Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:39

Chavaqlangan ayolning onasi qizi dinini o‘zgartirganini rad etdi


Qizi eri tomonidan pichoqlangan Sandiqiz Jaqsibaeva
Qizi eri tomonidan pichoqlangan Sandiqiz Jaqsibaeva

12 noyabr kuni eri tarafidan pichoqlanib reanimatsiyada qolayotgan 31 yashar sayramlik ikki farzand onasi Umida Normetovaning onasi Sandiqiz Jaksiboeva Ozodlik muxbiri bilan suhbatda “kuyovim tuhmatchi” dedi.

Bundan oldin Normetov 31 yashar turmush o‘rtog‘ini xristian diniga kirdi, deya pichoqlaganini iddao qilgan va uning o‘zi WhatsApp orqali hamqishlog‘iga jo‘natgan video 13 noyabr kuni Ozodlikka etib kelgan edi.

Jaksiboevaga ko‘ra qizi kuyovi video iddao qilgani kabi “o‘risning diniga” kirmagan:

- Qizim o‘lim bilan olishar ekan¸ kuyovim Xayrilla Normetov video tarqatib¸ “ayolim o‘risni diniga kirdi” deb tuhmat qilib o‘tiribdi. Qizim Umida nomozini o‘qib¸ ro‘zasini tutadigan musulmon. Qizimni pichoqlaganidan ko‘ra shu tuhmat balosi menga og‘ir botdi¸ deydi Qoratoy tumani Sayram qishlog‘ida yashovchi Sandiqiz Jaksiboeava.

Unga ko‘ra¸ qizi bundan 11 yil oldin turmushga chiqqan bo‘lsa ham kuyovining topish-tupishi yaxshi bo‘lmagani uchun oilada tez-tez janjal chiqqan:

- Ikki farzandi bor¸ ularni yedirish kerak¸ ichirish kerak¸ kiyim -kechak degandek. Hammasi bechora qizimning zimmasida edi. Kuyovim umuman oilasining iqtisodiy ahvolidan xabar olmay qo‘ygan. Voqeadan 4 kun oldin ular bir-biridan ayrim yashashga qaror qilishdi. Qizim ikki bolasini yetalab uyga qaytib keldi. Bunga ko‘nmagan kuyovim erta bilan ishga ketayotgan qizimni avtobus bekatida pichoqlab qochib ketdi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Sandiqiz Jaksiboeva.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Umida Normetovaning qo‘shnilaridan biri Sherzodbek ham xotinini pichoqlagan Normatovning video-iddasi yolg‘on ekanligini aytadi:

- Umida opani yaxshi taniyman¸ bechora 11 yil ichida eridan nuqul kaltak edi. Yaqinda eri urganidan keyin to‘rt oylik homilasini ham tushirdi. Umida opani “o‘risni diniga kirdi” deyish bu g‘irt tuhmat. Besh vaqt nomoz o‘qishini Sayramda hamma biladiku bu ayolni. O‘zi ishlab ikki farzandini boqadi. Erini na biror tayinli ishi bor va na otalik mehri¸ deydi sayramlik yigit.

Bu oilaning yana bir qo‘shnisi Muhtaram opa Ozodlik muxbiriga xotiniga xanjar tiqqan Normatovning aqli joyida emas deb hisoblaydi:

- Videoga chiqib xotinimga pichoq tiqdim deb ham aytadimi? Menimcha uning tomi ketib qolgan¸ deydi qo‘shni ayol.

Xotinini pichoqlagan Xayrilla Normetovning onasi Jamila Normetova mahallay telekanal muxbiri bilan suhbatda “barcha ayb kelin bilan onasida” deydi:

- Uyda sharoit yo‘q¸ uy sovuq¸ u kerak¸ bu kerak deb qaynonasi ham kelinim ham o‘g‘limga kun berishmadi. O‘g‘limni shu ahvolga solgan kelinim va uning onasi¸ deydi Jamila Normetova.

Ayni paytda xotinini pichoqlagan Normetov Qoratoy tuman sudi qaroriga muvofiq ikki oy muddatda hibsda qoladi. Tuman mahkamasi sudyasi Bog‘lon Amiralievning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ ikki oy ichida Normetovning tergovi tugab ishi sudga oshirilishi kerak.

Jinoyat tafsilotlari

Janubiy Qozog‘iston viloyati Qoratoy tumani Sayram qishlog‘ida yashovchi 34 yashar Xayrilla Normetov qotillikka urinishda ayblanib 14 noyabr kuni hibsga olingan edi.

Janubiy Qozog‘iston viloyati Qoratoy tumani ichki ishlar bo‘limidan Ozodlikning qozoq hizmatiga kelgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Normatov o‘z xotinini 12 noyabr kuni pichoqlagan. Viloyati IIB boshlig‘i Ibrohim Jo‘lonov imzolagan hujjatda yuz bergan jinoyatga oid tafsilotlar bor.

“1986 yili tug‘ilgan sayramlik ayol 12 noyabr kuni ertalab soat 09.05 da pichoq jarohati olib Sayram ovuli kasalxonasiga tushdi. Surishtiruv asnosida jabrlanuvchi va eri Xayrilla Normetov orasida janjal chiqqani aniqlandi. Janjal so‘ngida Normetov o‘z xotinining o‘ng ko‘kragiga xanjar tiqib voqea joyini tark qilgan. Operativ amaliyot natijasida Normetov hibsga olindi. Unga nisbatan Qozog‘iston JKP 106-moddasi 1- bandi (Qasddan tan jarohati yetkazish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘aldi.¸” deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Xayrilla Normetov
Xayrilla Normetov

Pichoqlangan ayolning hayoti qutqarildi

Ozodlik muxbiri dushanba kuni Sayram kasalxonasi bilan bog‘lanib¸ eri pichoqlagan ayolning "ko‘p qon yo‘qotgani va ahvoli stabil og‘ir" ekanini aniqlagan edi.

Seshanba kuniga kelib ayolning o‘ng buyragi olib tashlangani ma’lum bo‘ldi. Qoratoy tuman kasalxonasi shifokori jarroh Bavurjon Aspanovning chorshanba kuni Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ Umida Normetovaning hayoti 6 soatlik amaliyot ortidan qutqarib qolingan:

-Sanaviatsiya vositasida markazdan malakali vrachlar yetib keldi va o‘ng ko‘kragi va buyragidan jarohat olib ko‘p qon yo‘qotgan bemorning hayoti qutqarildi. Bugun bemor ko‘zini ochdi. Lekin hanuz u reanimatsiya palatasida¸ degan edi Bavurjon Aspanov chorshanba kuni.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi Asilbek Do‘salining payshanba kuni Ozodlikka bildirishicha¸ Umida Normetovaning ahvoli yaxshilangan va umumiy palataga ko‘chirilgan.

XS
SM
MD
LG