Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:19

Urganchda 2 farzandning onasi 9 qavatli binodan o‘zini tashlab halok bo‘ldi


Xorazm viloyat, Urganch shahri markazi
Xorazm viloyat, Urganch shahri markazi

Xorazmning Urganch shahridagi ko‘p qavatli turar-joy binosi oldidan 27 yoshli ayolning jasadi topildi. Guvohlar Ozodlik bilan suhbatda ayol 1 yanvar kuni joniga qasd qilib, o‘zini shu binoning 9-qavatidan tashlaganini aytishdi. Ayol nima uchun joniga qasd qilgani ma’lum emas. Urganch shahar ichki ishlar boshqarmasi yuz bergan hodisa yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103-moddasi ("O‘z joniga suiqasd qilish holatiga olib borish") bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Fojia Urganch shahri dehqon bozori yonidagi to‘qqiz qavatli turar-joy binosida, 1 yanvar kuni sodir bo‘lgan.

27 yoshli ayol shu binoning eng yuqori qavatidan qulagan va halok bo‘lgan.

Hozircha bu falokatga nima sabab bo‘lganligi noma’lum.

Hodisaga guvoh bo‘lgan urganchlik yigit Ozodlikka shularni aytdi:

- Kecha (1 yanvar kuni) soat uch yarimlar edi. Ayol turar-joy binosining to‘qqizinchi qavati derazasidan o‘zini tashlaganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Hech kim uni itarib yubormadi. O‘zini o‘ldirish uchun ataylab shu bino tepasiga chiqib, o‘zini tashladi. Pastga to‘qqizinchi qavatdan qulab, birinchi etajdagi pod’ezdning eshigi tepasidagi beton ustunga kallasi bilan tushdi, - dedi urganchlik yigit.

Urganch shahar ichki ishlar boshqarmasi yuz bergan hodisa yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103-moddasi ("O‘z joniga suiqasd qilish holatiga olib borish") bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Viloyat huquq-tartibot organlaridan biri mulozimi Ozodlik bilan suhbatda halokat motivi noma’lum bo‘lib qolayotganini aytdi.

- Ayol nima uchun buni qildi? Nima uchun o‘zini o‘ldirish xolatiga tushgan? Bu bo‘yicha tergov olib borilyapti, - deya gapni qisqa qildi mulozim.

Ozodlik Urganchdagi 9-qavatli binodan tushib halok bo‘lgan ayol ikki farzandning onasi M. F. ekanini aniqladi.

Marhumaning qo‘shnilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda uning eri ikki yil oldin Rossiyaga mardikorlikka ketgani, o‘zi Urganch dehqon bozorida tirikchilik qilib kelganini aytdi.

- Eri Rossiyadan pul jo‘natib turgan. O‘zi ham bozorda sotuvchilik qilgan. 4 va 6 yoshli farzandlari onasiz qoldi. Bilishimizcha, qattiq depressiyaga tushib, yangi yil kuni ichgan. O‘zini o‘ldirish uchun ataylab to‘qqiz qavatli binoni to‘qqizinchi qavatiga chiqqan va o‘zini pod’ezd derazasidan tashlagan. U ayol u domda yashamaydi, uyi aeroport yonida, o‘zini o‘ldirish uchun shu binoga ataylab borgan, - deydi M Fni taniydigan qo‘shnilaridan biri.

Shavkat Mirziyoev: O‘zbekistonda ayollarning o‘z joniga qasd qilishi soatbay oshmoqda

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ayollarning o‘z joniga qasd qilishi ko‘paydi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham dekabr oyida bo‘lgan hukumat majlisida O‘zbekistonda ayollar o‘rtasida suiqasd holatlari soat sayin ortayotgani va kelib tushgan murojaatlarning 70 foizi ayollarga tegishli ekanligini ta’kidlagan edi.

Prezident o‘z chiqishida Xotin-qizlar qo‘mitalari nima ish qilishni bilmayotganini ham qayd etgandi.

- Mana shu tushgan hamma murojaatlarni 70 foizi ayollarimizdan kelib tushyapti. Joylarda ayollarning ahvoli juda og‘ir. Oddiy xotin-qizning ahvoli qishloqda, mahallada og‘ir. Bironta rayon xotin-qizlari qo‘mitalari hali o‘zini ishini bajara olmayapti. Ayollarning joniga qasd qilishi soatbay oshyapti. Qani ayollar qo‘mitasining taklifi. Ular o‘zining taklifini berishi kerak. Nimaga bunday bo‘ldi? Kim aybdor? Ayollar muammosi haqida bong urish kerak!, - degan edi Mirziyoev 22 dekabr kungi chiqishida.

Bundan oldin prezident Mirziyoev mahalliy matbuot bu kabi holatlarni yoritmayotganini tanqid qilgandi.

"Nega birorta maqola o‘qimadim, nega chiqishlar qilinmadi. Men sizlarga har videoselektorda tayyor mavzu aytayapman. Jamoatchilik, mutasaddilar bu mavzularni nashrlarda ko‘tarib chiqmayapti", - degan edi Shavkat Mirziyoev oktabr oyidagi selektor majlisida.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tgan yili e’lon qilgan dunyo mamlakatlaridagi o‘lim holatlariga doir hisobotida O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlari har 100 ming kishiga 9,2 kishi to‘g‘ri kelishi aytilgan.

Ushbu raqam 2010 yildagiga qaraganda qariyb 20 foizga ko‘pdir.

2010 yilda O‘zbekistonda har 100 ming kishidan 7,0 nafari o‘z joniga qasd qilgan.

XS
SM
MD
LG