Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2018, Тошкент вақти: 10:37

Rossiyaning Voronej viloyat sudi o‘z farzandini 30 ming rus rubliga pullagan o‘zbekistonlik er-xotinni 3 yillik qamoq jazosiga mahkum etdi. Voronej tibbiy muassasalaridan birida qolayotgan 2 yashar boladan tashqari bu muhojirlar oilasining O‘zbekistonda yana ikkita yoshi kattaroq bolasi qolgani ma’lum bo‘ldi.

Voronej viloyat sudiga qarashli Komintern tuman sudi 25 dekabr kungi qarori bilan endi tug‘ilgan o‘z bolasini pullayotganida ushlangan o‘zbekistonlik er-xotinga 3 yillik qamoq jazosi tayinladi.

O‘zbek muhojirlari chaqaloqni 30 ming rublga sotmoqchi ekanligi to‘g‘risida tanishiga aytgan. U esa, o‘z navbatida bu haqda politsiyaga xabar bergan. Shundan so‘ng politsiya xodimi xaridor rolini o‘ynab, er-xotinni bolani sotayotganida qo‘lga olgan edi.

Voronej viloyat sudi matbuot xizmati rahbari Lada Petina Ozodlik bilan suhbatda quyidagilarni qo‘shimcha qildi:

- Er-xotin ikkalovi 3 yildan koloniyada qamoq jazosiga mahkum etildi.O‘zbekistonlik migrantlar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 127.1 moddasi 2 qismi (odam savdosiga urinish) asosida sud mahkamasi tomonidan aybdor deb topildi. Ular keyingi 10 kun ichida sud qarori ustidan arz qilishlari mumkin, dedi Voronej sudi rasmiysi Lada Petina.

Ozodlik muhojir oilasi tomonidan sotuvga qo‘yilgan qizaloqning keyingi taqdiri bilan ham qiziqib ko‘rdi.

Yoshi 4 oydan oshgan bola ancha vaqt Voronej tibbiy muassasida saqlanib, hozirda Bolalar uyiga o‘tkazilgan, deydi Voronej sudi vakilasi Lada Petina:

- Sud materiallaridan ularning O‘zbekistonda yana ikkita bolasi borligi ma’lum. Hozir qizaloq shifoxonadan chiqarildi va Bolalar uyiga jo‘natildi. Vasiylik idorasi xodimlari bilan suhbatdan shuni aniqladimki, ona qamoqxonadan chiqqanidan keyin qizchani onasiga qaytarib berishar ekan. Ammo buni ham sud hal qiladi, menimcha, deya xulosa qildi Lada Petina.

Ismini oshkor etishni istamagan Komintern tuman politsiya bo‘limi xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bola ota-onasiga qaytarib berilmasligiga ishonishini aytib, sudlangan muhojir oilasi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berdi.

39 yashar Mahliyoxon Mo‘minova u bilan birga yashab kelgan 29 yashar Saydullo Mirabdullaev 2017 yilning 10 oktabri, kech soat 10 larda Voronejning Gazovaya ko‘chasida bolani politsiya maxsus bo‘limining operativ xodimlariga 30 ming rublga sotgani to‘g‘risida tilxatga qo‘l qo‘yganidan va qo‘liga pul olganidan keyin hibs etilgan edi.

Ozodlik bu hodisani maxsus yoritgan edi.

Tergovchilar xulosasiga binoan, Mahliyo shu yilning 8 sentabr kuni ijaraga olingan kvartirada tibbiy yordam va ijtimoiy xizmatlar ishtirokisiz qiz tuqqan. U bolaning otasi Saydullo Mirabdulloev bilan Voronejda shar’iy nikohda yashab kelgan, shu sababli chaqaloqqa tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma ham olinmaganini bildirgan.

Tergovchilar bolaning ota-onasi o‘z farzandini sotishga qaror qilganidan so‘ng¸ tanish-bilish orqali “xaridor” izlay boshlaganini sud mahkamasida bildirdi.

Tergovchilar savollariga bergan javoblaridan Rossiyada vaqtinchalik qayd muddati tugayotgani bois¸ bolafurushlikda ayblanayotgan muhojir er-xotin O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgani¸ hujjatsiz chaqaloqni olib chiqib ketish imkoni bo‘lmaganidan¸ uni sotib pulni yo‘l kiraga sarflashni rejalaganini aytgan.

Ismini oshkor qilishni istamagan tergov xodimi Ozodlikka voqeaning biroz boshqaroq sabablari borligini ham bildirdi: 29 yashar Saydullo ayolini boshqa erkakdan homilador bo‘lganlikda gumonlab, bolani o‘ziniki sifatida tan olmasligini aytgan va chaqaloqni sotishga majburlagan.

Bolafurush migrantlar jazoni umumiy rejimdagi koloniyada o‘tashi aytildi.

XS
SM
MD
LG