Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:20

E’tiboringizga "Qoshqayron MFYda yashovchi bir qator fuqarolar nomidan Shoirbek" Ozodlikka yo‘llagan maktubni OzodMaktub ruknida havola qilayapmiz. Xat "Farg‘ona viloyat, Rishton tuman soliq inspeksiyasi xodimlari diqqatiga" nomli maqola e’lon qilingach..." deb boshlangani uchun o‘sha maqola qayerda e’lon qilinganiga qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, muallif tilga olgan maqola "Dunyo o‘zbeklari" saytida e’lon qilingan va quyidagi matn mavzuning davomidir.

Shoirbekning xatini tahrirsiz, imlo va punktuatsiyasini saqlagan holda berayapmiz.

***

Farg‘ona viloyat, Rishton tuman soliq inspeksiyasi xodimlari diqqatiga nomli maqola e’lon qilingach, Rishton tuman soliq inspeksiyasidan ijobiy natija kutganim rost. Ammo mana bir necha kundirki, ulardan sado ham chiqmadi. Aftidan soliqchilarga xalqning dardi kerak emasga o‘xshaydi? Yana bilmadim.

Ayni damda Rishton shahri Qoshqayron MFYdan shahar markaziga qatnovchi haydovchilar benzin narxi oshdi deb yo‘l kira haqini 500 so‘mdan 1000 so‘mga oshirib olishdi. Lekin bu aholi uchun qimmatlik qiladi.Sababi Qoshqayrondan shahar markaziga qadar bo‘lgan yo‘l 2 kmni tashkil etadi xolos. Bu esa aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Yaqinda DSI xodimlaridan biri bilan shu mavzuda suhbatlashdim. Uning gaplarini eshtib hayron qoldim. Uning aytishicha, soliqchilar faqat litsenziyasi bor taksichilarga o‘z gapini o‘tkaza olishar ekan xolos. Litsenziyasiz, davlatga hech qanday pul to‘lamay taksichilik qilayotganlar bilan esa hech kimning ishi yo‘q emish. Qiziq, shunday bo‘lsa, qolgan haydovchilar litsenziya olib nima qiladi? Axir O‘zbekistonda qonun hamma uchun bir xil emasmi?

Qonun haqida gap ketganda, yana bir narsaga oydinlik kiritib o‘tishni lozim deb topdim. O‘zbekistonda taksichilar bilan “Daryotrans” tashkiloti shug‘ullanar ekan. Aholi bir kilometr yo‘l uchun qancha yo‘l kira to‘lashi kerak? Masalan, shahar ichidagi taksilar 2,5 kmgacha bo‘lgan yo‘l uchun 2500-3000 so‘m qilib belgilangan. Undan keyin esa har bir km uchun 500 so‘mdan to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, Rishton shahridan Farg‘ona shahriga qatnovchi taksilarning narxi 5000 (besh ming) so‘m. Rishton-Farg‘ona oralig‘idagi masofa esa 50 kmni tashkil etadi. Haydovchi har 10 km uchun 1000 so‘m olmoqda. Lekin Qoshqayron MFY taksichilari 2 km uchun har bir kishidan 1000 so‘mdan olishmoqda. Bu bir marta borish uchun 4 ming so‘mni tashkil etadi. Qani bu yerda mantiq?

Soddaroq tushuntirishga harakat qilaman. Farg‘onaga qatnovchi taksichilar 50 km yo‘l uchun 20 ming so‘m olishadi. Qoshqayron – Rishton yo‘nalishidagi taksichilar esa, shuncha yo‘l bosib 100 ming so‘m pul topmoqda. Bundan tashqari, bu taksichilar hech qanday soliq to‘lashmaydi. Ularda litsenziya yo‘q. Ammo ularni nazorat qiladigan odam bo‘lmagach, xohlaganini qilishmoqda. Soliq inspeksiyasi chora ko‘rmayapti, qolganlar ham jim. Aslida yo‘l narxini davlat belgilab berishi kerak emasmi, biz tilga olayotgan yo‘nalishdagi taksichilar esa narxni o‘zlari belgilab olishmoqda.

Ularga narxni nega oshirdingiz desangiz, benzin narxi oshdi deb javob beradi. Sizning mashinangiz metan gazda yuradi-ku, desangiz nima bo‘pti deb kulib quyadi.

Axir bunday adolatsizlikning chek-chegarasi bormi? Litsenziyasiz taksichilarni kim nazoratga oladi? Yana bir haqli savol tug‘iladi? Litsenziya olib, davlatga soliq to‘lab taksichilik qilayotgan haydovchilar narxni oshirishsa yoki biror nojuya hatti-harakat qilishsa, darhol ularni jazolashadi. Litsenziya olmay, davlatga hech qanaqa soliq to‘lamay taksichilik qilayotganlarning oshig‘i esa olchi? Ular hoxlaganini qilsa, qonunlarni bir tiyinga ilmasa? Axir bu adolatsizlik emasmi? Bunga kim javob beradi?

Yana takror aytaman: qonun hamma uchun barobar emasmi?

Yuqoridagi holat bo‘yicha, Farg‘ona viloyat DSI, Viloyat prokuraturasi, Viloyat MXX va tegishli idoralar xodimlari tomonidan ijobiy natija kutib qolamiz.

Ehtimol, Rishton tumanidagi mutasaddilarning o‘zlari bu masalaga jiddiy yondoshishar? Yana bilmadim? O‘ylaymizki, bu muammo tez kunlarda o‘z echimini topadi.

Qoshqayron MFYda yashovchi bir qator fuqarolar nomidan Shoirbek

***

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Ozodlik bu mulohazalar uchun mas’ul emas.

XS
SM
MD
LG