Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:55

Rossiya bir kecha-kunduzda Xavfsizlik Kengashi qarorlariga ikkita veto qo‘ydi


2017 yil aprel oyida isyonchilar qo‘lida bo‘lgan Xon Shayxum shahriga kimyoviy hujum uyushtirildi
2017 yil aprel oyida isyonchilar qo‘lida bo‘lgan Xon Shayxum shahriga kimyoviy hujum uyushtirildi

Rossiya hukumati vakiliga ko‘ra, Shvetsiya bilan Rossiya BMT qarori loyihasini tayyorlagan. Bu hujjat Suriyadagi kimyoviy qurol qo‘llanganini tergov qilishni davom ettirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini yana bir marta ovozga qo‘yishni nazarda tutadi.

TASS axborot agentligi Rossiyaning BMTdagi missiyasi matbuot kotibi Fyodor Strijijovkiyga asoslanib, 18 noyabrda xabar tarqatishicha, nomi zikr etilgan ikkita muvaqqat a’zo-davlat Xavfsizlik Kengashiga (XK) Birlashgan tergov guruhi ishini davom ettirish mo‘ljallangan “murosa kelishuvi” qoralamasini topshirgan.

TASSning BMTdagi kimligini oshkor qilishni istamagan manbaga asoslanib aytishicha, qaror loyihasi 19 noyabr kuni ovozga qo‘yilishi mumkin.

Bir kun oldin Rossiya BMTning tergov guruhi ishini davom ettirish to‘g‘risidagi taklifini veto qo‘yish yo‘li bilan rad etgan edi. Bu Rossiyaning Suriyadagi 2011 yilgi mojaro fuqarolar urushiga aylanib ketgan vaqtdan beri BMTda qo‘llagan 11-vetosi bo‘ldi.

BMT bilan Kimyo qurollarini cheklash tashkilotining qo‘shma tergov guruhi vakolati 17 noyabr kuni yarim kechasi tugadi. Uni bir oyga cho‘zishni Yaponiya taklif qilib chiqdi. Ushbu muddat Rossiya bilan G‘arb davlatlari o‘rtasida tergov yuzasidan murosaga kelishi uchun xizmat qilishi kerak edi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heyli: “Rossiya ushbu vaqtning Xavfsizlik Kengashi va xalqaro hamjamiyat uchun samarali bo‘lishini hozir ham istamaydi, oldin ham istagan emas – bunga anchadan beri gumonimiz bor edi. Rossiyaning 24 soat ichida qo‘ygan ikkinchi vetosi uning Birlashgan tergov mexanizmini saqlab qolish yo‘lida Xavfsizlik Kengashining qolgan a’zolari bilan hamkorlik qilishga umuman qiziqmayotganini ko‘rsatmoqda”, deb fikr bildirdi.

Assoshieyted Press axborot agentligiga ko‘ra, ovoz berishdan oldin Heyli ham, XKning boshqa ko‘pchilik a’zolari ham, Rossiya qarshilik qilayotganiga qaramasdan, mexanizm bo‘yicha qarorni vaqtincha cho‘zish kerakligini aytgan.

Ammo, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xodimi Frans-press aentligiga qarorning amal qilish muddatini 30 kunga cho‘zishning “foydasi yo‘q”ligi, ekspertlar guruhi ishi yuzasidan shoshilinch qaror qabul qilish hojatsiz ekanini aytdi.

Rossiya 16 noyabr kuni AQShning Xavfsizlik Kengashi ma’qullagandan so‘ng Birlashgan tergov guruhi vakolatini bir yilga cho‘zish to‘g‘risidagi taklifiga veto qo‘ydi.

Fransiyaning BMTdagi elchisi Fransua Delatrning fikricha, Rossiyaning vetosi kimyoviy qurollardan foydalanishni taqiqlash borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarga berilgan zarba bo‘ldi.

Heyli 17 noyabr kungi ovoz berishdan oldin Rossiyaning BMTdagi diplomatlarini ushbu masalani o‘zi bilan muhokama qilishdan bosh tortganlikda aybladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Haleyning iddaosini “soxta diplomatiya”, deb atadi.

Rossiya tomoni Birlashgan tergov guruhi ekspertlarining Suriya hukumati kamida 2 marta: 2014 va 2015 yillarda gazsimon xlor ishlatgani, joriy yil aprelida esa Xon Shayxum shahriga havodan hujum vaqtida zarin gazini qo‘llagani haqidagi xulosasini tanqid qilmoqda. Ushbu hujum oqibada kamida 100 kishi qurbon bo‘ldi.

Suriya hukumati kimyoviy qurol ishlatganini rad etib kelmoqda.

Tergov guruhi Islom davlati ekstremistlar guruhi 2015 yili xantal gazi bilan hujum qilaganini ham aniqladi.

Rossiya 16 noyabr kuni AQSh taklifiga veto qo‘ygandan so‘ng Xavfsizlik Kengashi ushbu mamlakatning tergov mexanizmini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarama-qarshi qarori loyihasini o‘tkazmadi. Uni yoqlab, faqat 4 a’zo: Rossiya, Qozog‘iston, Boliviya va Xitoy ovoz berdi, xolos.

Rasmiy Moskva ushbu fuqarolar urushida Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llab kelmoqda. Bundan tashqari, Rossiya 2015 yili hukumat muxoliflariga qarshi havodan hujum uyushtirishni boshlagan.

Bu urush oqibatida yuz minglab kishilar qurbon bo‘ldi, millionlab kishilar esa yashab turgan joyini tashlab ketdi.

XS
SM
MD
LG