni bu ahvolda qo‘ymaydi. U kishiga bu xabarni yetkazadigan odam yo‘qda," deydi prezident Mirziyoevning yordamiga umid qilayotgan shoira Bibisora Turobova.

XS
SM
MD
LG