Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 12:53

Toshkentdagi "Tinchlik" masjidi imomi hizbchi va ishidchilarga o‘lim jazosi so‘rab chiqdi

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Shermurod Tog‘ay “Ommaviy madaniyat” va “G‘arb tamadduni”ni tanqid qiluvchi o‘gitlari bilan ham tanilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bahsli chiqishlari bilan tanilgan toshkentlik imom Shermurod Tog‘ay O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan “Hizbut-tahrir” va “Islom davlati” ekstremist guruhlari g‘oyalarini yoqlovchilarga o‘lim jazosi qo‘llash kerak, degan taklif bilan chiqdi. Shermurod Tog‘ay Ozodlik bilan suhbatda xalqning tinchligini o‘ylab shunday fikrga kelganini aytdi.

Toshkentdagi “Tinchlik” jome’ masjidi imom-xatibi Shermurod Tog‘ay 28 noyabr kuni Facebookdagi o‘z sahifasida:

"Islom davlatlaridagi kabi jazoni qo‘llash shart. Dinimiz, xalqimiz dushmanlariga yo‘l ochib, taraqqiyotga to‘siq bu kabilarga rahm-shafqat qilinmasligi kerak. Bular tekin turma, tekin ovqat, tekin sharoitga o‘rganib qolishgan, bulardan hech kimga foyda yo‘q” , - deb yozdi.

Shermurod Tog‘ay Ozodlik bilan suhbatda ekstremist g‘oyalarga qo‘shilib, aqidada adashganlarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llash kerak, degan fikrga qanday kelganini shunday tushuntirdi:

- O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilinganligi sababidan ham, shuncha erkinlik berilganidan keyin ham yana shunaqa ish qilishligi, yana turli fitnalarni qilishligi yaxshi emas-da! Mana ko‘rayapmiz, dunyoda nimalar bo‘layapti. Misrda, Sinay orolida masjidni portlatib yuborishayapti. AQShda prezident Tramp ham odamlarni mashina bilan bostirgan odamga o‘lim jazosi berish kerak, deyapti. Xalqning tinchligini o‘ylab¸ biz shunday fikrni bildirdik, kim qanday qabul qiladi, o‘zlari biladi, nima qilishni rahbariyat hal qiladi, - dedi Shermurod Tog‘ay.

Toshkentlik imom bu aytganlari o‘zining shaxsiy fikri ekani, buni bir fatvo sifatida qabul qilmaslik kerakligini ham qo‘shimcha qildi:

- Endi bu aytayotganim, meni fikrim bu. Buni bir fatvo deb qabul qilmaslik kerak. Fatvoni bizda muftiy beradi. Biz shunday fikrni aytdik. Siz fikr bildirmasangiz, u fikr bildirmasa, xohlagan odam xohlaganini qilaversa, u ham bo‘lmaydi. Hozir ko‘rayapsiz, tanqidlar aytilayapti, televizorda. San’at va boshqa sohalar haqida tanqidlar aytilayapti. Bir imom odam fikr bildirib qolsa yoki nimanidir tanqid qilsa, negadir hamma vahimaga tushib ketadi, “imomlar Islom davlati bo‘lishligiga bosh qo‘shayapti, shunga da’vat qilayapti", deb teskari tushunib qolishayapti, - dedi Shermurod Tog‘ay.

Aksar postsovet davlatlari kabi O‘zbekistonda ham "Hizbut-tahrir" faoliyati diniy-ekstremistik tashkilot sifatida rasman taqiqlangan.

O‘zbekistonda terrorchi, diniy-ekstremist tashkilot deb ko‘riladigan bu tashkilotga a’zolikda ayblanganlar uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Mahalliy huquq faollariga ko‘ra, O‘zbekistonda “Hizbut-Tahrir”, “Nurchilar”, “Jihodchilar”, "Islomiy davlat" kabi diniy ekstremist oqimlarida aylanib minglab odam qamoqda jazo o‘tamoqda.

"Hizbut-Tahrir" o‘zining maqsadi butun dunyo bo‘ylab islomiy xalifalikni va islomiy hayot tarzini joriy etish ekanini aytib keladi.

Bu guruh a’zolarini uzoq yillik qamoqqa hukm etish o‘rniga ularga o‘lim jazosi berishni so‘rab chiqqan “Tinchlik” jome’ masjidi imom-xatibi Shermurod Tog‘ay “Ommaviy madaniyat” va “G‘arb tamadduni”ni tanqid qiluvchi o‘gitlari bilan ham tanilgan.

Jumladan, erkaklarning doyalik qilishiga qarshi chiqqan toshkentlik yana bir imom Rahmatulloh Sayfutdinovni tanqid qilgan jurnalistlarni Shermurod Tog‘ay “tuhmatchi”ga chiqargan, o‘zbekistonlik taniqli qo‘shiqchi Munisa Rizayevani esa “hayosiz”, “shahvat qo‘zg‘atuvchi” deya ayblagandi.

XS
SM
MD
LG