Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:28

Diniy bilim yurtlar qoshida katta yoshlilar uchun "Qur’on kurslari" ochiladi


Namangandagi Mulla qirg‘iz madrasasi
Namangandagi Mulla qirg‘iz madrasasi

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning buyrug‘i bilan diniy bilim yurtlar qoshida pullik o‘quv kurslari ochiladi. Idora raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurga ko‘ra, 11 ta bilim yurtidagi kurslarda 1 dekabrdan 700 dan ortiq odam "Qur’oni karim va tajvid hamda arab tili"ni o‘rganishi mumkin.

Musulmonlar idorasi raisining ​13 noyabr kuni imzolagan 113-sonli buyrug‘idan nusxa Ozodlikka kelib tushdi.

Muftiy Usmonxon Alimov imzolagan hujjat nusxasi
Muftiy Usmonxon Alimov imzolagan hujjat nusxasi

Hujjatda shu yilning 1 dekabridan boshlab, O‘zbekistonda ishlab turgan 11ta diniy ta’lim muassasasi - o‘rta-maxsus ta’lim bosqichiga tenglashtirilgan 9 ta madrasa va oliy ta’lim bosqichiga tenglashtirilgan 1 ta madrasa, 1 ta institut va 1 ta universitet qoshida pullik o‘quv kurslarini ochish belgilangan.

Kurslarda "Qur’oni karim va tajvid hamda arab tili"dan dars beriladi va o‘quv jarayoni 6 oy davom etadi. Kurslarga to‘lov miqdori esa 1 yarim million so‘mdir.

Diniy idora rais o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurga ko‘ra, bu kurslar idoraga yillar davomida aholidan tushgan so‘rovlar asosida tashkil qilingan va ularda, asosan, yoshi kattalar o‘qishi mumkin.

- Hujjatda o‘qishni istaganlarning yoshi ko‘rsatilmagan, ammo bu kurslar yoshi katta kishilar uchun mo‘ljallangan. O‘zi bizga aholidan so‘rovlar tushgan: "Yoshligimizda sharoit bo‘lmagan, diniy ilm olmaganmiz. Endi yoshimiz katta bo‘lib qolgan, madrasalarda o‘qiy olmaymiz. Qaerda Qur’on o‘qishni o‘rgansak bo‘ladi?" degan savollar bo‘lardi. Mana hozir shu ehtiyoj qondirildi, kurslar ochilayapti, - dedi shayx Abdulaziz Mansur.

Quyida shayx Abdulaziz Mansur bilan suhbatni tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:53 0:00
Бевосита линк

Hozir O‘zbekiston Musulmonlar idorasi qoshida Toshkent Islom instituti yoki Oliy Ma’had, Islom universiteti hamda 7 iyunda rasman ochilgan Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi bor.

Bundan tashqari, o‘rta maxsus islom bilim yurtlari - madrasalar soni esa 9 ta: Toshkentda "Ko‘kaldosh", Buxoroda "Mirarab", Andijonda "Sayyid Muhyiddin Maxdum", Namanganda "Mulla Qirg‘iz", Kitobda "Xoja Buxoriy", Urganchda "Faxriddin ar-Roziy", Nukusda "Muhammad al-Beruniy", shuningdek, Toshkentda "Xadichai Kubro", Buxoroda "Jo‘ybori kalon" ayol-qizlar bilim yurtlaridir.

Madrasalarni bitirgan bitiruvchilar ilm darajasiga ko‘ra, imom-xatib, imom, imom noibi yoki otin oyi bo‘lib, yohud turli davlat idoralari, ta’lim muassasalari, Mahalla qo‘mitalaridagi "Ma’naviyat markaz"larida diniy maslahatchi bo‘lib ishlashi mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, respublikadagi diniy ta’lim maskanlarida bilim oladigan jami talabalar soni 250 nafarga yaqindir va yillar davomida buning 32 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan musulmon O‘zbekistonda mavjud ehtiyojni qoplamasligidan tinglovchilar shikoyat qilib keladi.

O‘zbekistonda xususiy tartibda diniy ta’lim berish esa 1998 yilda qayta tahrirda qabul qilingan "Vijdon erkiligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonun bilan taqiqlangan.

Shu bois, xususiy yoki mustaqil tartibda "Qur’on"ni o‘qishni yoki arab tilini o‘rgatish taqiqlangan edi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, endilikda 1 dekabrdan ochiladigan kurslar o‘quvchilarga "faqat o‘zlarining ehtiyoji uchun" - Qur’onni o‘qishni yoki arab tilini o‘rgatadi.

XS
SM
MD
LG