Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:36

AQSh savdo vaziri Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda gumon qilinmoqda


AQSh savdo vaziri Uilbur Ross
AQSh savdo vaziri Uilbur Ross

Ommaviy axborot vositalariga sizdirilgan minglab moliyaviy hujjatlar AQSh savdo vaziri Uilbur Rossning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin kishilar nazoratidagi yuk tashish kompaniyasiga sarmoya yotqizganidan dalolat bermoqda.

Jurnalist surishtiruvlari bo‘yicha xalqaro konsortsium (International Consortium of Investigative Journalists, ICIJ) 5 noyabr kuni e’lon qilgan va “Jannat qog‘ozlari” (Paradise Papers) deb nomlangan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaning davlat nazoratidagi ulkan “Gazprom” kompaniyasi va VTB banki AQShning texnologiya firmalariga ko‘p miqdorda investitsiya kiritgan.

Hujjatlar orasidan qirolicha Yelizaveta II ning bir offshor kompaniyasiga 13 million AQSh dollarilik sarmoya kiritgani haqidagi ma’lumot chiqib qoldi.

Qarorgohi AQShda joylashgan ICIJ 2016 yilda “Panama hujjatlari”ni OAVga sizdirgan edi. Panamaning advokatlik firmasidan olingan o‘sha hujjatlarda dunyodagi ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari hamda badavlat kishilarning offshor zonalarda bank hisoblari borligi fosh etilgan edi.

“Jannat qog‘ozlari” tarqatgan materiallar offshor zonalarda xizmat ko‘rsatuvchi 2 ta provayderlik kompaniyasidan va 19 ta soliq imtiyozlari beruvchi kompaniya registridan olingan. Ushbu hujjatlarni Germaniyaning “Zyuddoyche Saytung” gazetasi qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, ICIJ ularni “Gardian” va “Nyu-York Tayms” gazetalari va Bi-Bi-Si korporatsiyasi va o‘nlab axborot agentliklariga tarqatdi.

Hujjatlar juda katta miqdorda bo‘lgani uchun boshqa ko‘plab OAVga ham berildi va “Jannat loyihasi” degan nom oldi.

13,4 millionta faylning dastlabki qismida “qarmoqqa ilingan nahanglar” Ross va qirolicha Yelizaveta bo‘ldi. Garchi hujjatlarda hech bir kishining moliyaviy faoliyati noqonuniy ekani aytilmagan bo‘lsa-da, Rossning Rossiya biznesi bilan aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar izsiz ketmasligi aniq. Chunki AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati faoliyati manfaatlar ziddiyatiga oid ko‘plab savollarga sabab bo‘lmoqda.

Tramp yordamchilarining Rossiya bilan potensial aloqalari Moskva 2016 yilgi AQSh prezidenti sayloviga aralashgani haqidagi gumonlar bois AQShda ko‘plab surishtiruvlarga sabab bo‘ldi. AQSh prezidenti Rossiya bilan biror aloqa bo‘lganini rad etmoqda va surishtiruvlarni “ajina ovi” deb atamoqda.

Kompaniyalarning chigal to‘ri

Hujjatlarga ko‘ra, milliarder sarmoyador Ross vazirlik lavozimini egallagandan so‘ng ham Putinning yaqinlariga aloqador yuk tashish kompaniyasi bilan hamkorlikni davom ettirgan.

79 yashar Ross Rossiyaga tegishli “Sibur” energetika kompaniyasi gazini tashiydigan Navigator Holdings kompaniyasining katta miqdordagi ulushiga egalik qilgan.

“Sibur” kompaniyasining bir qism aksiyalari Putinning do‘sti Gennadiy Timchenko va uning kuyovi Kirill Shamatov qo‘lida. Rossiya Ukrainaga tajovuz qilgandan so‘ng AQSh Timchenkogo qarshi sanksiya joriy qilgan edi, deb xabar beradi “Nyu-York Tayms” gazetasi.

AQSh Savdo vazirligi voizi Jeyms Rokkasning aytishicha, Ross “Navigator” kompaniyasining “Sibur” bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishiga aralashmagan hamda davlatga tegishli ushbu kompaniyaga qarshi o‘sha payt ham, hozir ham hech qanday sanksiya qo‘llanmagan.

Bi-Bi-Si muxbiri Rossdan intervyu olganda u “Sibur” kompaniyasiga sarmoya yotqizganining hech qanday noqonuniy jihati yo‘qligini aytdi.

Rossiyaliklarning ijtimoiy tarmoqlarga kiritgan sarmoyalari

Rossiya bilan bog‘liq yana bir hujjatga ko‘ra, ushbu mamlakat vatandoshi va Silikon vodiysidagi texnologiya kompaniyalarining yirik sarmoyadorlaridan biri Yuriy Milner VTB bankdan 191 million AQSh dollarilik kredit olgan va uni Tvitter ijtimoiy tarmog‘iga sarmoya qilib kiritgan.

Yana hujjatlarda Rossiyaning davlat nazoratidagi “Gazprom”ga tegishli moliyaviy sho‘’ba korxonasi bir soxta kompaniyani mablag‘ bilan ta’minlagan. U esa o‘z navbatida Milner bilan bog‘liq kompaniyaga sarmoya yotqizgan hamda Feysbuk kompaniyasining taxminan 1 milliard dollarlik aksiyasini sotib olgan.

Ammo Milner ICIJ xodimlariga “Gazrom Investxolding” sho‘’ba korxonasi uning biror ishiga aralashganidan bexabar ekanini aytdi.

Bi-Bi-Si Kremlga aloqador oligarx Alisher Usmonovning noqonuniy daromadlarni halollashga qarshi kurashuvchi va kompaniyalarning noqonuniy xatti-harakatlarini tekshiruvchi bir kompaniyada maxfiy ulushi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Yana Usmonovning Bridgewaters kompaniyasi mijozi ekani, agar uning o‘sha kompaniyada ham ulushi bo‘lsa, bu manfaatlar ziddiyatini keltirib chiqarishi mumkinligi aytiladi. Ammo Bridgewaters vakillari rossiyalik kishi uning egasi ekani yoki nazorat qilishini “keskin rad etdi”.

XS
SM
MD
LG