Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:41

Farg‘ona prokuraturasi "pritonga aylantirilgan" Mehribonlik uyini taftish qilmoqda


Farg‘ona huquq-tartibot idoralari Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyida yetimlarga hukumat va xalqaro tashkilotlar tarafidan ajratilgan hayr-exson pullari talon-taroj qilingani, bolalar uyi tarbiyalanuvchilari jinsiy va jismoniy ekspluatatsiya qilingani yuzasidan tergov boshladi. Ozodlikka Farg‘onadagi bir necha manbadan kelgan bu xabarni viloyat huquq-tartibot organlari tasdiqladi.

Ozodlikning aniqlashicha, bolalar uyining boshlig‘i Kamoliddin Oripov hamda qarovuli qamoqqa olingan. Oripovning ikki muovini, bosh hisobchi va o‘nga yaqin tarbiyachi ishdan olinib, ular ustidan ham jinoyat ishi ochilgan.

Farg‘ona huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Mehribonlik uyi rahbari o‘z tanishlari va qarindoshlarini ishga olish orqali davlat mulki va bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun ajratilgan millionlab so‘m pulni talon-taroj qilganlikda ayblanmoqda.

- Bolalar uyining bir qancha rahbar xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi, (Davlat mulkini talon-taroj qilish) va 205-moddasi (Mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha jinoyat ishi ochildi, - dedi Farg‘ona huquq-tartibot idralarida ishlovchi mulozim.

Bundan tashqari tergovchilar Mehribonlik uyida voyaga yetmagan qizlar fohishalikka jalb etilgani va ulardan jinsiy xizmat ko‘rsatishda foydalanilgani haqidagi da’volarni ham o‘rganmoqda.

- Mehribonlik uyini pritonga aylantirishgan. Yetimlarga deb berilgan millionlab hayr-ehson pullar o‘marilgan. Hozir bu bo‘yicha prokuratura tergov olib bormoqda, - dedi Farg‘ona huquq-tartibot idoralarida ishlovchi mulozim.

Mehribonlik uyi texnik xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda tuman prokuraturasi tergovchilari bolalar uyi tarbiyachilari va tarbiyalanuvchilarini birma-bir so‘roq qilayotgani, ayrimlari ginekolog tekshiruvidan o‘tkazilganini aytdi.

- Bolalar uyini jinsiy xizmat ko‘rsatadigan fohishaxonaga aylantirgan va yosh qizlardan fohisha sifatida foydalangan, deyilyapti. Shuning uchun, qizlar birma-bir so‘roq qilinmoqda. Bokiraligini tekshirish uchun ginekolog tekshiruvidan ham o‘tkazishmoqda, yosh-yosh qizlar bokira chiqmabdi, - dedi Mehribonlik uyi xodimi.

Bolalar uyining qorovuli ham hibsga olingan.

-U Bolalar uyiga kelgan odamlarni boshliqni buyrug‘i bilan kiritib turgan. Hozir u SIZOda, - dedi Mehribonlik uyidagi ahvoldan xabari borligini aytgan marg‘ilonliklardan biri.

Marg‘ilon tuman prokuraturasi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda 1-sonli Mehribonlik uyida taftish o‘tkazilayotgani, ayrim mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi, lekin tergov siri vajidan bu haqda ma’lumot berolmasligini aytdi.

Marg‘ilon Xalq ta’limi bo‘limi ma’sul xodimiga ko‘ra, hozir Mehribonlik uyiga yangi rahbar tayinlangan, yangi tarbiyachilar ishga olingan.

- Hozir u yerdagi ahvolni o‘nglashga harakat qilyapmiz. Yangi direktor tayinlandi. Yangi tarbiyachilarni ishga oldik. Hozir bolalar uyidagi vaziyatni to‘liq nazoratimizga olganmiz, - dedi Marg‘ilon Xalq ta’limi bo‘limi ma’sul xodimi.

O‘zbekiston ta’lim-tarbiya maskanlarida qonunbuzarliklar ilk bor fosh etilayotgani yo‘q.

Shu yilning fevral oyida Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bolalar bog‘chalarida tungi paytlarda qo‘shmachilik va fohishaxona saqlash faoliyati yuritganlik holatlari aks etgan visdeotasvirlarni Ozodlik e’lon qilgan edi.

Боғча: Кундузи қийноқхона, кечаси ишратхона
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:26 0:00

Videolavhada Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bog‘chalarning kechqurunlari fohishaxonaga aylangani aks etgan.

Unda¸ xususan¸ bog‘cha qorovullari bolalar dam oladigan xonani pul evaziga jinsiy xizmat ko‘rsatadigan ayollarga bergani ham ko‘rsatiladi.

Videotasvirlar Ozodlikda e’lon qilingach, bog‘cha rahbarlari lavozimidan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

XS
SM
MD
LG