Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:44

Mirziyoevning tanbehidan keyin o‘quvchi qizlarning bokiraligini tekshirish kuchaydi


Samarqanddagi 2-tug‘ruqxona vrachlari o‘smir qizlarning homilasini noqonuniy tushirish bilan bog‘liq jinoyat ishi figurantlari bo‘lgan edi.
Samarqanddagi 2-tug‘ruqxona vrachlari o‘smir qizlarning homilasini noqonuniy tushirish bilan bog‘liq jinoyat ishi figurantlari bo‘lgan edi.

Samarqand viloyatidagi kollejlar va o‘rta maktablarning yuqori sinf o‘quvchi qizlari ginekolog tekshiruvidan o‘tkazilmoqda. Viloyat hokimligi mulozimlaridan birining ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka bildirishicha¸ bu tadbir o‘quvchi qizlar orasida “erta jinsiy hayotni boshlaganlarni” aniqlash maqsadida o‘tkazilgan. Ozodlik bilan suhbatlashgan kollej o‘quvchisi “tekshiruvninng majburiyligidan” shikoyat qildi. Mamlakatning boshqa viloyatlarida bunday tekshiruv o‘tkazilayotgani to‘g‘risida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

"Qizligini yo‘qotganlar hayotiga qasd qilmasin"

Tadbir davomida “bokiraligini yo‘qotgan va xomilador qizlar aniqlanib, ularning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazildi"¸ dedi Samarqand viloyat hokimligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

Mulozimning aytishicha¸ tekshiruv “bokiraligini yo‘qotgan yoki ikkiqat bo‘lib qolgan qizlarning isnodga chidamay o‘z joniga qasd qilishiga barham berish” maqsadida o‘tkazilmoqda. Suhbatdoshga ko‘ra¸ tekshiruv asnosida ““erta jinsiy hayot” boshlagani aniqlangan o‘smir qizlarning ota-onalari bilan ovoza qilmasdan o‘qituvchi¸ shifokor va ruhshunoslar suhbatlashmoqda:

“Maqsadimiz “erta jinsiy hayot” boshlagan qizlarga¸ bu qiyin pallada ko‘mak berishdir. Zinhor ularni izza qilish¸ barmoq bilan ko‘rsatish niyatimiz yo‘q. Bu qizlar ruhiy depressiyaga tushib o‘z joniga qasd qilmasligini oldini olish uchun amalga oshirilayotgan tadbir bu"¸ deydi mulozim.

Unga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidenti Mirziyoevning Samarqandda o‘z joniga qasd qilgan ayollar soni oshgani yuzasidan bildirgan havotiridan keyin o‘smir qizlarni tekshirish tadbirlari faollashgan.

Prezident Mirziyoev 9 noyabr kuni Samarqand viloyat Xalq deputatlari kengashida qilgan chiqishida¸ viloyatdagi dolzarb muammolar qatorida ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish darajasining yuqoriligicha qolayotganini tilga olib “bu ko‘rsatkich 145 tani tashkil etadi” degan edi.

Ginekologga qarab, shagom marsh!

Samarqand shahrining So‘lim mavzeidagi kollej o‘qituvchilaridan biri ismi aytilmaslik sharti bilan o‘quvchi qizlar ginekolog tekshiruvidan o‘tkazilish manzarasini tasvirlab berdi:

- Erta tug‘ruqqa qarshi bu tadbir viloyat Sog‘liqni saqlash va Xalq ta’limi boshqarmasi tasdiqlagan qat’iy grafik asosida amalga oshirildi. Har bir kollejga kun belgilangan. O‘sha kuni kollejdagi barcha qizlar ginekolog tekshiruviga boradi.Oldin umumiy shaklda kushetkada tekshirishadi. Savol paydo bo‘lgan qizlar "vertolet"ga (ginekologiya kreslosi - tahr.) yotqizilib tekshiriladi. Kresloga chiqqan qizlar uzi (ultra ovozli tibbiy uskuna - tahr) vositasida ham tekshiriladi. Qizlar borishni istamasa ham ixtiyoriy-majburiy tarzda olib boriladi. Chunki o‘sha kuni doktorlar kutib o‘tiradi¸ dedi o‘qituvchi.

"Ta’na qilmaymiz faqat tibbiy maslahat beramiz"

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi reproduktiv salomatlik markazida ishlaydigan vrach Ozodlik bilan suhbatda tekshiruv davomida qizlarga foydali maslahatlar berilayotganini aytib berdi:

-O‘smir qizlar homiladorlik davridayoq turli patologiyalar, jumladan, kamqonlik, kuchli toksikoz, yo‘ldosh yetishmovchiligi, suyaklar tizimida salbiy o‘zgarishlarga yo‘liqadi. Buni tushuntiramiz. 18 yoshgacha tuqqan ayollarning chaqaloqlari orasida uchraydigan o‘lim holatlari 20 yoshdan oshgan ayollarning farzandlariga nisbatan ko‘proq kuzatiladi. Buni ham aytamiz. Takrorlayman, bizning vazifamiz qizlarni izza qilish emas¸ balki ularga tibbiy maslahat berishdir. Afsuski, xalq orasida ginekolog vrachga yomon qizlar boradi, degan salbiy fikr shakllangan, - dedi shifokor.

"Uyatli protsedura"

Samarqanddagi kollej o‘quvchisi Nargiza (ism o‘zgartirilgan) o‘tgan payshanba kuni (16 noyabr) ginekolog qabuliga jamoa bo‘lib borganligini aytib berdi:

- Juda uyaldim. Ma’naviyat bo‘yicha ustoz kirib, barcha qizlarni yetaklab olib chiqqanida orqamizdan o‘g‘il bollar kulib, gap otib qolishdi. Kollejdan bir qizning homilador bo‘lib qolgani o‘sha kungi tekshiruvda ma’lum bo‘ldi. Juma kuni maktabdagi hamma o‘g‘il bolalar bundan habar topib ulguribdi. Ustozlarimiz ham kesatib-kesatib sha’ma qilyapti. Menga qolsa bormasdim o‘sha ginekolog qabuliga,- dedi kollej o‘quvchisi.

Ota-ona uchun mujda

Samarqand hokimligi mulozimining ta’kidicha¸ butun viloyat bo‘ylab tekshiruvlarda o‘ndan ortiq homilador o‘smir qizlar aniqlangan ammo ularning muammosi haqida faqat ota-onasiga habar berilgan:

- Ba’zi qizlar turmushsiz yengil hayotga berilib, homilador bo‘lib qolishgan. Qizlar 15-17 yoshdagi homiladorlikka ongli ravishda tayyor emas. Jamoatchilik izzasi ortidan krizislar ham paydo bo‘ladi. Bu krizisning oldini olish uchun ham faqat ota -onasiga xabar bering, deb tayinlaganmiz. Endi ba’zan ota-onalar baqir -chaqir qilib dardini doston qiladi. Oqibatda qizi yomonotliq bo‘ladi¸ deydi mulozim.

Uning fikricha¸”nikohsiz homilador bo‘lib qolgan qizlar haqida birinchi galda onasiga bor haqiqat aytilishi kerak.”

- Sharoitdan kelib chiqib o‘smir qizni tekshirgan guruh rahbari ota-onasi yoki vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan opasi, yaqin qarindoshiga tushuntirishi kerak. Birinchi talabimiz o‘zboshimchalik bilan abort qildirishga yo‘l qo‘ymaslikdir,- deydi mulozim,- aks holda qiz o‘z joniga qasd qilishi, uydan bosh olib ketishi kabi xunuk oqibat kasb qilishi mumkin.

Ayni mavzu borasida Amerika Ovozi radiosiga suhbat bergan shifokor O‘ktam Muhammad Murod izza qilingan qizlarning “O‘z farzandi qotiliga aylanish ehtimoli kattaligidan “ havotir bildirdi.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra¸ Toshkentdagi Singapur instituti talabasi o‘z farzandini hojatxonaga tashlab ketgani shifokor havotirida asos borligini ko‘rsatadi.

Ozodlik saytida e’lon qilingan maqolalarda Samarqanddagi o‘smirlar orasidagi hudkushlik holatlari o‘zlari istamasdan bo‘yida bo‘lib qolgan qizlar orasida yuz berganligi aytilgan.

Joriy yil iyunida Samarqand viloyat, Toyloq tumanida yashagan qiz nomusi toptalgani bois, o‘z joniga qasd qilgan edi.

2015 yilda Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 93-maktabning 7- sinf o‘quvchisi maktab direktori uni sinfdoshlari orasida izza qilgani ortidan o‘zini o‘ldirgan edi.

XS
SM
MD
LG