Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:14

Parkent hokimi 45 minutlik majlisda 126 marta so‘kindi


Parkent tumani hokimiyati binosi
Parkent tumani hokimiyati binosi

Toshkent viloyat, Parkent tuman hokimi Ne’matulla Abdullaev 1 noyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni haqorat qilayotgani yozilgan 45 minutlik audiofayl Ozodlik tahririyatiga kelib tushdi. Hokim tashkilot va korxonalar rahbarlarini, mahalla oqsoqollarini ayamay so‘kar ekan, 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z qo‘llagan. Ne’matulla Abdullaev Ozodlikka shunday yig‘ilish o‘tkazganini tasdiqlar ekan, mahalliy rahbarlarni "so‘kmaganini, faqat koyiganini" aytdi.

Parkent tumani hokimi Ne’matulla Abdullaev 1 noyabr kuni kechqurun paxta shtabida o‘tkazgan yig‘ilishning audiofaylini shu yig‘ilishda ishtirok etgan mahalliy tashkilot rahbarlaridan biri Ozodlikka taqdim etdi.

Bu audiofaylda uyatli so‘zlar juda ham ko‘p bo‘lgani sababli, uni shundayligicha eshittirish axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi.

Audioni Ozodlikka taqdim etgan rahbarning aytishicha, tuman hokimi o‘tkazgan majlisda tuman prokurori va ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i ham ishtirok etgan.

“Hey q...q, a...ni chiqaraman seni!”

Yig‘ilishda ishtirok etgan tashkilot rahbari audioda ovozi aks etgan majlisdagi voqealarni izohlab aytishicha, Ne’matulla Abdullaev paxtaga kam odam chiqargan va terilgan paxta miqdorini ko‘paytirib hisobot bergan tashkilot rahbarlarini birma-bir turg‘izib, savol-javob qiladi va deyarli har bir rahbar hokimdan so‘kish eshitadi.

Hokimning birinchi dahanaki zarbasiga tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i G‘ofir Ro‘ziboev duch kelgan:

“Quruq va’dani berasan, blyad, q...qa buncha odam olib keldim deb, katta ishxonani rahbari. Qo‘lingdan kelsa ishla, kelmasa, poshel na x.., blyad”, deydi hokim.

Bosh shifokor, “20ta odam olib keldim”, deyishi bilanoq yana haqoratlar to‘lqiniga duch keladi:

“Poshel na x..., blyad. 20 ta odaming q...ni terdimi? Hey q...q, a...ngni chiqaraman, seni”, deydi hokim.

Ne’matulla Abdullaev stolni mushtlab-mushtlab, baqirib gapirar ekan, paxta pripiskasi sabab Bekobod tuman hokimi, ichki ishlar boshlig‘i, prokuroriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini va bu qamalishlar uchun parkentliklar ham aybdor ekanini ta’kidlaydi:

“Bekobod tuman hokimiga, prokuror, ichki ishlar, to‘rttasiga jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Senga o‘xshagan chichqoqlar uchun, blyad. Paxta termagani uchun. Viloyat hokimi, prokurori ishdan ketdi, blyad. Yuribsan mazza qilib, kiyimni kiyib, blyad”, deydi hokim.

"Lyuboyini ko‘tanini sug‘urib olaman"

Hokimning vajohatidan anglashinicha, pripiska sabab, bir qancha rahbarlarning ishdan ketganligi Abdullaevni qattiq tashvishga solgan:

“Menga unaqa pripiska kerak emas, blyad. Men ko‘taningni sug‘urib olaman, lyuboyini. Meni xarakterimni sizlar hali tushunmas ekansilar. Men ertalabgacha eshitgan gapim, tushuntirish xati yozganim, blyad. Hammang yotibsan jalab, xotiningni quchoqlab uyingda, blyad”, deydi hokim.

Paxta terimiga kam odam chiqarib, kam paxta topshirgan tashkilot rahbarlarini yoppasiga, ayniqsa, hokim qattiq so‘kadi:

“Erkakmisan, q...q bilan ko‘rsatishim kerakmi, erkaklikni? Yoki s...b qo‘yishim kerakmi, bitta-ikkitangni?”, deydi stolni mushtlab hokim.

"Ta’lim va tibbiyot ham paxta terishi kerak"

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning ta’lim muassasalari, tibbiyot xodimlarini paxta terimiga jalb etmaslik haqidagi buyrug‘i bo‘lishiga qaramay, tuman hokimi Ne’matulla Abdullaev terimga kam odam olib chiqqan kollej rahbarlarini ham burchakka taqaydi:

“Kollejlar bir yarim tonna paxta beryapmiz deb svodka berib, 700 kilodan topshiryapsizlar. E, og‘ayni, meni nima ishim bor, sizni kasal deyishdi. Meni s...dimi, oltitang mana shu yerda o‘tirib, qisib javob ber, dedim. Kecha 3 tonna deb beryapsilar, amalda 700 kilo paxta o‘tgan, kamida, jalab, bir yarim tonna paxta o‘tishi kerakmi? 74 ta odam , onangni s..., ko‘r bo‘lib ham teradi, jalab”, deydi hokim.

Hokim so‘kinish bilan savol-javob qilishda davom etar ekan, yana tibbiyot birlashmasi G‘ofir Ro‘ziboevni turg‘izadi:

“Parkent tibbiyot birlashmasi. Yozyapti, 20 ta odam kecha 400 kilo deb svodka beryapsan, amalda o‘tyapti 200 kilo. Sog‘liqni saqlash bir tonna oladi. Bo‘lmasa boshqacha bo‘ladi, meni imzom ko‘p joyga o‘tadi”, deydi hokim.

Tibbiyot birlashmasi rahbari, odam yo‘q, deb javob berganda, hokim yana tutaqib ketadi:

“Meni s...dimi, odam opkemasang ana borib nanimat qil, oborib terdir, na x..., blyad, meni s...maydi. Mendan tonna so‘rayapti. Men hali 52 ga kiryapman, shu paytgacha urologga murojaat qilganim yo‘q, agar sendaylar shunaqa, k..t, hezalak bo‘ladigan bo‘lsa. Menga nima deyapti, ular erkakmisan deb. Qatnash men bilan o‘sha erda, javob berasan, sen ham”, deydi hokim.

Oqsoqollar ham "nasibasiz" qolmadi

Ne’matulla Abdullaev Zarkent qishlog‘i mahalla oqsoqollarini paxta terimiga kam odam chiqargani uchun “mahallalaringni a...ni chiqarib yuboraman, deb tahdid ham qiladi:

“Besh tonna bo‘lmasa ko‘taningni sug‘uraman, blyad. Mahalla qani, to‘rtta mahalla, hammasini a...ni chiqaraman”, deydi hokim

Hokim yig‘ilishda ishtirok etayotgan tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga, “rahbarlar minib yurgan moshinlarni nomerini olib arest qilasiz”, deb buyruq beradi va prokuror yordamida tahdid qiladi:

“Hozir mana bu prokurorga aytib, a...ngni chiqaraman hammangni”, deydi hokim.

Tuman hokimi qariyb bir soat davom etgan majlisda xalq ta’limi bo‘limi va boshqa tashkilotlar rahbarlariga ham so‘kinib gapirib, kerakli miqdorda paxtaga odam olib chiqishni, har bir odam kamida 30 kilogrammdan paxta terib berish majbur ekanligini ta’kidlaydi.

“Meni hokimlikka prezident qo‘ygan, aytganimni qilaman”

Parkent tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan va hokim o‘tkazgan yig‘ilishlarda doim qatnashadigan mahalla oqsoqollaridan birining aytishicha, majlislarda hokim so‘kmagan odam qolmaydi:

“Ne’matulla Abdullaevning bizga hokim bo‘lib kelganiga to‘rt oy bo‘ldi. Boshida yaxshi edi, og‘zidan yomon so‘z chiqmasdi. Lekin paxta mavsumi boshlangandan keyin aynidi. Katta-kichik demaydi, bo‘ralatib so‘kadi. Og‘zidan q... tushmaydi. Meni prezident qo‘ygan, shaxsan o‘zi qo‘ygan, borgan joyingga bor, deydi. Bizga mahalladan odam topib kel, deb o‘shqiradi. Paxtani teryapmiz, lekin paxtaning o‘zi qolmagan. Tonna-tonna majburiyat qo‘yadi, shak-shubhasiz uni bajarish imkoni yo‘q. Keyin har kuni kechqurun majlisga chaqirib so‘kadi. Odam top, deydi. Axir, kim tekinga chiqib, vaqtini bekorga dalada o‘tkazadi”, deydi mahalla oqsoqoli.

Uning aytishicha, pripiska sabab bir qancha viloyat va tuman hokimlarining ishdan olingani hokimni talvasaga solib qo‘ygan:

“Pripiska hamma joyda bo‘lgan. Shu jumladan, Parkentda ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hokim hisoboti berilgan, lekin xirmonda yo‘q paxtaning o‘rnini to‘ldirish va jinoiy javobgarlikka tortilmaslik uchun zo‘r berib, hammani paxtaga haydamoqda. Qanday qilib bo‘lmasin, paxtani bajarib, Mirziyoevga yaxshi ko‘rinishi kerak, chunki u Bo‘kadagi hokimlik paytida urilib, qamalib ketganidan so‘ng, Mirziyoev uni yana hokimlikka olib keldi”, deydi mahalla oqsoqoli.

Jamoatchilik oldida 126 uyat so‘z

Ne’matulla Abdullaev Ozodlikka taqdim etilgan 45 minutlik audioda jami 126 marta uyatli so‘zlar bilan so‘kingan.

Hokim, jumladan, ushbu so‘z va iboralarni:

jalab -15 marta;

blyad, dolboeb – 28 marta;

erkakning jinsiy a’zosi – 43 marta;

ayolning jinsiy a’zosi – 9 marta;

jinsiy aloqani ifodalovchi fe’l - 26 marta;

birovning onasi bilan jinsiy aloqani ifodalovchi so‘kinish – 1;

“ko‘taningni sug‘urib olaman” – 4 marta, ishlatgan.

“Men ularning shaxsiyatiga tegmadim, faqat koyidim, xolos!”

Parkent tuman hokimi Ne’matulla Abdullaev Ozodlik savollariga javob berarkan, paxta terimida ishtirok etayotgan korxona va tashkilotlar, mahalla oqsoqollari bilan 1 noyabrda yig‘ilish o‘tkazganini tasdiqladi.

Hokimning aytishicha, paxta rejasi bajarilmagani tufayli haqiqatan ham rahbarlarni koyib qattiq gapirgan, lekin ularning shaxsiyatiga tegadigan gap aytmagan:

- Haqiqatan ham noto‘g‘ri svodka bergan bo‘lsa, men koyigan bo‘lishim mumkin. Oldingi davrlar o‘tganku, yolg‘on svodka berib aldash. Men kimni haqorat qilgan bo‘lsam sudga murojaat qilsin, men sudning oldida javob berishga tayyorman. Men birortasining shaxsiyatiga tegmaganman, sani u qilib tashlayman, sani bu qilib tashlayman, demaganman”, dedi Ne’matulla Abdullaev.

Biz hokimni paxta terimiga tashkilotlarni majburlaganiga guvoh bo‘lganmiz

Parkent tumanida majburiy mehnatni monitoring qilgan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha, u Ne’matulla Abdullaev o‘tkazgan yig‘ilishlardan birida hokimning qatag‘on siyosatiga guvoh bo‘lganini aytadi:

“Biz, Yelena Urlaeva bilan Parkentda bo‘lganimizda odamlarning nihoyatda qo‘rqib qolganiga tasodifan borib qolganimiz yig‘ilishda guvoh bo‘ldik. Hokim o‘sha majlisda tashkilot rahbarlarini turg‘izib, sen qancha odam yubording, sen qancha pul berding deb so‘roq qilyapti. Kam paxta tergan tashkilotlar rahbarlarini prokurorga ko‘rsatib, buni yaxshilab tekshir, korxonasiga reviziya yubor, deb aytyapti. Prokuror unga qo‘shilib, so‘roq qilyapti. Dahshat. Bechora tashkilot rahbarlari va oqsoqollar bo‘ynini qisib so‘kish eshityapti. Shu payt Yelena Urlaeva chidolmasdan, “janob hokim, siz nima uchun prezidentning qaroriga zid ravishda byudjet tashkilotlari ishchilarini paxta terishga majbur qilyapsiz, bunga haqqingiz yo‘q”, deb baqirdi. Keyin bizni zaldan chiqarib yuborishdi. Yelena Urlaevaga esa hokimlik binosi oldida noma’lum shaxslar tashlanib, diktofon va fotoapparatini tortib olmoqchi bo‘lishdi”, deydi Malohat Eshonqulova.

Karimov davrida qamalgan hokim yana mansabga qaytdi

Ne’matulla Abdullaev Islom Karimov prezidentligi davrida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanining hokimi bo‘lib ishlagan.

Lekin uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hokimlikdan bo‘shatilgan va qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Ozodlik Ne’matulla Abdullaevning qaysi ayblov bilan qamalgani va qancha muddat qamoqda bo‘lganligi haqida ma’lumotga ega emas.

Ozodlik bilan suhbatda Ne’matulla Abdullaev “tuhmat” bilan qamalganini, kassatsiya shikoyatidan so‘ng, sud uning ishini qayta ko‘rib chiqib, guvohlarning ko‘rsatmasi yolg‘on chiqqanini aytdi.

Joriy yilning 25 aprelida Ne’matulla Abdullaev Parkent tumaniga hokim etib tayinlangan.

Hokimlar so‘kingani uchun javobgarlikka tortiladimi?

Hokimlarning qo‘l ostidagi rahbarlarni so‘kishi va kaltaklashi O‘zbekiston uchun yangilik emas.

Ne’matulla Abdullaevning majlisda aytgan “men ertalabgacha eshitgan gapim, tushuntirish xati yozganim, blyad”, degan gapidan anglashinicha, u ham o‘zidan yuqori turuvchi rahbarlardan ancha gap eshitgan.

Lekin viloyat va tuman hokimlarining jamoatchilik oldida shaxslarni haqorat qilishi, ularni kamsitishi, ko‘p uchrab turadigan hodisa bo‘lsada, ulardan biror nafari bu uchun muayyan bir jazo olgani haqida xabarlar yo‘q.

O‘zbekistonlik huquqshunos Ruhiddin Komilovning aytishicha, qonunlar ishlamaydigan jamiyatda, amaldorlar jazosiz qolaveradi:

- U prezident bo‘ladimi, hokim bo‘ladimi, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, hech kimning hech kimni haqorat qilishiga haqqi yo‘q. Qonun bunga yo‘l qo‘ymaydi. Haqorat uchun O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 140-moddasi bor. Haqorat qilgan odam javobgarlikka tortilishi shart. Hokimlarning prokuror va militsiya boshliqlariga aytib, buni jazola deyishga ham haqqi yo‘q. Va bu topshiriqni ular ham bajarmasligi kerak, bu uning vakolat doirasiga kirmaydi. Qonun bo‘yicha bunday hokimlar O‘zbekiston JKning 205 - hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddasi bilan javobgarlikka tortilishi kerak”, deydi huquqshunos Ruhiddin Komilov.

Urong‘ich va so‘kong‘ich hokimlar

Ozodlik O‘zbekistondagi viloyat va tuman hokimlarining qo‘l ostidagi xodimlarini kaltaklash va haqorat qilish haqida ilgari ham bir necha marta xabar bergan.

Sayxunobod tuman hokimi tumandagi maktablarning direktorlarini yig‘ib, ularni bir qatorga tergan holda kaltaklagani tasvirlangan video 12 sentabr kuni Inernetda tarqalgan edi.

Joriy yilning 12 aprel kuni Andijon viloyati Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov yig‘ilishda Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Farmonovni haqorat qilib, o‘z xodimlariga kaltaklatgan edi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, haqorati uchun xodimidan javob haqorat eshitgan hokim mulozim hamshaharlarini yordamga chaqirgan.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hokimi Asror Jo‘raev 2016 yilning 19 oktabr kuni ertalab 8-maktabning ma’naviyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 36 yashar Shuhrat Shoymardonovni fermerlarning oldida do‘pposladi. O‘rinbosar xotinining nomida bo‘lgan fermer xo‘jaligi kam paxta topshirgani uchun hokimdan kaltak edi. Voqeaga guvoh fermerlar tuman hokimining so‘kong‘ich va urong‘ich ekanligini aytdi.

O‘tgan yilning 8 iyun kuni Farg‘ona viloyati Furqat tumani fermeri Azizbek Alimatov hokim No‘’monjon Nazirovning qo‘pol va so‘kong‘ich rahbar ekanligidan Ozodlikka shikoyat qilgan edi. Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan va hokimning ovozi deb iddao qilinayotgan telefon suhbatlaridan birida hokim fermerning o‘zini, uning onasini, enasini uyat so‘zlar bilan qattiq haqorat qilgan. Fermer bu audioyozuvni Ozodlik radiosiga taqdim qildi. Hokim fermerni haqorat qilganini tan olib, kechirim so‘radi.

XS
SM
MD
LG