Линклар

Шошилинч хабар
04 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:02

MXX qamog‘idagi Abdullaevning onasi Mirziyoevdan o‘g‘lini himoya qilishda yordam so‘radi


Bobomurod Abdullaevning onasi, 69 yoshli Gavharjon Madaminova.
Bobomurod Abdullaevning onasi, 69 yoshli Gavharjon Madaminova.

Qariyb uch oydan buyon Toshkentdagi MXX tergov izolyatorida qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevning onasi, 69 yoshli Gavharjon Madaminova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevdan o‘g‘lini sudda himoya qilishda yordam so‘radi. 5 dekabr kuni Feysbukda e’lon qilgan videomurojaatida Madaminova davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanayotgan o‘g‘li advokatsiz qolayotganini aytdi.

Gavharjon Madaminova prezidentga murojaatida o‘g‘li ustidan tergov jarayoni o‘tgan oy oxirida tugagani, o‘g‘li advokat himoyasiga muxtoj ekanini ta’kidladi.

- O‘g‘lim ustidan tergov ishi 29 dekabrda tugabdi. Tergov ishi advokatsiz tugadi. Uni eng og‘ir jazo ko‘zda tutiladigan ayb, davlat to‘ntarishida ayblashmoqda. Mening bolamni himoya qiladigan advokat bo‘lmasa, advokatni kiritishmasa, bir marta yoniga kirgan advokatni uning ishi bilan tanishtirishmasa, bu ish advokatsiz yakunlansa, bolam o‘zini sudda qanday himoya qiladi? - deydi Gavharjon Madaminova.

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga uringanlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevni 14 dekabr kuni o‘sha paytdagi advokati Sergey Mayorov borib ko‘rgan edi.

30 daqiqalik uchrashuvdan so‘ng Bobomurod Abdullaev Mayorovga uning yordamiga muxtoj emasligini aytgan.

- Oxirgi uchrashuv payti Bobomurod meni yordamimdan voz kechishini o‘zimga aytgandi. Nimaga bunda qarorga kelganini, to‘g‘risi, bilmayman, - dedi Sergey Mayorov 5 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Sergey Mayorov Ozodlik bilan bundan oldingi muloqotida o‘z mijozi Bobomurod Abdullaevda jismoniy yoki ruhiy qiynoq belgilarini payqamaganini qo‘shimcha qilgandi.

Bobomurod Abdullaevning onasi videomurojaatida o‘g‘lini advokatdan voz kechtirishga majburlashgan bo‘lishini aytdi.

- U oddiy bir jurnalist bo‘lsa qanday qilib u davlat to‘ntarishi qiladi?! Bunga kim ishonadi? Unga uch oy davomida qiynoqlar yo‘li bilan jinoyatni bo‘yniga qo‘ygan bo‘lishlari mumkin. Yaqinda siz (Shavkat Mirziyoev - tahr) Oliy Majlisga murojaat qildingiz. Bundan keyin hech kimning huquqi poymol bo‘lmaydi, dedingiz. Ko‘ryapsiz, mana meni o‘g‘limning huquqi, advokatlarning huquqi poymol bo‘lib turibdi. Meni bolam jinoyatchi emas. Aybi sport maqolalari yozganimi? U odam o‘ldirdimi yoki armiyasi bormi? Yoki terroristlarga qo‘shildimi? Sizdan iltimosim sudni ochiq o‘tkazilishi va biz yollagan advokatlarni kirishiga yordam bering. U advokatsiz o‘zini qanday himoya qiladi? - dedi Gavharjon Madaminova.

Advokat Sergey Mayorov Ozodlik bilan suhbatda agar Bobomurod Abdullaev huquqiy yordam so‘rab, unga murojaat qilsa, yordam berishga tayyorligini aytdi.

44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullaev bir qator mustaqil nashrlar¸ xususan "Farg‘ona” axborot agentligi bilan hamkorlik qilgan¸ shuningdek sport sharhlovchisi sifatida ham tanilgan.

27 sentabr kuni ta’mirga bergan mashinasini ustxonadan olish uchun uyidan chiqib ketganicha bedarak yo‘qolgan Abdullaevning oradan bir kun o‘tib Toshkentdagi Milliy xavfsizlik xizmati izolyatorida ekani ma’lum bo‘ldi.

1 oktabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi jurnalistga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159-band 4-qismi bilan ayblov e’lon qildi.

Jurnalist rasman 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Chegara bilmas muxbirlar, Xalqaro Pen klub, Amnesty International va Human Rights Watch tashkilotlari jurnalist Bobomurod Abdullaevni ozod qilish talabi bilan chiqqan.

XS
SM
MD
LG