Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 15:32

Toshkentda Xorazmdan eshak go‘shti olib kelganlar ushlandi


Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Sharshara” kolbasa sexiga Xorazmdan 69 kilogram eshak go‘shtini olib kelgan ikki shaxs va uni mol go‘shti sifatida rasmiylarshtirgan sex xodimlari ustidan jinoyat ishi ochildi. Toshkent huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, 21 noyabr kuni go‘sht sexida o‘tkazilgan reyd payti Xorazmdan keltirilgan 69 kilogram eshak go‘shti kolbasa tayyorlash uchun mo‘ljallangan sexdagi boshqa sifatsiz go‘shtlarga qo‘shib yuborilganligi aniqlangan.

Toshkent shahar huquq-tartibot organlarida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishicha, Gold Premium Product MChJ shirkatiga qarashli "Sharshara" go‘sht maxsulotlari sexida o‘tkazilgan reyd payti ko‘rinishi va hididan sifatsiz ko‘ringan va shubhali ahvolda saqlangan 275 kilogram go‘sht mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida musodara etilgan.

Kolbasa uchun qiymalashga tayyorlangan go‘sht tekshiruvdan o‘tkazilganida, uchdan bir qismi eshak go‘shti bo‘lib chiqqan.

- Aniqlanishicha, Xorazmdan olib kelingan 69 kilogram eshak go‘shtini bular mol go‘shti sifatida rasmiylashtirib, kolbasaga mo‘ljallangan 200 kilogramga yaqin aynigan go‘shtga qo‘shib qo‘yishgan. Hozir bu bo‘yicha tergov ketyapti, - dedi Toshkent huquq-tartibot organlarida ishlovchi mulozim Ozodlikka.

Musodara etilgan go‘sht Toshkent shahar Sanitariya va epidemiologiya nazorati markazida tekshirilgan.

Markaz xulosasiga ko‘ra, musodara etilgan go‘sht tarkibida eshak go‘shti borligi aniqlangan va iste’molchilar sog‘ligiga xavfli deb topilgan.

Hozirda “Sharshara” go‘sht maxsulotlari ishlab chiqarish sexining ikki xodimi va Xorazmdan 60 kilogram eshak go‘shti olib kelganlikda gumonlanayotgan yana ikki shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 186-moddasi 1- qismi ("Iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish") bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Toshkentdagi “Sharshara” go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga oldin ham eshak go‘shti olib kelingani yoki eshak go‘shtidan kolbasa tayyorlash tizimli yo‘lga qo‘yilgan-qo‘yilmagani ma’lum emas.

Ozodlik “Sharshara” go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi rahbariyatiga bog‘langanida ular tekshiruv davom etayotgani va bu haqda izoh berolmasliklarini aytishdi.

O‘zbekistonda eshak eng arzon uy hayvonlaridan biri hisoblanadi. Bir bosh sara eshakni 150-200 ming so‘mgacha sotib olish mumkin. Binobarin, eshak go‘shti mol go‘shtidan qariyb to‘rt baravar arzonga tushadi.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham eshak go‘shtidan tamaddixonalarda taom pishirilgani va u kolbasalarga qo‘shilgani haqida oldin ham xabarlar berilgan.

O‘tgan yili Samarqand shahri yonidan eshaklar qabristoni topiliganiga oid haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy xabar saytlarida eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG