Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:21

Farg‘onada 14 yashar o‘quvchi qizning jonsiz tanasi uyi to‘siniga osilgan holda topildi

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi 3- umumta’lim maktabining 8-sinfida o‘qiydigan qizning jonsiz tanasi 28 noyabr kuni o‘z uyining to‘siniga osilgan holda topildi. Ozodlikka voqea guvohlaridan kelgan bu xabarni viloyat huquq-tartibot organlaridan birining voqeadan xabardor mulozimi​ hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri​ tasdiqladi.

Yozyovon tumani markazidagi 3-umumta’lim maktabining 8-sinfida o‘qigan 14 yashar qiz bola o‘quvchi (uning ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum, lekin odob yuzasidan oshkor etilmaydi – tahririyat) 28 noyabr kuni tushdan keyin osilgan holda topilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan marhuma hamqishloqlaridan birining aytishicha, voqea qizning o‘z uyida sodir bo‘lgan:

“Bu qiz bola seshanba kuni taxminan kunduzgi soat to‘rtlarda yashab turgan uyining to‘siniga o‘zini osgan. Bu paytda onasi uyda bo‘lmagan. Dadasi yo‘q, bitta ukasi bor edi”, deydi yozyovonliklardan biri.

Viloyat huquq-tartibot organlaridan birining voqeadan xabardor mulozimi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Bu ish yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103 - (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etyapti, boshqa hech narsa ayta olmayman”, dedi prokuratura mulozimi.

Yozyovon tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Musojon Oxunovning Ozodlikka aytishicha, bemorligi sababli o‘quvchi qiz so‘nggi bir necha kun maktabga kelmagan:

- Hozir surishtiruv davom etyapti, o‘quvchi qizimizning nima sababdan o‘z joniga qasd qilganini bilmayman. Lekin so‘nggi to‘rt kun maktabga kelmagan. Ko‘zi og‘riyotgan ekan. Onasi uning davolanayotgani haqidagi ma’lumotnomani maktabga berib ketgan ekan. Bu tibbiyot ma’lumotnomasini o‘zim ko‘rdim. Maktabda unga nisbatan hech narsa bo‘lmagan. Surishtirilyapti, uch-to‘rt kunda aniq tafsiloti chiqsa kerak, dedi Musojon Oxunov.

Qo‘shariq mahallasi faollaridan birining aytishicha, marhuma kam ta’minlanganlar ro‘yxatida bo‘lgan oilada yashagan:

“Bu qizchaning otasi bundan olti yil avval vafot etgan edi. Bir ukasi bilan u yolg‘iz onasining qaramog‘ida qolgan edi. Mahalla har zamon yordam qilib turardi. Onasi ham qizining o‘z joniga qasd qilganidan shokka tushib qolgan. Hozir mahalla, qo‘shnilar qarashib, dalda bo‘lib turishibdi”, dedi mahalla faoli.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 noyabr kuni Samarqand viloyat Xalq deputatlari kengashida qilgan chiqishida¸ viloyatdagi dolzarb muammolar qatorida ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish darajasining yuqoriligicha qolayotganini tilga olgan edi.

“Bu ko‘rsatkich 145 tani tashkil etadi”¸ degan prezident¸ bu raqamning qaysi davrga oid ekanini ham¸ ayollarni o‘zini o‘ldirishga majburlayotgan omillarni ham aniqlashtirmagan.

Bundan ikki hafta avval Samarqand shahridagi 36- o‘rta maktab o‘quvchisi¸ 11 yashar o‘g‘il bola o‘zini osib o‘ldirgan edi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti​ga ko‘ra, 2010 yilda har 100 ming o‘zbekistonlikdan 7 nafari o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa¸ 2016 yilga kelib¸ bu nisbat har yuz mingdan 9,2 ni tashkil qilgan.​

Bu tashkilotning 2016 yilgi hisobotiga ko‘ra¸ o‘z joniga qasd qilish dunyo bo‘ylab 15-29 yoshdagilar o‘rtasida eng ko‘p uchraydi va keyingi yillarda suitsid 15-19 yoshdagi qizlar o‘rtasidagi o‘limning birinchi sababiga aylangan; o‘zini o‘ldirayotganlarning 80 foizga yaqini kambag‘al ëki o‘rtahol oilalardan.

XS
SM
MD
LG