Линклар

20 январ 2018, Тошкент вақти: 00:42

Yangi yilning ikkinchi kuni Surxondaryo viloyat, Denov tumanida fohishaxona saqlashda ikki marta ayblanib, jazoga tortilgan 27 yashar ayol uyiga kelgan 16 yashar maktab o‘quvchisining yuragiga pichoq sanchib o‘ldirdi. Ozodlikka 10 yanvar kuni yetib kelgan bu xabarni mahalliy huquq-tartibot organi hamda kasalxona vakillari tasdiqladi. Voqea guvohlariga ko‘ra, o‘quvchini bu uyga kollej o‘quvchisi bo‘lgan 2 o‘rtog‘i olib borgan.

Joriy yilning 2 yanvar kuni kechqurun soat 10 larda Denov shahridagi Mehr-oqibat mahallasida istiqomat qilgan, muqaddam fohishaxona saqlashda ayblanib sudlangan, ikki nafar farzandning onasi, 27 yashar D.A. 80-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisini B.E.ni o‘z uyining pod’ezdida pichoqlab o‘ldirganlikda ayblanyapti.

Bu haqda Yoshlar ittifoqi tashkilotining Denov tumanidagi faollaridan biri Ozodlikka xabar berdi.

Uning bu fojiaga bevosita guvoh bo‘lgan tanishining gapiga tayanib aytishicha, bolalar D,A.ning uyiga jinsiy ehtiyojini qondirish uchun kelgan:

“Bu bolalardan birini yaxshi taniyman. U darsdan bo‘sh vaqtlarda Sarbon restoranida ofitsiantlik qilardi. O‘zi maishiy xizmat ko‘rsatish kollejida o‘qiydi. U restoranda D. ismli bir ayol bilan don olishib yurganini aytgan edi. O‘sha kuni u yana bir o‘rtog‘i va 9-sinfda o‘qiydigan tanishini ham o‘sha uyga olib borgan. Keyin ichkarida fohisha talashib, janjal chiqqan va boyagi maktab o‘quvchisi "Mama Roza" ni (fohishaxona saqlovchilarga nisbatan qo‘llaniladigan umumiy nom -tahr.) onasidan so‘kkan. "Mama Roza" esa, oshxona pichog‘ini u bolaning yuragiga sanchib olgan”, dedi tashkilot faoli.

Denov tumani Tez tibbiy yordam kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokori o‘quvchi bolaning o‘sha joyning o‘zida o‘lganini tasdiqladi:

“Pichoq zarbasi to‘g‘ri yurakka urilgani uchun o‘quvchi bola o‘sha joyning o‘zida jon taslim qilgan. Bizning tez yordam yetib borganda, u o‘lib bo‘lgan ekan”, dedi shifokor.

Qotillikda ayblanayotgan ayolning qo‘shnilaridan biri ham voqeaga guvoh bo‘lganini aytadi:

"Bu ayolning oyog‘i yengil edi. Ilgari ham uyida fohishaxona ochganligi uchun jarima to‘lab qutulgan edi. O‘sha kuni biz ham skoriyning shovqinidan keyin bu voqeadan xabar topdik. Tashqariga chiqsak, skoriy bolani olib ketayotgan ekan. Aytishlaricha, bola uydan qochib chiqqanda orqasidan quvib, pod’ezdda ushlab olib pichoq tiqqan ekan. Pod’ezd to‘la qon bo‘ldi. Hozir ham devorda izlari qolgan", dedi qo‘shnilardan biri.

Surxondaryo viloyat huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimining Ozodlik manbasining aytishicha, o‘quvchi bolani pichoqlab o‘ldirganlikda ayblanayotgan ayol militsiyaning ro‘yxatida turgan:

“Bu ayol axloqi buzuq shaxslar ro‘yxatida turadi. Ikki farzandi bor. Hech qaerda ishlamas edi. O‘tgan yilning oxirlarida militsiya va hokimlik masalahati bilan Sarbon restoraniga ishga joylashtirilgan edi. U muqaddam O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 131- moddasi (Fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish) bilan ikki marta sudlangan. Ayni paytda unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97- moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov davom etyapti”, dedi mulozim.

Uning aytishicha, agar qotillikda ayblanayotgan ayolning aybi tasdiqlansa, u 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 131- moddasiga binoan, mo‘may pul topish maqsadida fohishalik bilan shug‘ullangan yoki qo‘shmachilik qilgan shaxs eng kam ish haqining 25 dan 50 barobarigacha jarimaga tortiladi yoki 3 yilgacha majburiy tarbiyaviy mehnat bilan jazolanadi.

XS
SM
MD
LG