Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:04

OzodMikrofon: "Transgender ayolman, lekin meni besoqolbozlikda ayblashmoqda"


M.E 22 yoshda, Moskvada jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, ayolga aylanmoqchi
M.E 22 yoshda, Moskvada jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, ayolga aylanmoqchi

O‘zini ayol kishi deb biluvchi transgender Toshkent shahar, Yunusobod tuman IIB tergovchilari uning ustidan besoqolbozlik ayblovi bilan jinoyat ishi ochganidan Ozodlikka shikoyat qildi.

22 yashar M.E.ning aytishicha, ichki ishlar xodimlari u va uning 28 yashar yigitini oktabr oyi oxirida Jinoyat kodeksining 120- moddasi (Besoqolbozlik) bo‘yicha ayblab, ishni tuman prokuraturasiga o‘tkazgan.

Biroq, o‘zini ayol deb bilgan M.E. bu ayblovni unga nisbatan "asossiz", deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida besoqolbozlik - "erkakning erkak bilan zo‘rlik ishlatmasdan jinsiy ehtiyojini qondirishi" deb ta’riflangan.

"Erkak kishi emasman"

M.E ichki ishlar xodimlarining e’tiboriga o‘z yigiti ustidan shikoyat qilganidan keyin tushganini aytadi.

"Bir bola bilan tanishdim, yashay boshladim sentabr oyida. O‘n kundan keyin menga qarindoshimdan 300 dollar keldi. U pulni oldi. u ko‘chada meni urib, telefonim va pullarimni o‘g‘irlab ketdi. Keyin men militsiyaga murojaat qildim," deya hikoyasini boshladi M.E.

M.E.ning so‘zlariga ko‘ra, uning J. ismli 28 yashar yigitini ichki ishlar xodimlari qo‘lga olishadi va unga nisbatan "tanaga shikast yetkazish" ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘aydi.

Shu bilan bir vaqtning o‘zida M.E.ning ustidan ham jinoyat ishi ochiladi.

"Tergov paytida meni chaqirib yana bitta ish ochishdi. Tergovchi: "senga va yigitingga 120 statya ochildi," dedi. "Qaysi asosda ish ochayapsizlar?" deb so‘rasam, "bu yigit bilan bo‘lganingizni o‘zingiz aytdingiz," deyishdi. Lekin men tergovchiga "men erkak kishi emasman, transseksualman," dedim.

Biroq, M.E.ning aytishicha, tibbiy ko‘rik uning erkak emasligi to‘g‘risida xulosa chiqargan.

"Lekin, men o‘zimni ayol kishi hisoblayman. O‘shandan keyin men Sog‘liqni saqlash vazirligiga bordim va ular meni tekshiruvga yuborishdi. Komissiya mening gormonlarimni tekshirib, "erkaklikdan hech nima yo‘q, operatsiyaga tayyor," degan xulosaga keldi," deydi M.E.

U o‘z so‘zining isboti sifatida Surxondaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli Jarqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i imzosi bilan bitilgan ma’lumotnomani taqdim etdi.

Shifokor ma’lumotnomasi
Shifokor ma’lumotnomasi

Ma’lumotnomadan M.Ega "transseksualizm" tashhisi qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

Biroq, transgender ichki ishlar xodimlari u taqdim etgan hujjatni inobatga olmay, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishni Yunusobod tuman prokuraturasiga o‘tkazganini aytdi.

Ozodlik muxbirining Yunusobod IIBdan M.E. ilgari surgan iddaolar yuzasidan izoh olish urinishlari hech qanday natija bermadi.

"Erkak bo‘lib tug‘ilganman, lekin..."

Asli termizlik transgender yoshligidan o‘zini ayol hisoblaganini aytadi.

"Erkak bo‘lib tug‘ilganman. Ammo, o‘spirinlik paytimda ko‘kraklarim o‘sa boshladi xuddi qizlarnikiga o‘xshab. Hech qanday tabletkalarsiz, gormonlarsiz ko‘kragim razmeri 2,5ga o‘sdi," deydi M.E.

U oila a’zolari, jumladan otasi va onasi uni ayol hisoblashlarini aytdi.

M.E. kelgusi oylarda Moskvaga borib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazish va to‘la ayolga aylanish niyati borligini bildirdi.

LGBT

O‘zbekiston lesbiyan, gey, biseksual va transgenderlar (LGBT) haqida, odatda, gapirilmaydi. Binobarin, ko‘pchilik ular haqda aniq tasavvurga ega emas.

O‘zbekistonda erkaklar o‘rtasidagi besoqolbozlik hamon jinoyat, deb ko‘riladi va bu uchun uch yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Ammo O‘zbekistonda qonunan lesbiyan ayollar jazolanmaydi.

Xyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkilotining O‘zbekistonga oid 2017 yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda LGBT vakillari “chuqur ildiz otgan gomofobiya va tahqirlashlarga ro‘baro‘ bo‘ladi”.

XS
SM
MD
LG