Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 22:42

Navoiy viloyatidan Ozodlikka maktub yo‘llagan mushtariy o‘zi yashagan joyda elektr va gaz ta’minotida kuzatilayotgan muammolar haqida kinoya bilan hikoya qiladi.

Maktub juz’iy (orfografik) tuzatishlar bilan e’lon qilinmoqda.

......................................................................................................................

Salom, Ozodlik radiosi. Men sizlarga Navoiy viloyati Xatirchi tumani eski Moskva kolxozidan yozayapman. Bizda hammani bir muammo qiynaydi. Bu - svet aka. Qish fasli yaqinlashib kelishi bilan svet akamiz issiq o‘lkalarga uchib ketib qolyapti.

Biz bu yil boshidan svet akamizga rosa yalindik, “pulini oldinda to‘laganmiz, ko‘p ishlatmaymiz, faqat futbol ko‘rishga biz bilan qoling”, degandik. Ammo mana sovuq kunlar kelishi bilan yana jo‘navordi.

Gaz opamizni ketib qolganiga 5 yil bo‘ldi. Uni rosa qidirib, hatto hidini ham topolmadik. Keyin taqdirga tan berib, tarixdan namuna olib tappi va o‘tin ishlatishga qaror qildik.

O‘tin bilan tappi juda vafodor, bizni tashlab ketmaydi. Endi svet akamizning o‘rniga nima ishlatishga hayronmiz. Tarixga murojat qilsak, “shamchiroq yoqinglar”, deyapti. Lekin shamchiroqda futbol ko‘rib bo‘lmayapdi.

Shuning uchun sizlardan iltimos, shu xatni dunyo olimlariga etkazing. Bizga shamchiroqda ishlaydigan televizor va telefon yaratib bersin. Kolxozimizdagi hamma oilalar o‘sha televizordan sotib oladi, 100 foiz hamma oladi. Olimlarga ham daromad, ham savob.

Qolgan barcha sharoitlar zo‘r. Pensiyalar vaqtida keladi, suv bor, tinchlik-totuvlik bor, erimiz unumdor. Endi juda maqtab yubormay - ko‘z tegib qolmasin.

Kamchiliklar ham bor, arzimasgina. Masalan, yo‘llarimizda ozgina chuqurchalar bor ( har 1 metrda 5 yoki 6 dona ). Maktabimiz sal sovuqroq (+2 yoki -1 gradus). Boshqa hammasi mayda-chuyda narsalar. Mayli, nima bo‘lganda ham muammolar bizniki, o‘zimiz hal qilishimiz kerak, chunki bu erda o‘zimiz yashaymiz.

......................................................................................................................

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Ozodlik bu mulohazalar uchun mas’ul emas.

XS
SM
MD
LG