Линклар

Шошилинч хабар
16 июл 2018, Тошкент вақти: 15:48

O‘tgan haftada Maykl Vulfning Oq uy xodimlarining prezident Donald Trampning ruhiy sog‘lig‘i haqida xavotirlari aks etgan kitobi chop etilishi ortidan AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatish yana muhokama qilina boshlandi.

AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatishda prezident yoki vitse-prezident xizmatini o‘ta olmaydigan holatga tushsa, ularning o‘rnini kim, qay yo‘sinda egallashi belgilab qo‘yilgan.

Davlat yetakchisi yoki vitse-prezidentni almashtirishga o‘lim, ishdan olinish, iste’fo berish yoki xizmat vazifalarini bajara olmaydigan holatga tushishi sabab bo‘lishi mumkin. AQSh tarixida bir necha marta mazkur tuzatishga murojaat qilingan, jumladan, 1963 yili prezident Jon F. Kennedi o‘ldirilganidan keyin hamda 1974 yilda prezident Richard Nikson Uotergeyt mojarosi tufayli iste’fo berganidan keyin.

Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders Maykl Vulfning kitobi yolg‘on ma’lumotlarga to‘la ekanligini aytib, uni «xomxayol» deya ta’rifladi.

25-tuzatishda prezident o‘z xohishiga qarshi qaysi holatlarda ishdan bo‘shatilishi mumkinligi haqda qisqa yozilgan. Uning to‘rtinchi bo‘limida prezident o‘z lavozimiga doir huquqlari yoki majburiyatlarini bajara olmaydigan ahvolga tushsa, vitse-prezident yoki AQSh kabineti a’zolari (yoki Kongress organi) aksariyatidan tuzilgan guruh uni ishdan ola olishi hamda prezident vazifalarini zudlik bilan vitse-prezident bajara boshlashi kerakligi aytilgan.

Buning uchun vitse-prezident hamda kabinet a’zolarining aksari Senatning muvaqqat prezidenti hamda Vakillar palatasi spikeriga yozma ravishda prezident o‘z vazifasini bajara olmaydigan ahvolga tushgani haqida yozishi kerak.

Agar prezident qaytadan ishlay olishiga amin bo‘lsa, Senatning muvaqqat prezidenti hamda Vakillar palatasi spikeriga bu haqda yozishi zarur. Prezident o‘z maktubini topshirganidan keyin turt kun ichida vitse-prezident hamda kabinetning aksar a’zosi Kongressga prezident hali-hanuz o‘z vazifasini bajara olmaydigan ahvolda ekanligi haqida maktub yozmasa, prezident o‘z ishiga qaytishi mumkin. Buning ortidan Kongress 48 soat ichida to‘planishi va 21 kun ichida bir qarorga kelishi kerak.

Kongress prezident o‘z vazifasini bajara olmasligi haqida qaror chiqarishi uchun ham Senat, ham Vakillar palatasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi shunday qaror chiqarishi kerak.

25-tuzatishga ko‘ra, agar Kongress palatalari a’zolarining kamida uchdan ikki qismi prezident ishga noloyiq deb topmasa, prezident Oq uyga qaytishi mumkin.

XS
SM
MD
LG