Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 14:10

Qirg‘izistonning 24 noyabrda qasamyodga keltirilgan yangi prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov millatchilikning har qanday ko‘rinishiga toqatsiz munosabatda bo‘lishini bildirdi hamda korrupsiyaga qarshi kurashni keskin kuchaytirishga, barcha sohalarda islohotlarni amalga oshirishga, mamlakatni “biznes uchun jannatga aylantirish”ga va’da berdi. O‘z lavozimini bajarishga kirishgan So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Qirg‘izistonning 5-prezidenti bo‘ldi.

Bishkekdagi “Ala Archa” rezidentsiyasida o‘tgan inaguratsiya marosimida prezidentlik guvohnomasi, ramzi va shtandartini qabul qilib, qasamyod berganidan so‘ng so‘zlagan nutqida So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov o‘zi amalga oshirishni niyat qilgan ishlar haqida ma’lum qildi.

-Bizning davlatimizda milliy va regional mansubligiga qarab odamlarni ajratish bo‘lmasligi shart. Men millatchilik, mahalliychilik va traybalizmning har qanday ko‘rinishlariga toqatsizman, - degan Jeenbekov, ichki siyosatda kuchli iqtisodni yaratish, barcha sohalarda islohotlar o‘tkazish, vatandoshlar farovonligini oshirish yo‘li tanlab olinishini bildirdi.

Jeenbekovga ko‘ra, kuchli davlatni yaratish eng avvalo maorif va ma’rifatga bog‘liqdir. Shuning uchun Jeenbekov maorif sohasi uning prezidentlik davridagi prioritet sohaga aylanishini aytdi.

Jeenbekov hokimiyat shaffofligini ta’minlashda, bu yo‘nalishda birinchi navbatda korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishda davom etishini bildirdi.

Qirg‘izistonning yangi prezidenti tashqi siyosatda Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari asosiy strategik hamkor bo‘lib qolishini, ayni paytda Turkiya va AQSh bilan munosabatlar rejalashtirilgan tarzda davom etishini, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Pokiston, Eron va Arab davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishini aytdi.

Prezident o‘z faoliyatida tanish-bilishchilikka, traybalizmga yo‘l qo‘ymasligini alohida ta’kidladi:

-Iymonli biyda qarindosh yo‘q, qarindoshli biyda iymon yo‘q, degan ota-bobolarimiz so‘zlarini esimizdan chiqarmaylik, -dedi Jeenbekov.

Hokimiyatdan ketayotgan prezident Almazbek Atambaev javob nutqini:

-Hurmatli vatandoshlarim, qirg‘iz elim, shu bilan mening prezidentlik muddatim tugadi, Xudoga shukur, -degan so‘zlar bilan boshladi.

Atambaev yangi prezidentga muvaffaqiyat tilar ekan, Jeenbekovning adolatli rahbar bo‘lishiga, demokratik yo‘ldan og‘ishadigan harakatlarni sodir etmasligiga va qonun ustivorligi ta’minlanishini kafolatlashiga ishonishini aytdi.

Atambaev 6 yillik prezidentlik faoliyati davomida o‘zi rejalashtirgan ayrim ishlarni amalga oshirishga erisha olmaganini ta’kidlar ekan:

-Agar sizlarning umidlaringizni oqlay olmagan bo‘lsam, meni kechiringlar, -deb aytdi va yangi prezidentga oq fotixasini berdi.

So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Asqar Aqaev, Qurmonbek Bakiev, Ro‘za O‘tunbaeva va Almazbek Atambaevdan keyin Qirg‘izistonning 5-prezidenti bo‘ldi. U 15 oktabrda o‘tgan prezident saylovida 11 nomzod orasida saylovchilarning 54 foizdan ko‘prog‘ining ovozini olib, g‘olib bo‘lgan edi.

Hokimiyatni topshirayotgan Almazbek Atambaev 2011 yilning 1 dekabrida prezidentlik lavozimiga kirishgan edi. Qirg‘iziston konstitutsiyasiga muvofiq bir odam faqat bir marta prezident bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, Atambaev 15 oktabrda o‘tgan saylovda ishtirok etmagan.

XS
SM
MD
LG