Линклар

Tojikiston janubida ari chaqishi natijasida bir yosh ayol halok bo‘ldi. Tojik biologlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatda paydo bo‘lgan "xitoyi" ari alergiyasi bo‘lgan odamlar hayotiga xavf soladi. Hajmi mahalliy aholi biladigan arilardan yirikroq bo‘lgan xitoyi arini odamlar "bilayn" deb ham ataydi.

Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Hamadoni tumanida yashovchi 32 yashar Guljahon Nazarova 26 oktabrda ari chaqishi oqibatida vafot etdi.

Guljahonning yaqinlariga ko‘ra, qotil ari tumanda oldin uchramagan ari bo‘lib, mahalliy arilarga qaraganda ancha yirikdir.

Uni mahalliy aholi "xitoyi" va "bilayn" deb ataydi.

Hamadoni tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri Jo‘raxon Mahliqoevning Ozodlik radiosiga aytishicha, Guljahon Nazarova ari chaqishidan ko‘p o‘tmay jon bergan.

Shifokorning ta’kidlashicha, Guljahonda ari zahriga alergiyasi bo‘lgan.

"Ari ushbu ayolning chap barmog‘ini chaqibdi. Yarim soat ichida ayolning yuragi urishdan to‘xtagan. Oldin bu ayolni oddiy ari chaqqan edi. Ammo uni Dushanbe shifoxonasiga olib borib, hayotini saqlab qolgan edik,"- dedi Jo‘raxon Mahliqoev.

Mahliqoevning ishonishicha, bu turdagi arilar mahaliy arilarga qaraganda katta va zahari kuchli bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik uchun halokatli emas.

"Bunday arilar faqat allergiyasi borlar uchun xavflidir," dedi Jo‘raxon Mahliqoev.

Tojik biologi Anvar Jalilovning ma’lum qilishicha, "xitoyi" yo "bilayn" arisi Tojikistonda uch yil oldin paydo bo‘ldi.

Uning taxmin qilishicha, bu hasharot Tojikistondan Xitoyga yuborilgan meva qutilari ichida kelgan bo‘lishi mumkin.

Jalilovning ta’kidlashicha, ushbu ari o‘ta ochko‘z, u bir zumda bir shingil uzumni yeb tashlashi mumkin.

Unga ko‘ra, bu kelgindi arilar mahaliy asalarilariga ham xavf tug‘dirishi mumkin.

Besh yil oldin O‘zbekistoninng Navoiy viloyat, Konimex tumanida ham aholi arilar hujumiga uchragan edi.

Aholiga ko‘ra, bu arilar tumanda oldin uchragan arilardan mutlaqo o‘zgacha ko‘rinishda bo‘lgan.

O‘shanda ari chaqishi natijasida 3 kishi, jumladan 2 yashar bola vafot etgani xabar qilingandi.

XS
SM
MD
LG