Линклар

Шошилинч хабар
26 сентябр 2018, Тошкент вақти: 13:54

Namangandagi masjid qavmini Qorbobo Yangi yil bilan tabrikladi


O‘zbekistonda yangi yil bayrami Qorbobosiz bo‘lmaydi.

Namangandagi masjidlardan biriga yangi yil arafasida Qorboboning kirib kelishi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ozodlikning aniqlashicha, voqea 28 dekabr kuni Namanganning Norin tumanidagi “Ahmadali” jome’ masjidida bo‘lgan. "Uzoq yurtlardan bomdod namoziga yetib kelganini" aytar ekan “namanganlik Qorbobo” masjidda yig‘ilganlar oldida qo‘lini duoga ochib, O‘zbekistonga tinchlik tiladi.

O‘zbekistonda Yangi yil bayrami tadbirlarida Qorbobo, Qorqiz, Yalmog‘iz kampir kabi ertaklar qahramonlarining qatnashishi odatiy xol.

Lekin, Qorboboning masjidga kirib kelishi shu paytgacha kuzatilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videoda bomdod namozidan keyin Namanganning Norin tumanidagi “Ahmadali” jome’ masjidiga Qorbobo kirib kelgani aks etgan. Unda Qorbobo ko‘p yurtlarda bo‘lgani, lekin O‘zbekistondek tinch davlatni hech qaerda ko‘rmaganini aytadi.

- Hozirgina samolyotdan, shunday parashyutda tashladim. Allohga shukurlar bo‘lsinki, bomdod namoziga yetib boraman deb va’da qilgan edim, mana bomdod namoziga yetib keldim. Kechadan beri ko‘p yurtlarga bordim, lekin, O‘zbekistondek tinch davlatni men mana shu yerda birinchi marta ko‘ryapman. Urush bo‘layotgan yerlarda sovg‘alar berdim, ocharchilik yurtlarida sovg‘alar berdim, - deydi Qor bobo.

Namanganlik Qorbobo uni masjidga borib musulmonlarni tabriklash uchun "prezident va muftiy jo‘natganini" aytadi va masjidda yig‘ilganlar oldida qo‘lini duoga ochib, O‘zbekistonga tinchlik tilaydi.

“Hozir prezident janoblari, muftiy hazratlari bilan ko‘rishdim. “Iltimos sizdan Qorbobo, yurtimizdagi eng yaxshi masjid , “Ahmadali” jome’ masjidiga borib musulmonlarni bir tabriklab keling", deb meni jo‘natdi”, - dedi Qorbobo.

Masjidga yig‘ilganlar esa Qorboboga jo‘rlikda “Rahmat” aytishdi.

ВИДЕО: Қор Бобо намозхонларни Янги йил билан табриклади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:50 0:00
Бевосита линк

“Ahmadali” jome’ masjidi imomi Xabibullo Mahmudov Ozodlik bilan suhbatda Qorboboni hech kim taklif qilmagani, u 28 dekabr kuni yangi yil tadbirlari doirasida masjidga o‘z oyog‘i bilan kirib kelganini aytdi.

- U mahallaning odami aslida, Anvarjon aka. Paxta zavodida uzoq ishlab, hozir nafaqaga chiqqan. Shu kuni mahallada kechasi bilan yangi yil tadbirlari bo‘ldi. Anvarjon aka, Qorbobo kiyimida kechasi bilan uyma uy yurib, bolalarni tabriklab, aylanib yurgan. Bomdod namozi payti masjidni eshigi ochiq bo‘lgan, kirib kelavergan. Meni chiqishim bilan ketib qolibdi, - deydi masjid imomi.

Qorbobomi yo Qori bobo?

Namangandagi masjidga yangi yil arafasi Qorboboning kirib kelishi aks etgan video Internetda munozaraga sabab bo‘ldi.

Azon.uz sayti e’lon qilgan maqola muallifi bu holat haqida istehzo bilan bunday yozdi:

“Tuman imom xatibiga, viloyat bosh vakiliga ham. Qorbobo masjidga kelibdi-yu, nega masjidga archa o‘rnatilmadi? Butun dunyoni aylanib, sovg‘a tarqatib kelgan Qorbobo, yo‘g‘e, Qoriboboning hurmati yo‘qmi? Shundan shunga kelib, quruq qaytib ketaveradimi? Imom qani? Nega kutib olmadi?”, - deyiladi Azon.uz saytida bosilgan “Masjiddagi Qor bobo, Qorqiz qani?”, - sarlavhali maqolada.

"Odnoklasniki" ijtimoiy tarmog‘ida video ostiga qoldirilgan izohlarda "Qorboboning masjidga kirib kelishi O‘zbekistondagi diniy bahrikenglikning timsoli", - kabi izohlarni o‘qish mumkin.

O‘zbekistondagi ko‘pchilik xonadonlar Yangi yil kunlari Qorbobo va Qorqizni chaqirib, farzandlariga sovg‘alar ulashishni tashkillashtirishadi.

2000- yillar boshida O‘zbekistonda Qorbobo va Qorqizlarni o‘zga madaniyatning ramzlari sifatida taqiqlash masalasi ko‘tarilgan.

Televedinieda ko‘p bora Qorbobo" va Qorqizlar ko‘rsatuvlardan olib tashlangan.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda Sovet davrida tug‘ilib o‘sgan bir necha avlod uchun qadrli bo‘lib qolgan Qorbobo va Qorqizni kutish, Yangi yil archasini bezatish an’anasi davom etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG