Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:22

Rossiya Uraldan radioaktiv modda tarqalganini tan oldi, ammo yadroviy halokatni rad etdi


Fransiya yadroviy va radioaktiv xavfsizlik instituti noyabrda ru-106 buluti xaritasini e’lon qilgan edi.
Fransiya yadroviy va radioaktiv xavfsizlik instituti noyabrda ru-106 buluti xaritasini e’lon qilgan edi.

Rossiya metereologik xizmati sentabr oxirida mamlakat janubidagi Ural hududida ruteniy-106 (ru-106) radioaktiv moddasi konsentratsiyasi o‘ta yuqori bo‘lganini tasdiqladi. Ammo xizmat keyinroq o‘z gapiga qarshi chiqib, atrof-muhitni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarni ko‘proq mablag‘ jalb qilish maqsadida yolg‘on tarqatishda aybladi.

Bir necha hafta avval Yevropadagi manbalar tarkibida ru-106 bo‘lgan bulutlar qit’aga yetib borgani haqida xabar tarqatgan edi. Tanqidchilar Rossiya hukumati ushbu masala bo‘yicha uzoq sukut saqlaganini 1986 yil Chernobil halokatidan keyingi holatga qiyosladi.

Fransiya yadroviy xavfsizlik agentligi 9 noyabrda radioaktiv bulutlarning Rossiyaning Ural hududi, yoki Qozog‘istonda joylashgan yadroviy yoqilg‘i tayyorlash muassasasi¸ yoxud radioaktiv tibbiyot markazidan kelganini taxmin qilgan edi. Hozirgacha Qozog‘iston ham, Rossiya ham yadroviy halokat bo‘lganini tan olgani yo‘q.

“Rosgidromet” saytida e’lon qilingan hisobotlardan birida Chelyabinsk viloyatidagi “Argayash” stansiyasining sentabr oxiri, oktabr boshida havodagi ru-106 miqdori normadan 986 marta ko‘p bo‘lganini qayd etgani aytiladi. Hisobotdagi jadvallarning birida bu ko‘rsatkich “o‘ta yuqori kontaminatsiya” o‘laroq baholangan.

Hisobotga ko‘ra, “Novogorniy” kuzatish stansiyasida radioaktiv modda miqdorining avvalgi oyga solishtirilganda 440 barobarga ko‘pligi aniqlangan.

Ammo keyinroq e’lon qilingan hisobotda ru-106 miqdori “o‘ta yuqori” o‘laroq baholanadigan darajada aniqlanmagani ta’kidlanadi.

Aksincha, ushbu hisobotda qalin matn bilan ru-106 konsentratsiyasi joiz ko‘rsatkichlardan “bir necha marta oz” bo‘lgani aytiladi.

Yangi hisobotda yozilishicha, avvalgi nazorat davomida ru-106 darajasi yuqori deb aniqlanishining sababi undan avvalgi oylarda ushbu radiokativ moddaning umuman aniqlanmaganidir.

“Rosgidromet” hatto juda oz miqdordagi radioaktiv izotoplarni aniqlay olayotgani o‘zining nazorat uslublari samarali ekanligidan dalolat berishini aytdi.

Hisobotda, shuningdek, ru-106 ga ko‘proq e’tibor qaratilayotgani odamlar ko‘zida o‘zini muhimroq qilib ko‘rsatishga urinayotgan atrof-muhitni himoya qilish tashkilotlari urinishlari bilan bog‘liq ekanligi aytiladi.

“Argayash” stansiyasi “Mayak” yadroviy inshootidan 30 km masofada joylashgan. Inshoot yadroviy yoqilg‘ini qayta ishlaydi va sanoat va tadqiqotlar uchun radioaktiv material ishlab chiqaradi. “Mayak” rasmiylari ru-106 tarqalishi inshoot faoliyati bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Fransiya yadroviy va radioaktiv xavfsizlik instituti noyabrda ru-106 buluti yadroviy ob’ektdagi nosozlik tufayli sizib chiqqan radiatsiya oqibatida paydo bo‘lganini taxmin qilgan edi.

Ru-106 tabiatda uchramaydi. Bu modda reaktorda atomlar bo‘linganda hosil bo‘ladi va asosan tibbiyotda qo‘llaniladi.

XS
SM
MD
LG