Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:43

O‘zbek armiyasini boqishni xususiy shirkatlarga topshirish muhokama qilinmoqda


O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarni ovqatlantirishni pudratchi tashkilotlarga topshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Vazirlik mulozimining Ozodlikka aytishicha, harbiy bo‘limlarda oziq-ovqat ta’minoti sifatini yanada yaxshilash, harbiy xizmatchilarni yanada kaloriyali ovqat bilan oziqlantirish va oshxonalar taomnomasini kengaytirish maqsadida shunday tizim joriy etiladi.

O‘zbekistonda harbiy qismlar oziq-ovqat ta’minotining xususiy qo‘llarga qachondan o‘tkazilishi hozircha ma’lum emas.

​30 noyabr kuni Ozodlik gaplashgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mulozimiga ko‘ra, hozirda vazirlik mahalliy hokimliklar bilan bu borada maslahatlashuvlar olib bormoqda:

- Hozir mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda oshxonalarni zamonaviy texnologik jihozlar, yuqori sifatli idish-tovoqlar bilan ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, - dedi o‘zini tanishtirmagan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mulozimi.

Hozirgi paytda armiyani ovqatlantirish Mudofaa vazirligining o‘z zimmasida. Harbiy qismlardagi oshxonalarda Mudofaa vazirligi xodimlari bo‘lgan oshpazlar ishlaydi, navbatchi askarlar ularga yordamchilik qiladi.

- Endi shu ishni yaxshi biladigan xususiy shirkatlar qiladi. Tenderlar asosida pudratchilar tanlab olinadi, - dedi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mulozimi.

Harbiy qismlar oziq-ovqat ta’minotining xususiy qo‘llarga o‘tkazish bilan yemaklar sifat oshishi mumkin¸ ayni paytda davlat budjeti uchun bu qimmatga ham tushishi mumkin, deydi mavzu yuzasidan Ozodlik gaplashgan ayrim kuzatuvchilar.

O‘tgan yili Surxondaryodagi qismlardan birida harbiy xizmatni o‘tab qaytgan Azamat armiyadagi oziq-ovaqt ta’minotining yaxshi emasligini aytadi:

- Ovqatlanishdan tortib yashash sharoitlari ham juda yomon. Yakshanba kunlari bizni siylab palov berar edi, go‘shti yo‘q. Ertalab har kimga 100 gramm saryog‘ berishi kerak, shuni ham yarmini beradi yoki umuman bermaydi. Uydan pul jo‘natishadi, shu pulga ovqat olib yeganmiz, - deydi Azamat.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston qurolli kuchlari safida 65 ming askar-zobit xizmat qiladi.

Dunyo davlatlarining harbiy qudrati bo‘yicha Global Firepower tashkiloti o‘tgan yili e’lon etgan hisobotda O‘zbekiston 106 davlat orasida armiyasi qudrati bo‘yicha 48-o‘ringa, post-sovet o‘lkalari orasida Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi¸ Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘ringa qo‘yilgan.

Bu reyting davlatning umum aholisi¸ harbiy xizmatga layoqatlilar¸ quruqlik¸ havo va dengiz kuchlari soni¸ ular ixtiyorida mavjud harbiy texnika soni¸ yonilg‘i resurslari¸ fuqarolik va harbiy infratuzilma¸ mamlakatning moliyaviy-iqtisodiy imkonlariga qarab tuzilgan.

XS
SM
MD
LG