Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:18

“Toshkentda “Sharshara” brendi ostidagi kolbasalarga eshak go‘shti qo‘shilgani ehtimoli bilan bog‘liq mojaro bu shirkat egasiga qarshi uyushtirilgan ham iqtisodiy¸ ham siyosiy zarbadir”. Bu iddao bilan “Sharshara” atrofidagi mojaroga bevosita aloqador tadbirkor 27 noyabr kuni Ozodlikka murojaat qildi. Ozodlik bu iddaoni o‘rganishga urindi.

Eshak go‘shti bahona...

Ozodlikka murojaat qilgan “Sharshara” brendi ostida go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaradigan Gold Premium Product MChJga bevosita aloqador tadbirkor¸ 8 noyabr kuni shirkat sexiga uyushtirilgan reydni “iflos siyosat” deb baholadi.

“Bu yerda gap “Sharshara”da eshak go‘shti ishlatilishi yoki ishlatilmasligida emas. Hamma gap, o‘sha “Sharshara”ning egasining o‘z nomzodini Shayxontohur tumani, Ipakchilik okrugidan deputatlikka qo‘yganida. Reyd aslida 08.11.2017 kuni bo‘lib o‘tgan, 21.11.2017 kuni jinoiy ish qo‘zg‘atishdi. Ungacha, Bosh prokuraturadagi Xurshid ismli shaxsga o‘sha Bosh prokuraturadan alohida topshiriq berilib, qanday qilib bo‘lsa ham o‘sha odamni o‘z nomzodini oldirishga majburlaysan¸ deyishgan ekan”¸ deydi Ozodlik bilan shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan voqea tafsilotlariga yaqin tadbirkor.

“Sharshara”ning egasi kim?

Ozodlikka ayon bo‘lishicha¸ Gold Premium Product MChJ egasi Toshkentda mustaqillikdan keyin o‘z biznes tarmog‘ini yaratgan 59 yashar Lutfulla Ubayevdir.

“Bu odam “Davr-bank”ning egasi. Toshkentdagi mashhur “Sharshara” restorani¸ “Nurafshon” restorani¸ “Charog‘on” to‘yxonasi shu odamniki. Otasi provodnik bo‘lgan¸ hamma narsaga o‘z mehnati bilan erishdi bu odam. 1996 yildan beri kolbasa chiqaradi. Hozirgacha panada yurgan odam¸ siyosatga aralashib¸ deputatlikka nomzodini qo‘ydi. Oldinlari ham uning biznesiga qarshi bir-ikki hujum bo‘lgan edi. Bu safargisi¸ ham uning biznesiga¸ ham imijiga qarshi zarbadir”¸ deydi Ozodlik gaplashgan voqeaga bevosita aloqador shaxs.

Bu suhbatdoshning aytishicha¸ 8 noyabr kungi reyddan so‘ng kolbasa sexi ishi to‘xtagan¸ unda ishlab kelgan 30 dan oshiq ishchiga javob berilgan.

“Bu sexda eshak go‘shti bo‘lganmi¸ bo‘lmaganmi¸ kolbasaga eshak go‘shti solinganmi¸ solinmaganmi¸ bunisi muhim emas. Muhimi¸ kolbasa sezoni boshlanganda¸ “Sharshara” brendi yomonotliq qilindi¸ uning egasi obro‘siga putur yetkazildi. Ishning orqasida deputatlikka nomzodini qo‘ygan boshqa boy odam¸ uning orqasidagilar turibdi. Bu maxsus uyushtirilgan harakat bilan bir o‘q bilan ikki quyonni urishdi¸ deydi Ozodlikka bog‘langan “Sharshara”ga yaqin tadbirkor.

Bu suhbatdosh iddaosicha¸ Ubayevga bosim qilishning boshqa yo‘lini topolmagach¸ uning raqiblari "veterinar, SES, GostStandart tashkilotlariga bosim o‘tkazib, yo‘q narsani yozib berasizlar deb, SESni biron-bir joyda asos bo‘la olmaydigan hujjati asosida jinoiy ish qo‘zg‘agan".

Ozodlik hozircha jinoiy ishga asos bo‘lgan bu qarorni ko‘rgani yo‘q.

Ubayevning raqiblari kim?

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovlar 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Toshkent shahar hokimligining saylov shtabi vakili Ozodlik bilan suhbatda 23 sentabrdan 19 noyabrgacha bo‘lib o‘tgan registratsiya jarayonida poytaxtdagi tuman kengashlari deputatligiga 1700 nomzod ro‘yxatga olinganini bildirdi.

“Bu ro‘yxat juda uzun¸ uni hozir sizga birma-bir o‘qib bera olmayman. Ro‘yxat “Toshkent oqshomi”ning oxirgi sonida e’lon qilindi”¸ dedi 27 noyabr kuni Toshkent shahar hokimligi mas’uli.

Lutfulla Ubaev 24 noyabrь kuni rasman e’lon qilingan deputatlikka nomzodlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Lutfulla Ubaev 24 noyabrь kuni rasman e’lon qilingan deputatlikka nomzodlar ro‘yxatiga kiritilgan.

"Toshkent oqshomi" gazetasining 24 noyabr kungi sonida e’lon qilingan "Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati"dan 1958 yilda tug‘ilgan "Davr-bank" xususiy aksiyadorlik tijorat banki Kengash raisi Ubayev Xayrulla Lutfullayevichning O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakili sifatida 26-Ipakchi saylov okrugidan deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingani ko‘riladi.

Saylov hikoyasi eshak go‘shti mojarosidan chiqish yo‘limi?

“Sharshara” go‘sht mahsulotlari sexida eshak go‘shtidan foydalanilgani haqidagi janjalga siyosiy tus berish¸ undan chiqishning usulidek ko‘rinmoqda”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda voqeani bilvosita kuzatayotgan toshkentliklardan biri.

“Eshak janjalini saylovga bog‘lash¸ menga biroz erish tuyulayapti. Lekin Ubayevga qarshi avvallari ham maxsus reydlar uyushtirilgani bor gap. “Sharshara”ni tortib olmoqchi bo‘lib¸ reyderlik hujumlari qilingan edi. Bu reydlarni Gulnora Karimovaga to‘nkashgan edi. Lekin Lutfulla aka u reydlardan eson-omon chiqib olgandi. Kolbasaga eshak go‘shti qo‘shayotgan faqat “Sharshara” bo‘lmasa kerak¸ degan taxmin bor. Shu ma’noda¸ nega aynan bu reyd “Sharshara”ga aynan hozir - uning xo‘jayini deputat bo‘laman deb turganda uyushtirildi¸ bu qiziq savol¸ ammo javobini bilmayman”¸ deydi voqeani kuzatayotgan toshkentlik kuzatuvchilardan biri.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ tuman kengashiga deputatlik maqomining pastligi¸ ularning hokimiyat va xalq oldidagi e’tibori ahamiyatsiz ekanidan kelib chiqib¸ “Sharshara”ga uyushtirilgan reydni 24 dekabr kungi saylovga bog‘lashni “bo‘rttirish” deb baholashini qo‘shib o‘tdi.

O‘q nishonga tegdi. Ubayevning deputatlik da’vosidan voz kechgani aytildi.

Gold Premium Product MChJga qarashli kolbasa sexida o‘tkazilgan reyd natijasida uch mas’ul xodimga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-moddasi 1-qismi - «iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish» sodir etganlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov davom etmoqda.

Bu modda qo‘rqinchli emas¸ shtraf bilan chiqib ketiladi. Lekin bu ishning buyurtmachilari maqsadiga yetdi – “Sharshara”ning bozori kasod bo‘ldi¸ savdo qotib qoldi¸ brend - eshak kolbasachiga chiqarildi. Eng muhimi¸ 27 noyabr kuni Lutfulla Ubayev Shayxontohur tuman xalq deputatlari kengashi deputatligiga nomzodini qaytarib oldi. Ubayev Mirziyoyev kelgandan keyin tadbirkorlarning siyosatga kirish vaqti boshlandi¸ deb o‘ylab xato qildi. Unga joyini ko‘rsatishdi”¸ deydi Ozodlik bilan shaxsi sir qolish sharti bilan muloqot qilgan “Sharshara” sexidagi reyd tafsilotlariga yaqin tadbirkor.

Lutfulla Ubayevga qarashli "Davr-bank"ning Ozodlik bog‘langan vakili¸ Ubayevning Shayxontohur tuman kengashi deputatligiga nomzodi qo‘yilganini tasdiqladi¸ ammo jarayonga oid boshqa tafsilotlar haqida ma’lumot bera olmasligini bildirdi.

O‘zLiDepning Shayxontohur tuman bo‘limi¸ qolaversa¸ Toshkent shahar saylov shtabi vakillari Ubayevning nomzodini qaytarib olgani haqidagi ma’lumotni na tasdiqlash va na inkor qilish vakolatiga ega emasliklarini bildirdilar.

Siyosatga kirgan tadbirkorlar

O‘zbekiston mustaqilligi arafasida va mustaqillikning dastlabki yillarida o‘z biznesida muvaffaqiyatga erishgan ayrim tadbirkorlarning milliy siyosatga aralashishga uringani¸ erkin tadbirkorlik¸ demokratiya va bozor iqtisodini qo‘llab-quvvatlovchi tashabbuslar bilan chiqqani kuzatilgan edi.

Xususan¸ Chinoz neftni qayta ishlash korxonasi rahbari Samandar Qo‘qonov¸ 1989 yili O‘zbekiston Oliy kengashi deputatligiga saylangan edi. Ammo Islom Karimovning asosiy muxolifi bo‘lgan "Erk" demokratik partiyasini qo‘llagan Qo‘qonov¸ 1993 yilning 2 iyul kuni davlatga qarashli katta miqdordagi mol-mulkni talon-taroj qilganlik aybi bilan hibsga olinib¸ 20 yillik qamoqqa hukm etilgan edi.

Xuddi shunday¸ muvaffaqiyatli tadbirkorlikdan siyosiy faollikka o‘tishi bilan¸ 1992 yili O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank - "Rustambank" egasi Rustam Usmonov ham 1998 yil 19 oktabr kuni Andijon viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi hukmiga ko‘ra, tovlamachilik, valyutani noqonuniy olish-sotish kabi moddalarda ayblanib, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Samandar Qo‘qonov 2016 yilning 24 oktabr kuni 24 yillik tutqunlikdan¸ Rustam Usmonov esa¸ 2017 yilning 14 fevralida 19 yillik qamoqdan so‘ng, ozodlikka chiqarildi.

Ikkala tadbirkor-siyosatchi ham Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘nggina ozodlikka chiqarildi.

Ozodlik Lutfulla Ubayevning o‘zi bilan bog‘lanishga urinishlarini davom ettirmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG