Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2018, Тошкент вақти: 23:00

Qozog‘istondan O‘zbekistonga mol olib kirish yengillashtirildi (VIDEO)


O‘zbek-qozoq chegarasidagi G‘ishtko‘prik (Chernyaevka) va boshqa nazorat-o‘tkazish punktlari orqali umumiy qiymati 1000 AQSh dollarigacha bo‘lgan o‘z ehtiyoji uchun iste’mol tovarlari 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonga bojsiz olib kirilmoqda.

Chegaradan Qozog‘istonga o‘tib-qaytgan o‘zbekistonliklar Ozodlikka yo‘llagan bu xabarni O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining chegaradagi xodimlari tasdiqlashdi.

Bundan avval qo‘shni davlatlardan O‘zbekistonga bojsiz olib kirish mumkin bo‘lgan tovarlarning umumiy qiymati 10 dollargachagina edi.

Oddiy odamlar og‘zaki tilda hamon "Chernyaevka" deb ataydigan, O‘zbekistonning "G‘ishtko‘prik", Qozog‘istonning esa "Jibek joli" chegara nazorat-o‘tkazish punktlaridan​ ​3 yanvar kuni o‘tib-qaytgan bir necha nafar o‘zbekistonlik Ozodlikka chegaradan mol olib o‘tish erkinlashgani va o‘zbek bojxonachilari "muloyim va xushmuomala" bo‘lib qolganini aytishdi.

- Chernyaevka postida bojxonachilar shunaqa muloyim, ishonging kelmaydi. 1000 dollargacha bo‘lgan molni bemalol o‘tkazishyapti, bojxonachilar ham ortiqcha tekshirmayapti. Bunaqa xolatni birinchi marta ko‘rishim”, - dedi o‘zbekistonlik savdogarlardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Chegaraning Qozog‘iston tomonida joylashgan bozordagi narx-navoning Toshkent shahri va viloyati bozorlaridan 30-40 foiz arzonligi sabab o‘zbekistonliklar bozor-o‘charga Qozog‘istonga borishadi.

G‘ishtko‘prik (Chernyaevka) nazorat-o‘tkazish punktidagi O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi xodimi 1 yanvardan navbatlar yo‘qolgani va 1000 dollargacha bo‘lgan mol bojsiz olib o‘tilayotganini tasdiqladi.

- O‘z extiyoji uchun yog‘, shokolad, kirsovun olib kelishyapti, ularga hech kim indayotgani yo‘q. Lekin, tijorat uchun bo‘lsa yoki ming dollardan oshiqroq bo‘lsa, unda deklaratsiya to‘ldiriladi. Oldin chegaradan o‘tgan bo‘lsangiz to‘polon-ur-yiqit bo‘lardi. Hozir ochered yo‘q. Bemalol o‘tasiz. Ming dollargacha mol uchun deklaratsiya yozmaysiz, ko‘p bo‘lsa yozasiz, - dedi o‘zbekistonlik bojxonachi.

Қозоғистондан Ўзбекистонга 1000 долларгача маҳсулот олиб кириш мумкин
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:50 0:00

Ilgari O‘zbekistonga qaytishda chegarada uzundan-uzun navbatlarga duch kelib, odamlar soatlab tik oyoqda turishga majbur bo‘lishardi.

3 yanvar kuni o‘zbek-qozoq chegarasidagi G‘ishtko‘prik chegara maskanidan o‘tib qaytgan o‘zbekistonlik iqtisodchi Toshbek Ozodlik bilan suhbatda chegarada nazorat yengillashtirilgani O‘zbekiston bozoridagi narx-navoning pasayishiga olib kelishini nazardan soqit qilmasligini aytdi.

- Hozirgina chegaradan o‘tib-qaytdim. Odamlar oziq-ovqat, hatto orgtexnikani deklaratsiyasiz olib o‘tishyapti. Bu holat, ayniqsa, Toshkent bozorlaridagi narx-navoning pasayishiga olib kelishi shubhasiz. Ayniqsa, yangi yil arafasi bozorda yegulik narxi oshib ketdi. Qozog‘iston tomonida oziq-ovqat, orgtexnika 30 foiz, ba’zi narsalar 50 foizga arzon, shuning uchun Toshkent bozorlarida ham narx-navoga ta’siri bo‘ladi, ya’ni arzonlashadi, - deydi Toshbek.

O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan iste’mol tovarlari olib kirish O‘zbekiston prezidentining 2009 yil, 1 iyuldagi 1118-sonli qarori bilan tartibga solinadi.

Ichki iste’mol bozorini himoya qilishni yanada kuchaytirish va jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga iste’mol tovarlarini olib kirishni tartibga solish haqidagi shu qarorda qo‘shni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga bir yo‘la olib kiriladigan import iste’mol tovarlarining boj to‘lovlari olinmaydigan umumiy qiymati 10 AQSh dollaridan oshmasligi kerak.

Hozir bu qarorga o‘zgartish kiritilganmi yoki o‘zbekistonliklar dasturxonini to‘ldirish va narx-navoni tushirish maqsadida Qozog‘istondan mol olib kelishga yaratilgan vaqtinchalik yengillikmi bu?

Bu savolga Ozodlik bugun javob topa olmadi. O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasidagilar Ozodlik muxbiri savoliga aniq javob berolmadi.

O‘zbek-Qozoq chegarasidagi yengillik O‘zbekistonning boshqa qo‘shnilari bilan chegarasida ham joriy etilganmi-yo‘qmi - hozircha noma’lum.

Toshkent chegaradan $10 ko‘p mahsulot olib o‘tishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilmasligi to‘g‘risida Toshkentda 13 dekabr kuni o‘tgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston biznes forumida Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ma’lum qilgan edi.

Adham Ikromov chegaradosh davlatlardan aholining O‘zbekistonga 10 dollardan ortiq mahsulotlar olib kirishiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanadigan bo‘lsa, Qirg‘iziston bilan “chelnok biznesi” rivojlanib ketishini aytgan edi.

“Biz bu miqdorni ko‘paytirishimiz mumkin, biroq Qirg‘iziston bilan munosabatlarimizda chelnok biznesini rivojlantirishni istamaymiz. Bunday biznesdan chegara oldi hududlari faqat zarar ko‘radi. Buni Polsha va Ukraina yoki Rossiyaning Kaliningrad viloyati misolida ko‘rishimiz mumkin. Bu biz ko‘zlagan yo‘l emas”, - degan edi Adham Ikromov Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Artem Novikovning bu masalani ko‘targaniga javoban.

XS
SM
MD
LG