Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:06

Eron - Iroq chegarasidagi zilzilada kamida 328 odam halok bo‘ldi


Eronda 12 noyabr kuni yuz bergan zilzila oqibatlari.
Eronda 12 noyabr kuni yuz bergan zilzila oqibatlari.

Rasmiy Tehronning 13 noyabr kuni bildirishicha, Eronda 12 noyabr kuni yuz bergan zilzilada kamida 328 odam halok bo‘ldi, 2500 nafardan ko‘proq odam jarohatlandi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, zilzila 12 noyabr kuni kech soat 9dan 48 daqiqa o‘tganida Eron bilan Iroq chegarasi atrofidagi hududlarda yuz berdi. 7,3 ball kuchlanishdagi zilzila nafaqat Eron va Iroqda, balki Turkiya va Quvaytda ham sezilgan.

Erondagi zilzilaning kuchi sezilgan mintaqalar.
Erondagi zilzilaning kuchi sezilgan mintaqalar.

“Zilzila Iroq bilan chegaradosh bo‘lgan qator viloyatlarda sezildi... Sakkizta qishloq vayron bo‘ldi... Ayrim qishloqlar elektr ta’minotidan uzilib qoldi. Mazkur hududga qutqaruvchilar jo‘natildi”, deb xabar berdi Eron davlat telekanali.

Tehronning bildirishicha, Eronning Kermanshoh viloyati zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud bo‘ldi. Iroq esa zilzila asosan Kurdiston hududida bilinganini ma’lum qildi. Iroqda zilzila oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi, kamida 320 odam jarohatlandi.

Iroq axborot agentliklari Kurdiston muxtor mintaqasidagi Sulaymoniya shahrida zilzila oqibatlari aks etgan suratlarni e’lon qildi. Mazkur shaharda kamida 50 kishi jarohatlangani aytilmoqda.

AQSh geologiya xizmati zilzila markazi Iroqning Xalabja shahridan 32 kilometr janubi g‘arbda 33,9 kilometr yer ostida bo‘lganini bildirdi. Zilzila kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7,3 ballni tashkil etgan.

Zilzilada halok bo‘lganlarning jasadlari.
Zilzilada halok bo‘lganlarning jasadlari.

Eronning rasmiy IRNA agentligi hukumatga tayangan holda zilzila qurbonlari soni yanada ko‘payishi kutilayotganini bildirdi. Agentlikning yozishicha, zilzila bo‘lgan hududlarda qutqaruvchilar 13 noyabr kuni ish boshlaganlar. Vayron bo‘lgan uylar ostida yana ko‘plab odamlar jasadi topilishi mumkin.

“Vayronalar ostida hamon odamlar qolmoqda. Biz halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni ozroq bo‘lishiga umid qilmoqdamiz. Biroq halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar ro‘yxati hozirgidan ko‘proq bo‘lishi mumkin”, dedi Kemranshoh viloyati hokimi o‘rinbosari Moytaba Nikardor.

Eronda katta vayronagarchiliklar va ko‘p odamlar halok bo‘ladigan zilzilalar vaqti-vaqti bilan yuz berib turadi.

2003 yilda 6,6 balli zilzila oqibatida Eronning tarixiy Bam shahri vayron bo‘lgan va 26 ming odam o‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG