Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2018, Тошкент вақти: 16:52

Yurist: Pensiyaning "ortiqchasini" yoshi 65 ga 1 yanvargacha to‘lganlar qaytarmaydi


Prezident Mirziyoevning 29 dekabrda kuchga kirgan farmonida pensionerlar uchun muhim yangilik bor: yoshi 65 ga 2018 yilning 1 yanvarigacha to‘lgan pensionerlar, agar ularga ortiqcha pensiya to‘langani aniqlangan bo‘lsa, pensiyaning o‘sha ortiqcha qismini bundan buyon davlatga qaytarmaydi. Ayni paytda, hujjatning yana bir joyida pensioner ortiqcha pulni keyingi 3 yil uchungina to‘lashi aytilgan.​

Prezident Mirziyoevning “Mehnat faoliyatini olib borayotgan pensionerlarning ayrim toifalariga qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mohiyatini oddiy o‘quvchi dabdurustdan tushunishi qiyin. Shuning uchun hujjat tilini “oddiy o‘zbekchaga tarjima qilib berishini” Ozodlik O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi huquqshunosi Akmal Akbarovdan iltimos qildi.

Ozodlik: Marhamat qilib, pensionerlarning qaysi qatlami ortiqcha to‘langani aytilayotgan pulni to‘lashdan ozod qilinishini aytib bersangiz?

- Bilsangiz kerak, Pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limlari tomonidan pensionerlarga ortiqcha pensiya to‘lash holatlari mavjud. Bunday holatlar KRU (Nazorat-taftish boshqarmasi – tahr.) tomonidan tekshiruvlar chog‘ida ham aniqlangan. Prezident farmoniga binoan yoshi 65 ga kirgan va bu yoshdan katta pensionerlardan, agar ularga ortiqcha pensiya to‘langani aniqlangan bo‘lsa, o‘sha ortiqcha qismidan voz kechiladi. Ya’ni bu pensionerlar bundan buyon pensiyasidan qaytarmaydi.

Ozodlik: Demak, yoshi 65 ga to‘lmaganlar, agar ularga ortiqcha to‘langani aniqlangan bo‘lsa, o‘sha ortiqcha qismini qaytaraveradi?

- Ha, Prezident farmonida 65 yoshga to‘lgan va undan kattalar nazarda tutilmoqda. Yoshi 65 ga to‘lmaganlar pensiyasidan 10 – 15 foizdan ushlab qolish davom etmoqda. Yoshi 65 ga to‘lgan va undan kattalar pensiyasidan ushlab qolish to‘xtatiladi va voz kechiladi.

Ozodlik: Pensiya ortiqcha to‘langan har qanday pensionerdan yoshi 65 ga to‘lishi bilanoq ortiqchasini chegirib qolish to‘xtatiladimi? Masalan, 2018 yilning martida 65 ga kirsa?

- Yo‘q. Prezident farmoniga binoan ortiqchani ushlab qolish 2018 yil, 1 yanvargacha 65 yoshga to‘lganlargagina tadbiq qilinadi. Yoshi 65 ga 2018 yil, 1 yanvardan keyin to‘ladiganlar, agar ularga ortiqcha pensiya to‘langani aniqlangan bo‘lsa, ortiqchasi pensiyasidan ushlab qolinaveradi.

Ozodlik: Yana bir gap: Farmonda bundan buyon pensioner ortiqcha to‘lab yuborilganini tan olmasa yoki uni qaytarishga rozi bo‘lmasa, mazkur ish sudlarda ko‘rib chiqilishi hamda qarzdorlikni undirish sud qarori asosida amalga oshirilishi aytilayapti. Shuni ham tushuntirib bersangiz?

- Agarda ortiqcha to‘langani aniqlanadigan bo‘lsa, Fuqarolik kodeksining 150- moddasiga binoan ish ko‘riladi. Unda da’vo muddati 3 yil qilib belgilangan. Shu paytgacha KRU 10 yil, 15 yil orqaga qaytib ortiqcha to‘langan pulni hisoblab kelayotgan va pensionerlardan undirib olinayotgan edi. Natijada pensioner davlatga qaytarishi lozim summa katta miqdorda bo‘lib ketayotgan edi. Endilikda esa, Fuqarolik kodeksida belgilab qo‘yilgan 3 yillik da’vo muddati amal qiladi. Agar pensioner shungayam norozi bo‘ladigan bo‘lsa, masala belgilangan tartibda sud orqali hal qilinadi. Shu paytgacha qonunda belgilab qo‘yilgan 3 yillik da’vo muddati qo‘llanilmagan va natijada ba’zi pensionerlar davlatga qaytarishi kerak bo‘lgan pul 10 – 15 million so‘mga yetgan. Muhimi, pensionerga ortiqcha pul to‘langani aniqlansa, u so‘nggi 3 yilda olganinigina, o‘shanda ham o‘zi rozi bo‘lsa qaytaradi. Rozi bo‘lmasa, masalani sud ko‘rib chiqadi.

Ozodlik savollariga Ozodlik O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi huquqshunosi Akmal Akbarov javob berdi.

Qariyb 6 yil oldingi gaplar

Nazorat-taftish bosh boshqarmasining 2010 yil dekabrdan boshlagan surishtiruvi natijasida 150 mlrd.so‘mdan ortiq pensiya noto‘g‘ri to‘langani aniqlangani to‘g‘risida Ozodlik 2012 yilning martida xabar qilgan edi.

O‘sha materialda mana bunday deyilgan:

O‘zbekiston Moliya vazirligi qoshidagi Nazorat-taftish bosh boshqarmasining 2012 yil 1 yanvargacha olib borgan surishtiruvi natijasida aniqlanishicha, respublika Pensiya jamg‘armasi hisobidan 150 milliard 500 million so‘m (qariyb 106 million AQSh dollari) pensionerlarga ortiqcha to‘langan.

Komissiya bergan ma’lumotlarda hozirga qadar mamlakatda mavjud harakatdagi pensiya ishlarining 35 foizi tekshirib chiqilgani aytilgan.


Bu haqda 12.uz nashri bergan xabarga ko‘ra, tekshirilgan pensiya ishlari orasida 73 foizdan ortiqroq qonunbuzarlik pensiyaning qalbaki hujjatlar asosida ortiqcha tayinlanganidan iboratdir.

Respublika Pensiya jamg‘armasining Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan mutasaddisiga ko‘ra, tekshiruv natijasida arxiv hujjatlari va pensionerlar taqdim qilgan hujjatlar orasida kattagina farq aniqlangan.

- Bu, asosan, mustaqillik davrida qalbakilashtirilgan hujjatlar hisobiga bo‘lmoqda. Misol uchun, pensioner 100 so‘m oylik olgani arxiv hujjatlarda ko‘rsatilgan. Lekin, pensiya uchun topshirilgan ma’lumotnomada 200 so‘m qilib ko‘rsatilgan, - dedi Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan Pensiya jamg‘armasi mutasaddisi 2012 yilning martida. Ozodlik o‘sha vaqtda masalani atroflicha o‘rganishga harakat qilgan va maqola yoritgan edi.

XS
SM
MD
LG