Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 22:44

Tovuq uchun bankdan kredit olib, qarzga botgan er o‘z xotinini so‘yib, yoqib yubordi

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Suratning Shovotdagi voqeaga aloqasi yo‘q.

Xorazmning Shovot tumanida 36 yoshli erkak o‘z turmush o‘rtog‘ini qishloq chekkasidagi dalaga olib borib, pichoqlab o‘ldirib, keyin ustiga benzin sepib yoqib yubordi. Voqea 13 noyabr kuni Shovot tumanining Chig‘atoy qal’a qishlog‘ida ro‘y berdi. Uch farzandning otasi bunday vahshiy qotillikka qo‘l urganining asl sababi, hozircha, ma’lum emas.

Marhumning qarindoshlari er-xotin tovuq boqish uchun bankdan kredit olib, qarzga botgani va ro‘zg‘or tebratishga qiynalgan er shunday qotillikka qo‘l urgan bo‘lishini nazardan soqit qilmayapti.

Hozirda Shovot tuman prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 98-moddasi - "Qasddan odam o‘ldirish" bandi bo‘yicha ish ochib, hodisani tergov qilmoqda.

Xorazmning Shovot tumanida yashovchi uch farzandning otasi Sherzod Soporboev o‘z turmush o‘rtog‘i 32 yoshli Nazokat Pirovani vahshiylarcha o‘ldirganlikda gumonlanmoqda.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, xotinini o‘ldirib bo‘lib, uyiga qaytgan er xotini bo‘g‘izlagani va ustiga benzin sepib yoqib yuborganini otasiga aytgan.

Qotillikda gumonlanayotgan Sherzodning otasi Rajabboy aka Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lidan bu so‘zlarni eshitgach, uni o‘z qo‘li bilan tuman militsiyasiga olib borib topshirganini aytdi.

- Shu kuni Sherzod “men ham qutuldim, siz ham qutuldingiz, hozirgina uni o‘ldirdim”, - deb keldi. “Meni tiriklay yerga ko‘mibsan bolam, yur militsiyaga”, deb uni o‘zim tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borib, topshirib keldim. Nimaga bu ishni qilganiga hayronmiz, - dedi qotillikda gumonlanayotgan Sherzod Soporboevning otasi Rajabboy aka.

Qo‘shnilarining Ozodlikka aytishicha, er-xotin o‘rtasida doim janjal bo‘lib turar edi.

Chig‘atoy qal’a qishlog‘i faoli Davlatyor Ismoilov ham buni tasdiqlaydi.

- 4 noyabr kuni kelin Nazokat arazlab onasining uyiga ketib qolgan edi. 9 noyabr kuni biz borib er-xotinni yarashtirishga harakat qildik. “Ikki o‘g‘ling, bir qizing bor”, deb tushuntirishga urindik, foydasi bo‘lmadi. “U er bilan yashamayman", deb turib oldi. Keyin 13 noyabr kuni mana shu voqea bo‘lyapti, - dedi mahalla faoli.

Qotillik qurboni bo‘lgan Nazokat Pirovaning amakisi Odilbek esa, er-xotin o‘rtasidagi janjal ular turmush qurganidan buyon davom etib kelgani, Sherzod Soporboev o‘n yildan buyon xotiniga ozor berib kelganini aytdi.

- Necha marta qaytib kelgan bo‘lsa, shuncha marta o‘zimiz olib borib qo‘shib kelganmiz. Keyin bilsak, o‘n yildan beri qizga faqat ozor berar ekan-da. Eri burnini urib sindirgan paytlari ham bo‘lgan. Bir hafta oldin ham qaytib kelgan edi. Endi biz olib borsak bo‘lmaydi, o‘zlari olib ketishsin, dedik. Kelishdi olib ketgani. Qiz, ya’ni bizning jiyan unamadi. U bilan yashamayman, dedi. Bu er hech qaerda ishlamaydi-da. Bizning qiz tekstil fabrikasida ishlardi. Xotinini kafil qilib, bankdan tovuq boqaman, deb 6 million so‘m kredit ham oldi. Qarzga botdi. Oxiri oila barbod bo‘ldi, - dedi Odilbek.

Bankdan tovuq uchun 6 million qarz

Marhum Nazokat Pirovaning yaqinlari er-xotin orasidagi janjalga oiladagi iqtisodiy muammolar sabab bo‘lganini nazardan soqit qilishmaydi.

Nazokatning yana bir amakisi Saparboy Ozodlik bilan suhbatda qotillik ro‘y berganidan olti oy avval er-xotin "Xalq banki"dan tovuq boqish uchun 6 million so‘mlik imtiyozli kredit olgan.

Sherzod Soporboev o‘zi ishsiz bo‘lgani sababli Shovotdagi tekstil korxonasida ishlaydigan rafiqasini kreditga kafil qilgan.

- Bu er degani hech qaerda ishlamaydi-da. Ustiga -ustak xotinini kafil qilib bankdan kredit olib, qarzga ham botyapti. Hamma muammo yig‘ilib, yig‘ilib mana shu holatga olib keldi, deb o‘ylayapmiz, - dedi Soparboy aka.

Chig‘atoy qal’a qishlog‘i faoli Davlatyor Ismoilov er-xotin bankdan kredit olishganini tasdiqladi, lekin oiladagi iqtisodiy vaziyat vahshiy qotillikka yetaklaydigan darajada bo‘lmaganini aytadi.

- Sherzod tovuq olib boqmoqchiman, shunga bankdan imtiyozli kredit olishga tavsiyanoma bering, deb kelgan edi. Men yozib berganman o‘shanda. Chunki bu bola tovuqni tushunar ekan-da. Oilada qiyinchilik bo‘ladi. Lekin, bu oila mashinasi bor, hamma qatori ro‘zg‘orini tebratib yurgan xo‘jalik edi. Nimaga bunaqa bo‘ldi, to‘g‘risi boshimiz qotib qoldi. Ona o‘ldi, er qamoqda uch bola yetim qolyapti, - dedi Davlatyor Ismoilov.

Shovot tumani prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 98-moddasi - "Qasddan odam o‘ldirish" bandi bo‘yicha ish ochib, hodisani tergov qilmoqda.

So‘nggi ikki oy ichida Ozodlik O‘zbekistonda oilada janjal oqibatida ro‘y bergan kamida to‘rtta qotillik haqida xabar berdi.

O‘tgan oy boshida Surxondaryoning Termiz shahrida uch farzandning onasi qaynoanasi bilan uy-joy ustida talashib, uyiga o‘t qo‘yishi oqibatida 72 yoshli qaynona o‘tda yonib halok bo‘ldi, 9 yashar o‘g‘il kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizildi.

Avgust oyiida esa Farg‘onada 51 yoshli ota mashina ustida talashib, 27 yoshli o‘z o‘g‘lini, ustiga benzin qo‘yib, yoqib yuborgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

5 oktabr kuni Andijon shahrining Dexqonobod mahallasida 59 yashar ota jahl ustida qizi va nevarasini pichoqlab o‘ldirdi va o‘z joniga qasd qildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining "Postda" nashriga ko‘ra, joriy yilning 7 oyi ichida oila-turmush doirasida 105 ta qotillik jinoyati sodir etilgan. Jumladan, 34 ta holatda er xotinining, beshta holatda esa¸ xotin erining joniga qasd qilgan. Boshqa holatlarda qarindoshlar bir-birovining joniga qasd qilgan.

XS
SM
MD
LG