Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 12:10

Tojikiston janubidagi Xatlon viloyat sudi 21 yashar Firuz Abdulazizovni "ijtimoiy tarmoqlardagi ekstremistik materiallarga "Like" va "Klass" bosgani uchun" 6 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

U joriy yilning avgustida Moskva shahridan Dushanbega qayttgan payti Tojikiston huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi.

Xatlon viloyat sudi mas’ul xodimining Ozodlik radiosiga aytishicha, Firuz Abdulazizov Moskvada yashagan paytida ijtimoiy tarmoqlarga ekstremistik xarakterga ega material, surat va videolarni joylashtirib kelgan.

Sud xodimiga ko‘ra, Abdulazizov “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida ekstremistik materiallarga “Klass” bosib, IShID bayrog‘ini chop etgan va yoshlarni bu terrorchi guruhga qo‘shilishga chaqirgan.

Firuz Abdulazizovning advokati Nusratullo Mirzoev Ozodlik radiosi bilan suhbatda mahkama jarayonida Abdulazizov unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni tan olganini aytdi.

“U ayblovlarni tan oldi. Firuz tanadan kesilgan boshlarni suratini o‘z internet sahifasiga joylashtirgani va ekstremistik amallarni qo‘llab-quvvatlaganiga iqror bo‘ldi”- dedi Nusratullo Mirzoev.

Tojikiston islomiy markazi isbot sifatida keltirilgan materiallar “Islom davlati” ekstremist guruhiga mansub ekani, ularda ekstremizmga chaqiriqlar, diniy va irqiy nafratni qo‘zg‘atish harakatlar mavjudligi haqida xulosa bergan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, 2017 yilda ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik aqidalarni targ‘ib qilgan, ularga sharh yozgan yoki “Layk” qo‘ygan shaxslarga nisbatan o‘nlab jinoy ish ochilgan.

Joriy yilda Tojikiston parlamenti tomonidan “Operativ-qidiruv faoliyati” to'g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, tergov jarayonida internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan materiallarni dalil sifatida foydalanish mumkin.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi sharh va maqolalarga “Layk” va “Klass” qo‘ygan shaxsga ekstremistik aqidalar tarafdori sifatida qaraladi.

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, IShID ekstremist guruhiga qo‘shilgan tojikistonliklarning 90 foizi ijtimoiy tarmoqlardagi targ‘ibotlar ta’siriga tushib Suriya va Iroqqa ketgan.

2015 yildan beri "Islom davlati" ekstremistik guruhi safiga 1141 nafar tojikistonlik qo‘shilgan.

Ulardan 300 ga yaqini Suriya va Iroqdagi janglarda o‘ldirilgan¸ 70 nafari o‘z ixtiyori bilan vatanga qaytgan.

XS
SM
MD
LG