Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:29

O‘zbekistonning eng yirik masjidida azon ovoz kuchaytirgichda baralla yangray boshladi


Toshkentdagi "Hazrati imom" masjidida Hayit namozi o‘qilayotgan paytda olingan surat.
Toshkentdagi "Hazrati imom" masjidida Hayit namozi o‘qilayotgan paytda olingan surat.

O‘zbekistondagi eng yirik masjid bo‘lgan Toshkentdagi “Hazrati imom” majmuasida 7 yanvar kunidan boshlab namozga chorlovchi azon ovoz kuchaytirgichlar orqali baralla yangray boshladi.

Bu haqda Azon.uz sayti 7 yanvar kuni o‘z manbalariga tayangan holda xabar tarqatdi.

“...Namozdan so‘ng masjid imomi bu voqeaga alohida to‘xtalib, ko‘plab xayrli ishlari qatorida, azonni baland ovozda chaqirish ham shaxsan davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan”, deyiladi sayt xabarida.

Ma’lumotda aytilishicha, shundan so‘ng masjid imomi Habibulloh qori Abdurazzoqov prezident Shavkat Mirziyoev haqlariga duo xayrlar qilgan.

Xabarda “boshqa masjidlarda ham azon bundan buyon ovoz kuchaytirgichlarda aytiladimi yoki avvalgi holatda qolaveradimi?” degan savolga javob berilmagan.

"Eslatib o‘tamiz, azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytilayotgan masjidlar soni yurtimizda kundan kun oshib bormoqda", deb yozdi nashr.

Ozodlik radiosi 30 oktabrda Musulmonlar idorasi masjidlarda azonni ovoz kuchaytirgichda aytilishiga "yaqin orada" ruxsat berilishiga umid qilinayotganini bildirgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

5 noyabrda esa Ozodlik Toshkentning Yunusobod, Chilonzor, Hamza, Yashnaobod tumanlaridagi yirik masjidlarida azon ovoz kuchaytirgichlar orqali aytilayotganini xabar qilib: “ Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, hozircha azon ovozi masjiddan 300-500 metr nariga eshitilmoqda, ammo namozxonlar tez orada ovozni baralla ko‘tarishga ruxsat berilishi kutilayotganini aytmoqda”, deb xabar bergan edi.

O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilga yaqin muddat davomida azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytish taqiqlangan va bunga boshqa din vakillarining e’tirozi sabab bo‘lgani aytib kelingan.

Shu kunga qadar bu masjidlarda azon faqat ichkarida, namozga kelgan qavmga eshitilar darajada aytib kelinmoqda.

Avvalroq Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonni vijdon erkinligi buzilayotgan va diniy erkinliklar poymol qilinayotgan 10ta “o‘ta tashvish li” davlatr ro‘yxatiga kiritdi.

Mazkur ro‘yxatda O‘zbekistondan tashqari Tojikiston, Turkmaniston, Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Myanma,Eritreya, Sudan va Saudiya Arabistoni bor.

AQSh Davlat departamenti rasmiy saytida 4 yanvar kuni e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, mazkur davlatlarni “o‘ta tashvishli mamlakatlar” ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida Davlat kotibi Reks Tillerson 2017 yilning 22 dekabrida qaror qabul qilgan.

“Biz ro‘yxatga kiritilgan ayrim davlatlar vijdon va din erkinligi vaziyatini yaxshilash yo‘nalishida harakat qilayotganini tan olamiz; biz bu tashabbuslarni qo‘llab –quvvatlaymiz va muloqotni davom ettirishdan umidvormiz”, deyiladi bayonotda.

Ayni shu mamlakatlar o‘tgan yilda ham diniy erkinliklar bo‘yicha “o‘ta tashvish uyg‘otayotgan davlatlar” ro‘yxatiga kiritilgan edi.

AQShning diniy erkinlikka oid hisobotida yil sayin O‘zbekiston diniy erkinliklar bo‘g‘ilayotgan davlat qatorida tilga olib kelinadi.

AQShdagi Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining 2017 yilning 26 aprel kuni e’lon qilingan navbatdagi yillik hisobotida O‘zbekiston dunyoda diniy erkinliklar vaziyati eng yomon bo‘lgan davlatlar qatoridan 12 - marta joy olgan edi.

XS
SM
MD
LG