Линклар

22 январ 2018, Тошкент вақти: 03:45

Mirziyoev pogonini yulgan sobiq vazirning uy qamog‘iga olingani aytilmoqda

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Generallikdan mahrum etilgan sobiq vazir Adham Ahmadboev.

22 dekabr kungi chiqishida prezident Shavkat Mirziyoev¸ joriy yil 4 yanvar kuni ishdan olingan sobiq Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboevni “xiyonat va sotqinlikda” ayblab:

“To‘dalarga qo‘shilgan sotqin ministr" qaerda yuripti¸ bilasan! -

deya Oliy sud raisi Kozimjon Komilov va Oliy hakamlar kengashi raisi Ma’ruf Usmonovga yuzlandi.

Prezident o‘z ma’ruzasida faqat tor doiradagi davlat rahbarlarigagina ma’lum ayrim faktlarni qisman oshkor qilgani ortidan savollar o‘rtacha chiqdi.

Vazirlikdan davlat maslahatchiligiga?

Bu savollardan eng muhimi prezident ta’biriga ko‘ra¸ “to‘dalarga qo‘shilgan sotqin ministr” hozir qaerda? Agar prezident aytganidek¸ “pogoni yulingan” bo‘lsa¸ nega Ichki ishlar vazirining ishdan bo‘shagani haqidagi mahallay nashrlar tarqatgan xabarlarda uning davlat maslahatchisi qilib tayinlangani aytildi?

(Joriy yil yanvarida ishdan bo‘shagan Adham Ahmadboevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinlangani haqida qator mahalliy nashrlar bildirgan edi.)

Mirziëev Ahmadboevni generallik rutbasidan mahrum qilganini o‘zi e’lon qildi.
Mirziëev Ahmadboevni generallik rutbasidan mahrum qilganini o‘zi e’lon qildi.

Bu tayinlovdan bir yil o‘tib joriy prezident o‘z ma’ruzasida general leytenant Ahmadboevning “sotqinligi”ni “fosh qildi”¸ ayni paytda¸ hokimiyat ichida o‘ziga qarshi to‘dalar mavjudligini ham e’tirof etdi.

- Ahmadboevning hamma generallarini qaytib olib¸ qaerda yuripti bilasan. Ministr MVD! Sotqinligi uchun. Xiyonatchiligi uchun! MVDni ministri bunaqa xiyonatchi bo‘lib¸ bir-ikkita to‘daga qo‘shilgani uchun man uni vijdonim qabul qilmadi¸ O‘zbekistonni Ichki ishlar vaziri bo‘lib turib¸ pogonni¸ ikkita generaliniyam tortib oldim. General-leytenant emish - dedi bu haqda qattiq gapirishini o‘zi ham tan olgan prezident.

Ahmadboev qaerda?

O‘zbekiston prezidentining bu ochiqlamasi ortidan Ozodlik sobiq vazir Adham Ahmadboevni yaqindan biladiganlar bilan muloqot qilib¸ uning qaerdaligini surishtirdi.

Bu surishtiruv asnosida uning yaqinlari joriy yil martidan boshlab Adham Ahmadboevning O‘zbekiston IIV akademiyasiga o‘qituvchi qilib yuborilganini bildirdi.

O‘zbekiston IIV akademiyasining o‘zini rektor yordamchisi deya tanishtirgan mulozimi Ozodlik muxbiri bilan 26 dekabr kungi suhbatda Adham Ahmadboevning pensiyaga chiqarilganini aytdi:

- U kishi pensiyaga chiqarildi. Faqat shu ma’lumotni ayta olaman sizga, dedi IIV akademiyasi mulozimi.

Qisqa suhbatdan Ahmadboevning oxirgi ish joyi O‘zbekiston IIV akademiyasi bo‘lgani tushuniladi.

-U kishi davlat maslahachisi lavozimidan keyin bizga o‘qituvchi bo‘lib kelib pensiyaga chiqdi¸ dedi ayni suhbatdosh.

Qochuv yoki uy qamog‘i?

Ahmadboev bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelgan hukumat mulozimlaridan birining 25 dekabr kuni ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka bildirishicha¸ sobiq vazir generallik rutbasidan mahrum qilinib¸ norasmiy uy qamog‘iga olingan.

"Sobiq vazir joriy yil fevralida general unvonidan mahrum qilinib polkovnik darajasiga tushirildi va rasman pensiyaga chiqarildi. Norasman esa harakatlanishi ustidan nazorat o‘rnatilgan. U MXXning sobiq o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida doimiy nazoratda qolmoqda. Ahmadboevning O‘zbekistondan qochib ketgani haqidagi iddaolar asossizdir¸" deb iddao qildi hukumat mulozimi.

Bu ma’lumotni Ozodlik muxbiri gaplashgan sobiq vazirning yaqinlari ham tasdiqladi.

Ularga ko‘ra¸ “Ahmadboev pensiyada jim yurishni ma’qul ko‘rmoqda”.

Bungacha ayrim norasmiy manbalar¸ Ahmadboevning O‘zbekistondan qochib ketganini iddao qilgan va ehtimoliy manzil sifatida Latviya¸ Turkiya va Birlashgan arab amirliklarini tilga olgan edi.

Hozircha Ozodlik ixtiyorida na Ahmadboevning Toshkentda ekani¸ na uning xorijda qochuvda ekanini tasdiqlovchi aniq hujjatlar yo‘q.

Ahmadboev kimni yoki nimani sotdi?

Ozodlikning bu savoliga javob bergan Ahmadboev va hukumatga yaqin mulozim iddaosiga ko‘ra¸ Ahmadboev prezident va uning oilasini MXX raisining hozirda sobiq 1-o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov topshirig‘i asosida kuzatib yurgani uchun Mirziyoev g‘azabiga uchragan.

"Ahmadboev MXX raisining hozirda sobiq o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov topshirig‘iga ko‘ra¸ 2016 yil may oyidan 201 7 yil yanvar oyiga qadar slejka qilgan (kuzatib yurgan) va IIV 7-bo‘limining hozirda sobiq boshlig‘i Alisher Xolmatovga Shavkat Mirziyoevning telefon so‘zlashuvlarini eshitishni topshirgan. Bu narsadan xabar topgan Shavkat Mirziyoev prezident lavozimiga o‘tirganidan roppa-rosa bir oy o‘tib, Ahmadboev va MXX raisining sobiq o‘rinbosari¸ o‘sha paytda general-leytenant rutbasida bo‘lgan Shuhrat G‘ulomovni ishdan bo‘shatdi. Telefon so‘zlashuvlarini amalga oshirgan Alisher Xolmatov ham ishdan olib tashlandi¸" deya iddao qildi o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan suhbatdosh.

Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida keltirilgan tashkiliy tuzilmadan¸ vazirlikning 7-o‘rinda keltirilgan boshqarmasining Axborot texnologiyalari¸ aloqa va axborotni himoyalash deb nomlanganini ko‘rish mumkin. Rasmiy nomidan bu boshqarmaning vazirlikda aynan aloqa sohasi¸ sodda qilib aytganda¸ telefon so‘zlashuvlarini nazorat qilishga mas’ul ekani anglashiladi.

(Bu boshqarma rahbarining kimligiga oid na vazirlik rasmiy sayti va na ochiq manbalardan ma’lumot topilmadi.)

Ahmadboevga yaqin mulozim Ozodlikka taqdim etgan tafsilotlar Mirziyoev nutqidagi “ikkita generaliniyam pogonini tortib oldim” degan jumlaga nisbatan oydinlik kiritadi.

"Pogoni yulingan ikkinchi general Shuhrat G‘ulomov edi¸" deydi bu ikkala generalga yaqin tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda.

Shuhrat G‘ulomov MXX raisining 1-o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgani haqida Ozodlik o‘tgan yil yanvarida xabar bergan edi.

O‘zbekiston prezidentining 22 dekabrdagi nutqidagi g‘azabli xitoblarda “hech kim birovning telefon so‘zlashuvlarini sud qarorisiz eshitishi mumkin emas” degan ta’kid qizil chiziq bo‘lib o‘tadi.

“Har bir tashkilot o‘z ishi bilan shug‘ullansin. Telefondagi muloqotlarni eshitish hech qaysi tashkilotga konstituttsiya tarafidan berilmagan. Men qaror qabul qildim¸ bu huquq endi sudga o‘tadi. Tushungan odam tushunadi. Bu revolyutsiya¸ lekin adolatli revolyutsiya” dedi Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati haqida gapira turib prezident Mirziyoev.

Uchastkavoydan chiqqan vazir

51 yashar general-mayor Adham Ahmadboev 2013 yil 13 dekabrda Bahodir Matlyubov o‘rnida O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri sifatida ish boshlagan edi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 2014 yil 22 avgust kungi farmoniga muvofiq¸ Adham Ahmadboevga general-leytenant unvoni berilgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ 1984 yili o‘z faoliyatini Toshkent shahar Shayxontohur tumanida oddiy uchastka militsioneri lavozimidan boshlagan Ahmadboev 1990-2000 yillar oralig‘ida Toshkent viloyati IIB boshqarmasida tergovchi¸ 2000-2004 yillar oralig‘ida ayni boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari¸ 2004-2006 yillarda esa O‘zbekiston prezidenti devonida mas’ul xodim bo‘lib ishlagan.

XS
SM
MD
LG