Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 12:08

Eronda Britaniya va Eron vatandoshi bo‘lgan ayol ustidan yana bir sud ishi boshlanadi

  • Озодлик

Britaniya va Eron vatandoshi Nozanin Zag‘ariy-Ratkliff/

Eron ma’murlari Britaniya va Eron vatandoshi Nozanin Zag‘ariy-Ratkliff ustidan sud mahkamasi sanasini belgiladi. Bu haqda ayolning turmush o‘rtog‘iga tayanib, Guardian gazetasi xabar qildi.

Richard Ratkliffning gazetaga bildirishicha, 10 dekabr kuni sud mahkamasi majlisi bo‘ladi. Nozanin Zag‘ariy-Ratkliff targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullanganlikda ayblanmoqda.

2016 yil aprelida hibsga olingan Zag‘ariy-Ratkliffga milliy xavfsizlikka daxl qilish bilan bog‘liq ayb qo‘yilib, besh yilga kesilgan edi va ayni paytda qamoq jazosini o‘tamoqda.

Unga Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson 1 noyabr kuni mamlakat parlamenti qo‘mitasida bergan bayonotidan so‘ng yangi ayb qo‘yiladi. Jonson Zag‘ariy-Ratkliff Eronda “jurnalistlarni o‘qitish” bilan shug‘ullangan, deb aytdi.

Jonson keyinchalik bergan bayonoti uchun kechirim so‘radi va u noto‘g‘ri bo‘ldi, Zag‘ariy-Ratkliff Eronga faqat qarindoshlarini ko‘rgani borgan edi, dedi.

Ammo 4 noyabr kuni Zag‘ariy-Ratkliff kutilmaganda sud majlisiga olib kelindi hamda Jonsonning bayonotidan ayolga “davlat tuzimiga qarshi targ‘ibot yuritish” degan yangi ayblov e’lon qilish uchun foydalanildi.

Richard Ratkliff, Jonsonning bayonotidan oldin umr yo‘ldoshi qamoqdan ozod etilishi kutilayotgan edi, deb aytdi.

Zag‘ariy-Ratkliffning ish beruvchisi Tomson Reyters jamg‘armasi uning Eronda ishlamaganini ma’lum qildi.

Jonson yaqinda Tehronga safar qilmoqchi va Zag‘ariy-Ratkliff bilan uchrashish niyatida ekanini bildirdi.

XS
SM
MD
LG