Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:42

O‘zbek ayoli Voronej bozorida ovqat sotib, boshi berk ko‘chaga kirib qoldi


O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan 30 yoshlardagi o‘shlik ayolning Ozodlikka yo‘llagan 42 daqiqali audiohikoyasida uning so‘nggi 4-5 oydagi hayoti aks etgan.

Haydovchi eri avtohalokatga uchrab, yarim jon bo‘lib qolganidan so‘ng, oilaning butun og‘irligini ko‘tarib kelayotgan 4 farzandning onasi taqdirini unikal deyish qiyin: O‘zbekistonning o‘zida ham, chet ellarda, xususan, Rossiyada ham tirikchilikning og‘ir yukini orqalab borayotgan o‘zbek ayollari yuz minglabdir.

Biroq qahramonimizning hikoyasi ana o‘sha - o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yashayotgan yuz minglab o‘zbek ayollaridan biri hayoti haqida tasavvur yaratuvchi yorqin hujjatdirki, uni Siz tinglovchi e’tiboriga havol qilishga qaror qildik.

Ўзбек аёли Воронеж бозорида овқат сотиб, боши берк кўчага кириб қолди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:32 0:00
Бевосита линк

Воронежда яшаётган ўзбек аёлнинг айтганлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:42:34 0:00
Бевосита линк

Aslida, Voronejdan kelgan bu audiohikoya eshittirish uchun mo‘ljallanmagan. U Ozodlik muxbiriga qilingan hasrat, yordam so‘rab yozilgan xat edi.

Ismini ham surishtirmaganimiz ayoldan u jo‘natgan audioni efirdan eshittirishga, saytimizda e’lon qilishga ruxsat oldik.

Whatsapning mikrofonini ochib, gapirishni boshlash oldidan ayol oilasi bilan so‘nggi 8 yildan buyon Rossiyaning Voronejida yashayotgani, turmush o‘rtog‘i 5 yil taksichilik qilgani, o‘tgan yili avariyaga uchrab, nogiron bo‘lib qolgani to‘g‘risida yozdi.

Er, avariyaga uchragach, Voronejda davolanish qimmatga tushishini bilib, oilasini olib O‘zbekistonga ketadi. Ayol erining qaysi viloyatdan ekanligini aytmagan. Biz esa, qo‘shimcha so‘ramadik.

Ayolning aytishicha, ularning O‘zbekistonda uyi yo‘q, eri tug‘ilib o‘sgan uyda ovsini oilasi bilan yashaydi. Shunday bo‘lsada, bir amallab, ovsinning uyiga sig‘ishdi, bir qish chiqarishdi. Lekin qishdan chiqish qiyin bo‘ldi.

- Ko‘mir topsak o‘tin yo‘q, o‘tin topsak, ko‘mir yo‘q. U yoqda qish chiqarish qiyin ekan, pulingiz bo‘lmasa, bir joyda ishlamasangiz, deydi ayol.

Bundan tashqari, qahramonimiz qirg‘izistonlik bo‘lgani, O‘zbekiston fuqaroligiga hanuz qabul qilinmagani uchun qo‘shimcha mushkulliklarniyam boshidan kechirishga majbur bo‘ldi.

- Ishlay desam, Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lganim uchun O‘zbekistonda hech qaerga ishga olishmas ekan. Har 55 kunda O‘zbekistondan chiqib, qaytib kirishga, 5 dollardan to‘lab propiskaga turishga majbur bo‘ldim, nihoyatda qiynalib ketdik, deydi qahramonimiz.

Er biroz o‘ziga kelib qolgach, oila yana Voronejga qaytadi. Qaytguvchilar esa, hammasi bo‘lib 6 kishi: er-xotin va ularning 4 farzandi.

- Qizim 12 ga kirdi. Undan keyingi ikki o‘g‘limga hali sunnat to‘yi qilganimiz yo‘q. Kichigim 2 yoshda, deydi ayol.

Voronejga qaytgach, eri og‘ir ish qilolmaydigan, demakki, pul topolmaydigan bo‘lib qolgan ayol, o‘ylay-o‘ylay, uyda ovqat pishirib, bozorchilarga sotishga qaror qiladi. Avvaliga ishi yurishavermaydi. Ovqatini birov olay demaydi. Lekin, sekin-asta o‘zining mijozlari paydo bo‘ladi. Binobarin, kundalik yumushi ham ko‘payadi.

- Bozorda 30-40 portsiya ovqat sotib, uyga qaytamanu, magazinga chiqib ketaman. 10 kilo sabzi, 5 kilo piyoz olaman. Kartoshka olaman, guruch olaman. Ularni ko‘tarib kelib, ertagalik ovqatlarning masallig‘ini tayyorlayman. Non pishiraman. Salat tayyorlayman. Shu ishlar bilan kechasi 11, 12 bo‘lib ketadi. Ertalab esa, 4, 4,5 larda turaman ovqat pishirishni boshlash uchun, deydi ayol.

Shunday qilib, oila turmushiga biroz fayz kira boshladi, kuniga 1000 rubldan “qora kun”ga tashlab qo‘yish imkoni paydo bo‘ldi...

...va kutilmaganda muammolar boshlandi. Ayolning yo‘liga ta’magir melisa – bozorning uchastkovoyi, keyin esa, uning hamtovoqlari – ovqat sotuvchi puli ko‘p kafelar egalari to‘siq bo‘ldi.

Ayolning Ozodlikka murojaat qilishidan maqsadi - shu muammoni hal qilishga yordam so‘rash edi.

Uning audiohikoyasini diqqat bilan tinglab, Ozodlik muxbiri, to‘g‘risi, qanday yordam berishni o‘ylab, o‘yiga etolmadi. Uchastkovoy bilan bog‘lanib, unga beradigan savolning o‘zi yo‘q: shaklan u o‘z vazifasini bajargan. Ayolning “uchastkovoy zo‘ravonlik qildi” degan iddaosiga esa, asos bo‘luvchi hujjat yo‘q.

O‘ylay-o‘ylay, ayolning hikoyasini, o‘zining ruxsati bilan Siz tinglovchi e’tiboriga havola qilishga qaror qildik.

Balki, unga maslahatni, hatto konkret yordamni Siz berarsiz? Agar yordam bermoqchi bo‘lsangiz, Ozodlik bilan bog‘laning.

XS
SM
MD
LG