Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 09:14

Yoshlar ittifoqiga imtiyoz ustiga imtiyoz berilmoqda. Ular kimga tegadi?

  • Озодлик

Yoshlar ittifoqi prezident Mirziyoevning 2016 yil 30 iyun kuni kamolotchilar bilan uchrashuvida tug‘ildi.

Vazirlar Mahkamasining 14 noyabr kungi qarori bilan Yoshlar ittifoqi fidoyilari tavsiyanoma asosida oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinadigan bo‘ldi; 2018 yil yanvaridan ittifoqning tadbirkor bo‘lishni istagan a’zolariga foizsiz kredit berishni boshlash rejalanmoqda. Ayni paytda¸ prezident tashabbusi bilan tuzilgan Yoshlar ittifoqiga berilayotgan bu imtiyozlar uchun mablag‘ning qaerdan olinishiyu yangi imtiyozlardan kimlar bahramand bo‘lishi hozircha noma’lum qolmoqda.

Uysiziga imtiyozli uy¸ tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lganiga imtiyozli kredit¸ o‘qishga kirmoqchi bo‘lganiga imtihonsiz o‘qishga kirish¸ Toshkentda propiskasi yo‘g‘iga¸ Toshkentdan propiska. Bularning hammasi - tug‘ilganiga hali yarim yil ham to‘lmagan Yoshlar ittifoqi faollari va a’zolariga va’da qilinayotgan imtiyozlardan bir shingili.

30 iyun kuni “kamolotchilar” bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoev “Kamolot”ning O‘zbekiston hayotida yetarli status-nufuzga erisha olmaganini tanqid qilgan va mamlakatda yoshlarning suyanchig‘i bo‘ladigan “mutlaqo yangi” Yoshlar ittifoqi ta’sis qilgan edi. (Rus tilida "Soyuz molodyoji Uzbekistana" yoki SOMOLUz, Sovet davridagi KOMSOMOL ga hamohang)

Rasmiy matbuotga ko‘ra¸ o‘tgan 5 oy ichida Yoshlar ittifoqini hamma hisoblashadigan tashkilotga aylantirishni maqsad qilgan prezident va hukumat ittifoqni kuchaytirish maqsadida kamida 15 ta farmon va qaror qabul qilgan.

Bu qarorlarning so‘nggisi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risidagi” qarori bo‘ldi.

Qarorga ko‘ra¸ Yoshlar ittifoqi “sardorlari¸ ittifoqning boshlang‘ich tashkilotlaridagi yo‘nalish yetakchilari va ittifoq tizimida ikki yillik mehnat stajiga ega fidoyi”lari tavsiyanoma asosida doimiy yashash joyidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga imtihonsiz qabul qilinadi.

Bunday tavsiyanomaga da’vogarlar hujjatlari har yili 1 martdan 25 martgacha qabul qilinadi¸ kimga tavsiyanoma berilishini o‘qishga kirish bo‘yicha davlat komissiyasi hal qiladi.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistondagi ayrim Pedagogika instituti mulozimlari¸ o‘zlarining bu jarayonga daxlsiz ekanliklarini bildirdilar.

Tavsiyanomaga navbat?

Ozodlik Yoshlar ittifoqiga berilayotgan imtiyozlarning kimga¸ qaysi mezonlar asosida berilishi tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi bilan bog‘landi. Kengash vakili tomonidan Yoshlar ittifoqi matbuot xizmatiniki deb berilgan ( 241 02 72) telefon raqamiga kun davomida hech kim javob bermadi.

Ittifoqning tumanlardagi yetakchilaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda hozircha Yoshlar ittifoqiga a’zo jalb etish maqsadida hamma imtiyozli dasturlar bo‘yicha ariza olish jarayoni ketayotgani¸ o‘qishga kirishdagi imtiyoz yangi voqea bo‘lgani bois¸ bu jarayonning hali boshlanmaganini bildirdi.

“Yoshlar ittifoqining bitta tuman kengashida beshta shtat bor¸ qolganlari - maktab-kollejlardagi yetakchilar. Biz hozir mahallama-mahalla yurib¸ yoshlar¸ ayniqsa¸ uyushmagan¸ ishsiz o‘tirgan yoshlarga imtiyozlarni tushuntirib yuribmiz. Qiziqish katta. Yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘laman deganlar ko‘paymoqda¸ ayniqsa¸ ishsizlar orasida ko‘paydi. Sababi¸ biz ishlayman deganga ish topishga¸ tadbirkor bo‘laman deganiga kredit olishga yordam berayapmiz”¸ dedi Ozodlik gaplashgan tuman Yoshlar ittifoqi yetakchilaridan biri.

O‘qishga Yoshlar ittifoqi tavsiyanomasi bilan imtihonsiz kirish endi o‘qiyman¸ degan yoshlarni ham qiziqtirayapti¸ degan bu suhbatdosh¸ hozircha bunday tavsiyanomaning kimlarga berilishini haqida aniq yo‘riqnoma yo‘qligini bildirdi.

“Markaziy kengashda maxsus komissiya bo‘ladi¸ o‘sha yerdagilar arizalarni ko‘rib chiqib¸ loyiq topilganlarga tavsiyanoma beradi”¸ degan Yoshlar ittifoqi yetakchisi¸ bu jarayonning endi Yoshlar ittifoqi boshqaruvida tanish-bilishchilik va korrupsiyani kuchaytirishi haqidagi fikrlarni rad etishga urindi.

“Tavsiyanomaning kimga berilishini hal qiladigan odam Toshkentda o‘tiradi¸ u deylik¸ Qashqadaryodan ariza topshirgan faolni tanimaydi ham. Shuning uchun endi o‘qishga kirish uchun beriladigan Yoshlar ittifoqi tavsiyasi sotilar ekanda¸ degan gaplarda jon yo‘q”¸ dedi tumanlardan biri Yoshlar ittifoqi yetakchisi.

Ayni paytda bu faol Pedagogika institutlari eshigini ochib beruvchi tavsiyanomaga murojaat qiluvchilarning bilim darajasidan ko‘ra¸ ijtimoiy faolligiga ko‘proq qaralishini taxmin qildi.

Yoshlar ittifoqining o‘zi kredit beruvchi tizimga aylanmoqchi

Aytilishicha¸ O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki o‘rtasida ittifoq faollariga imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha memorandum imzolangan va bunday kredit boshlangan.

2018 yil yanvaridan boshlab¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Yoshlar ittifoqining o‘zi a’zolariga mutlaq foizsiz grant-kreditlar ajratishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

“Prezidentimiz Yoshlar ittifoqiga maqsadli foydalanish uchun 30 millirad so‘m ajratdi. Ana shu mablag‘ni ishsiz va kambag‘al yoshlar¸ xususan¸ tadbirkorlik qilib¸ o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlashga bel bog‘lagan ittifoq a’zolariga nol foiz bilan (ya’ni foizsiz) uch yillik grant qilib berish rejasi ishlab chiqilgan. Yanvar oyidan boshlab eng kam ish haqining 100 baravari miqdoridagi shunday grantlar ajratila boshlanadi. Hozir shunga ariza topshirayotganlar ko‘paymoqda”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Yoshlar ittifoqi vakili.

Aytilishicha¸ bunday kredit olish uchun ish-biznes rejasi ishlab chiqishga yordam berishdan¸ to uning maqsadli sarflanishini oyiga ikki martalab nazorat qilish¸ bu biznes rejasining amalga oshishida tug‘iladigan har qanday to‘siqni bekor qilishga qadar – Yoshlar ittifoqi zimmasida bo‘ladi.

Ayni paytda Ozodlik gaplashgan Yoshlar ittifoqi vakili¸ yoshlarni ishsizlik va kambag‘allikdan chiqarish uchun ajratilishi kutilayotgan imtiyozli kreditlarning ham¸ mablag‘ cheklangani bois¸ cheklangan miqdorda bo‘lishi¸ o‘rta hisobda bunday kreditning bir tumanda bir yoki ikkita yoshlar faoliga tegishi mumkinligini e’tirof qildi.

XS
SM
MD
LG