Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:42

Eron-Iroq chegarasidagi zilziladan omon qolganlar ikkinchi kechani ko‘chada o‘tkazdi


Kermonshoh viloyatida yuz bergan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 530 kishiga yetdi. 8 ming kishi jarohatlandi.
Kermonshoh viloyatida yuz bergan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 530 kishiga yetdi. 8 ming kishi jarohatlandi.

Eron-Iroq chegarasida sodir bo‘lgan zilziladan omon qolgan minglab odam 15 noyabrga o‘tar tunni ham, sovuq bo‘lishiga qaramay, qo‘lbola chodirlarda yoki ko‘chalarda o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Uysiz qolganlar oziq-ovqat, suv va hayot uchun muhim bo‘lgan boshqa mahsulotlarga muhtoj ekani bildirildi.

Rasmiylarga ko‘ra, 12 noyabrda Kemranshoh viloyatida yuz bergan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 530 kishiga yetdi. 8 ming kishi jarohatlandi.

Eronda qurbon bo‘lganlar xotirasiga 14 noyabr - motam kuni, deb e’lon qilindi.

Mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy 14 noyabrda tabiiy ofat yuz bergan hududga qilgan tashrifi chog‘ida:

- Men barcha jabrlanganlarni ishontirib aytamanki, hukumat bu muammoni qisqa muddatda hal qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi, -deb aytdi.

Eronda vayronalar ostida qolganlarni qidirish ishlari nihoyasiga yetayotgani xabar qilindi. Hukumatning bildirishicha, qator qishloqlar birato‘la vayron bo‘lgan.

Qizil Oy jamiyatining Erondagi vakolatxonasi zilzila oqibatida 12 mingta uy yo‘q bo‘lganini ma’lum qildi.

Prezidenti Hasan Ruhoniy 14 noyabr kuni Kermanshoh viloyatiga qilgan tashrifi davomida hukumat muammoni tezkorlik bilan hal qilish uchun barcha choralarni ko‘rishini ta’kidladi.

- Men bu yerga xalqimiz fojiaga yo‘liqib, ofatdan aziyat chekayotgan paytda safar qilishni xohlamagan edim. Umid qilamanki, baxtliroq va farovonroq kunlarda botir xalqimizga xizmat qilish uchun bu yerga yana kelaman, - dedi prezident.

Zilzila Iroqning odam oz yashaydigan hududiga yaqin joyda sodir bo‘lgani uchun u yerda qurbonlar soni nisbatan ozroq bo‘ldi. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, zilzila oqibatida 7 iroqlik halok bo‘lgan, 530 dan oshiq odam jarohat olgan.

14 noyabr kuni Iroqning avtonom Kurdiston hukumati bosh vaziri Nechirvan Barzaniy:

- Eron, Kermanshoh va Sapoli-Zahab [shaharlarida] – barcha hududlarda jarohat olganlarga tezroq tuzalib ketishni tilayman, - dedi.

AQSh geologiya xizmati zilzila markazi Iroqning Xalabja shahridan 32 kilometr janubi-g‘arbda 33,9 kilometr yer ostida bo‘lganini bildirdi. Zilzila kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7,3 ballni tashkil etgan.

Tehron universitetining Seysmologiya markazi zilzila 12 noyabr kuni kech soat 9 dan 48 daqiqa o‘tganda sodir bo‘lganini bildirdi.

Zilzila nafaqat Eron va Iroqda, balki Turkiya va Quvaytda ham sezilgan.

Eron davlat televideniesi minglab odam qo‘lbola chodirlarda qolayotgani, ayrimlar ikkinchi kechani ko‘chada o‘tkazganini bildirdi. Hududda asosiy zilziladan keyin 190 ga yaqin yer titrashi kuzatilgan.

14 noyabrda tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, Eron rasmiylari endi tirik qolganlarni topish ehtimoldan yiroq ekanligini aytib, aksar qutqarish amaliyotlarini to‘xtatib qo‘yishgan.

BMT bosh kotibi Antonio Guterresh odamlar halok bo‘lganidan chuqur qayg‘uda ekanligini, BMT yordam berishga tayyor turishini aydi.

Xabarlarga ko‘ra, Eron rasmiylari aholinni jabr ko‘rganlarga qon, oziq-ovqat va suv berishga chorlamoqda.

Mahalliy nashrlar Eron oliy rahbari oyatulluh Ali Xomanaiy hukumat agentliklarini va qutqaruvchilarni jabr ko‘rganlarga yordam berish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirgani xaqida habar qildi.

Eronda katta vayronagarchiliklar va ko‘p odamlar halok bo‘ladigan zilzilalar vaqti-vaqti bilan yuz berib turadi.

2003 yilda 6,6 balli zilzila oqibatida Eronning tarixiy Bam shahri vayron bo‘lgan va 26 ming odam o‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG