Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 12:13

Ko‘chirmakashlik: Farg‘onaning sayyohlik ramzi o‘g‘irlik bo‘lib chiqdi

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Brandson shirkati matbuot xizmati rahbari Ekaterina Dolgixning Ozodlikka aytishicha, Farg‘onaning ramzini (chapda) yaratishda “Charuyushchaya Rossiya” milliy turizm brendidan foydalanilgan.

O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish agentligi Farg‘onaning sayyohlik ramzi plagiat bo‘lib chiqqach, uni o‘zgartirishga qaror qildi. Rossiyaning Brandson brend agentligi O‘zbekiston tomonini Farg‘ona uchun sayyohlik ramzini yaratishda ko‘chirmachilik qilganlikda ayblashi ortidan qo‘mita shunday qarorga kelgan.

Ayni paytda O‘zbekistondagi etakchi partiya sanalgan O‘zLiDePning “O‘zbekiston kelajagi uchun birlashaylik” videoroligi g‘oyasi ham Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘onning “Ak Partiyasi” roligidan o‘g‘irlangani haqidagi iddaolar o‘rtaga chiqqach, uning namoyishi bekor qilingan.

Shu oy boshida Farg‘ona viloyati “Ferghana. Enjoy the Beauty” (“Farg‘ona. Go‘zallikdan bahra ol”) deb nomlangan sayyohlik brendini e’lon qilgan edi.

O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati o‘shanda viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan logotipda “rivojlanayotgan ekoturizm vodiyni o‘rab turgan tog‘lar orqali, gastronomik va agroturistik sohalar - yorqin qizil anor ko‘rinishida, madaniy-ma’rifiy turizm - ko‘k gumbazlar va Farg‘ona do‘ppilaridagi naqshlar orqali tasvirlangan”ini bildirgandi.

Logotipning yumaloq shakli go‘yo rishtonlik ustalarning sopol laganini yodga soladi, undagi ranglar esa, Marg‘ilon ipagi ramzidir.

Lekin, Rossiyaning Brandson brend agentligi O‘zbekiston turizm agentligini Farg‘ona viloyati uchun sayyohlik ramzini yaratishda ko‘chirmachilik qilganlikda ayblab chiqdi.

Brandson shirkati matbuot xizmati rahbari Yekaterina Dolgix Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston tomoni Farg‘ona sayyohlik ramzini yaratishda Rossiyaning “Charuyushchaya Rossiya” milliy turistik brendi g‘oyasi o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

- Yaqinda Farg‘ona sayohlik ramzi e’lon qilingani haqdagi xabarga ko‘zimiz tushdi. Qarasak, biz yaratgan “Charuyushchaya Rossiya” milliy turizm brendining huddi o‘zi. Ranglar o‘zgargan, lekin mayda detallarigacha bizniki. Biz hozir O‘zbekiston tomonidan nimaga Farg‘onaning ramzi biznikiga bu qadar o‘xshash bo‘lib chiqqani haqida tushutirish berishlarini xohlayapmiz, - dedi Yekaterina Dolgix.

O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati esa Ozodlikka bu yuzadan bunday tushuntirish berdi.

- Fag‘onada tanlov o‘tkazilgan edi va muallif ijodiy ishlarni taqdim etish vaqtida, o‘zining original ishi ekanini aytgandi. Hozir bu ramzni tanlash jarayoni yuzasidan taftish o‘tkaziladi. Muallif ustidan sudga shikoyat qilish masalasi ham ko‘rilmoqda. Hozir Farg‘ona logosi bekor qilinib, yangi logo tanlash bo‘yicha yangi tanlov e’lon qilinadi, - dedi O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati mulozimi.

Ko‘chirmachilik janjali markazida qolayotgan faqat O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yoki Farg‘ona hokimiyati emas.

"O‘zLiDeP" Turkiyaning "Ak Partiya"si klipidan nusha olganmi?

O‘zbekistondagi yetakchi partiya sanalgan O‘zbekiston Liberal- Demokratik partiyasi -O‘zLiDeP uchun tayyorlangan videorolik ham Turkiyadagi yetakchi partiyaning roligiga o‘xshash bo‘lib chiqqani uchun uning namoyishi bekor qilingan.

“O‘zLiDeP”ning hali hech qaerda namoyish etilmagan videoroligini Troll.uz Facebook sahifasida Turkiyaning “Ak Partiyasi” roligiga solishtirib, 22 noyabr kuni e’lon qildi.

Klip g‘oyasi ham, kadr ortida o‘qilgan matn ham Turkiyadagi “Ak Partiya” videoroligiga o‘xshashligi ko‘rinib turibdi.

O‘zbek kinoyulduzlari va ulkan massovka jalb etilgan holda O‘zbekistonning bir qancha shaharlarida olingan rolikni Troll.uz ga kim sizdirgani ma’lum emas.

Troll.uz rolik mualliflari undan klipni sahifasidan o‘chirib tashlashni so‘rashgani haqda yozdi.

“Bu videoni olib tashlash talab qilindi. Video mualliflariga ko‘ra, video bir yil avval olingan. Bu to‘liq versiya emas va u tasdiqlanmagan va namoyish ham etilmagan. Buning sabablaridan biri uning turkcha versiyaga o‘xshashligi bo‘lsa kerak. Shu munosabat bilan videoklip "KuchirmaProdakshn" sifatida malakalanmaydi, chunki rasman namoyish etilmagan. Lekin bir necha shaharlarda olingan videoning miqyosiga qarab, unda ishtirok etgan odamlarning vaqti va kuchini o‘ylab o‘chirmadim”, - deb yozdi troll.uz.

Ozodlik plagiat iddaolari yuzasidan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi matbuot xizmatiga bog‘landi.

Partiya mas’ullaridan biri Ozodlikka “biz tomondan bunday klip yaratilgan emas” deb javob qildi.

XS
SM
MD
LG