Линклар

Шошилинч хабар
20 июл 2018, Тошкент вақти: 11:49

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev viloyatdagi chorvachilik fermer xo‘jaliklaridan 100 tasi rahbarini chorvadorlik qilish uchun Qoraqalpog‘istonga majburan yuboryapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan chorvador fermerlarning aytishicha, fermerlarning bir qismi 5 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonga uchib ketgan.

Fermerlarga, Qoraqalpog‘istonda chorvachilik fermer xo‘jaliklarini qanday tashkil qilish haqida, o‘sha yerga yetib borgandan so‘ng batafsil aytilishi bildirilgan.

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidagi chorvachilik fermer xo‘jaligining ismi sir qolishini so‘ragan raisining aytishicha, bu haqda 4 dekabr kuni viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev aniq topshiriq bergan:

“Bu gap dastlab 31 dekabrda, 150 nafar chorvachilik fermerlari qatnashgan yig‘ilishda ochilgan edi. O‘shanda viloyat hokimi "Qoraqalpog‘istonga borib chorvachilik bilan shug‘ullanasizlar", degan edi. Kecha barcha tumandagi chorvachilik fermerlarini o‘z hokimiyatiga yig‘ib, selektorda aytdi. Hokim “har bir fermer Qoraqalpog‘istonda 100 gektardan yer olasan, o‘sha yerda chorvachilik, dehqonchilik qilasan, bu yerdagi fermer xo‘jaliklaringning ishi ham ketaveradi”, dedi. Hokimning aytishicha, Farg‘ona viloyatiga 10 ming gektar, Andijon viloyatiga 5 ming gektar yer ajratilgan ekan”, dedi fermer.

Oltiariq tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, haqiqatan ham fermerlar Qorqalpog‘istonga yuborilayotganini tasdiqladi:

“Viloyat hokimi Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni rivojlantirish imkoniyati kengligi haqida gapirdi. Lekin, hali bu qanday rivojlantiriladi, chorvaning ozuqa bazasi qanday yaratiladi, chorva qaerdan olinadi, bu haqda hech gap yo‘q. Vaziyatni joyiga borib o‘rganishar ekan”, dedi hokimlik mulozimi.

Farg‘ona viloyat hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonga borib chorvachilik qiladigan fermerlarga past foizli kredit va’da qilingan:

“Rosti gap, biz ham bundan maqsad nima ekanligini bilmaymiz. Hamma narsa o‘sha yerga borib tushuntiriladi ekan. Hokim o‘sha yerda ishlaydigan fermerlarga 6 foizli kredit va’da qilgan. 50 gektardan 100 gektargacha yer ajratib beriladi ekan. Bugun fermerlarning bir qismi Toshkentdan samolyotda uchib ketdi. Hokim o‘zim ham sizlar bilan birga boraman, degan”, dedi hokimlik mulozimi.

Furqat tumanida fermerlik qilayotgan Ochil Begmatovning chorvador fermer tanishi gapiga tayanib aytishicha, chorvadorlar Qoraqalpog‘istondagi vaziyat bilan tanishtirish uchun olib ketilmoqda:

- Men o‘sha yoqqa ketayotgan bir fermer bilan gaplashdim. Ularga samolyotga hokimiyatning hisobidan bilet olib berishibdi. Borib ko‘ringlar, ma’qul bo‘lsa istaganingcha yer olib, ishlagin debdi. Hozircha uning ham bilgani shu ekan. Ayni paytda ularni samolyotda olib ketishyapti, ekan, dedi Ochil Begmatov.

Ochil Begmatov fikricha, uyidan ming kilometr uzoqda bo‘lgan joyda chorvachilik qilish fermer uchun og‘ir bo‘ladi:

- Qoraqalpog‘iston cho‘l hudud, prezident aytmoqchi u yerda qizilmiya yaxshi bo‘ladi ekan. Lekin qizilmiya bilan mol semirmaydi. Ammo, urug‘ini qo‘y eydi, echki yeydi, semiradi. Chorvachilikni yo‘lga qo‘yish uchun kamida o‘n yil kerak. Mening fikrim, bu noto‘g‘ri ish. Masalan, bizda shunday yerlar bor, gektari bir tonna paxta bermaydi. Ana shunday yerlarni yaxshilab, o‘t ekib, meliorativ holatini yaxshilab molni ko‘paytirish kerak. Kunjara, sheluxani arzonroq qilib bersin. Shu yerda ham molni ko‘paytirish mumkin, deydi Ochil Begmatov.

Prezident Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning 20 yanvarida Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi chog‘ida, paxta maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirib, chorvachilikni rivojlantirish to‘g‘risida ko‘rsatmalar bergan edi.

Lekin, farg‘onalik chorvador fermerlarni Qoraqalpog‘istonga "desant" qilib tashlash haqida hukumatning qarori chiqqani borasida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

O‘tgan yilning sentabr oyida Bosh prokuratura mamlakat chorvachilik tizimini tekshirib, statistik hisobotlarda qo‘shib yozish holatlarini aniqlagan edi. Masalan, Navoiy viloyatida 144,6 ming va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 19,3 ming chorva bosh soni qo‘shib yozilgan.

XS
SM
MD
LG