Линклар

20 январ 2018, Тошкент вақти: 16:22

Moskva viloyatida buxorolik Feruza O‘tkirovadan vasiylik idorasi tomonidan tortib olingan 6 yashar farzand onasiga qaytarib berildi. Politsiya va homiylik idoralarining “o‘zbekistonlik ona o‘z farzandini kaltaklagani” va “temir qafasda saqlagani” borasidagi ayblovlari o‘z isbotini topmadi. Feruza va Ruxshona shu kuniyoq Rossiyani tark etib, O‘zbekistonga jo‘nab ketdi.

28 dekabr kuni Moskva viloyatining Klin shahrida o‘zbek muhojiri farzandining onasidan tortib olingani bilan bog‘liq voqea ijobiy tarzda o‘z nihoyasiga yetdi: ikki oy davomida “Soglasie” bolalar reabilitatsiyasi markazida saqlangan 6 yashar qiz Ruxshona onasi, 40 yoshli buxorolik Feruza O‘tkirovaga qaytarib berildi.

Ozodlik bilan WhatsApp tarmog‘i orqali xabarlashgan Feruza O‘tkirova, oldinroq va’da berganidek, bolani olganidan keyin “Rossiyada bir kun ham qolmasligini” tasdiqladi. Shu kuniyoq ona-bola Rossiya tark etdi.

6 yashar Ruxshonani Klin shahar vasiylik idoralari va politsiyachilaridan qaytarib olishda ko‘plab jamoatchilik faollari, jurnalistlar va O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik xodimlari ishtirok etdi.

Shu yilning 3 noyabrida Moskva viloyatining Klin shahrida o‘zbekistonlik muhojir ayol, 4 farzandning onasi Feruza O‘tkirovaning tashqariga bir o‘zi o‘ynagani chiqib ketgan 6 yashar qizini politsiya xodimlari olib ketgani xabar to‘g‘risida berilgan edi.

6 yashar Ruxshona 55 kun reabilitatsiya markazida bo‘ldi
6 yashar Ruxshona 55 kun reabilitatsiya markazida bo‘ldi

Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha komissiyaning 22 noyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida politsiyachilar “bola tanasida ko‘kargan izlar borligi” va “akasi qizchani temir katakda saqlagani” aniqlangani vaji bilan uni onasiga qaytarib berish nomuvofiq ekanini bildirgan.

Ruxshonaning bolalar markaziga olib ketilganidan 20 kun o‘tib, Klin politsiyasi va homiylik-vasiylik idoralari “bolaning jarohatlari masalasida tibbiy ekspertiza” tayinladi.

Biroq, Feruzaning aytishicha, bolani qaytarib berishda na politsiya va na “Soglasie” markazi tomonidan biror hujjat yo rasmiy qog‘oz taqdim etilgan.

Ona-bola shu kuniyoq Rossiyadan O‘zbekistonga chiqib ketdi
Ona-bola shu kuniyoq Rossiyadan O‘zbekistonga chiqib ketdi

Feruza O‘tkirova ishini yaqindan kuzatib kelgan jurnalist, Bi-Bi-Si O‘zbek xizmatining Moskvadagi muxbiri Sohiba Hayitboeva 22 noyabrda tayinlangan ekspertiza o‘tkazilganiga jiddiy shubha borligini Ozodlikka gapirdi.

- 3 noyabrda bola olib ketilganidan buyon, hech kimga hech qanday hujjat ko‘rsatilgani yo‘q. Protokol, ekspertizasi – yo‘q! Feruza faqat bola uchun yugurib, qatnadi. Bola ushlangani to‘g‘risida protokol ham ko‘rsatishmadi. Komissiyada ham advokat qo‘liga hech narsa berilmadi. Qizcha 55 kun ushlab turilgan bo‘lsa, nima sababdan ushlab turilgani aytilgani yo‘q. Men bunda ikkita sabab ko‘rdim. Birinchisi, qizcha uydan olib ketilgan, ko‘chada ushlanmagan. Qizcha buni onasiga keyinroq aytgan “Men ko‘chaga chiqmagan edim, uydan olib ketilganman!”, degan. O‘sha kuni bolaning kurtkasi turgan javonning ustidagi pul ham yo‘qolgan. “Anovi ikkita ayol pulni oldiku, shunga meni urishasiz deb, aytmagan edim”, degan. Politsiya o‘sha olib ketilgan 10 ming rubldan xavotirda bo‘lib, bolani ancha saqlab turgan. Ikkinchidan, “Soglasie” markaziga bu migrantning bolasi hisobot uchun bitta qog‘oz ko‘paytirib berdi, xolos, dedi Sohiba Hayitboeva.

Muxbirning fikricha, bunday vaziyatning yuzaga kelishida o‘zbekistonlik muhojirlarning o‘zlari ham aybdor.

Sohiba bolali mehnat muhojirlariga Rossiyadagi ayrim davlat idoralari “tuzog‘iga” ilinmaslik uchun hujjat masalasiga katta e’tibor qaratishni tavsiya qildi:

- Iltimos qilaman migrantlardan – hujjatlari joyida bo‘lsin! O‘zlarini o‘ylamasa ham, hech bo‘lmaganda bolasini o‘ylab, hujjatini joyida qilsin. Bizdagi hamma muammo shu hujjatsizlikdan kelib chiqayapti. Birortasi bizdan yordam so‘raganda va biz borganda, yuristlarimizning tili qisilayotgani – ularning hujjatlari joyida emasligi! Rossiyaga kirib keldimi, shu yerda bola tug‘dimi – roddomdan mettrika olsin, qiyin emas. Ko‘pchilik bu erda ZAGSi bo‘lmagani uchun metrika olmaydi. Axir, onani nomiga olish mumkin. Biling – metrikasiz va qaytish sertifikatisiz bolangizni baribir Rossiyadan olib keta olmaysiz, dedi jurnalist Sohiba Hayitboeva.

XS
SM
MD
LG