Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:11

Marg‘ilondagi Mehribonlik uyida yetimlarga ajratilgan ehsonlar talangan


Farg‘ona viloyati prokuraturasi Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyida hukumat va xalqaro tashkilotlar tarafidan ajratilgan xayr-ehson pullari talon-taroj qilingani bo‘yicha tergovni yakunlab, ish sudga oshirilganini bildirdi. Tergovchilar bolalar uyida tarbiyalanuvchilar jinsiy va jismoniy ekspluatatsiya qilingani iddaolarini ham o‘rganib chiqqan, lekin jo‘yali isbot-dalil bo‘lmagani va jabrlanuvchilardan bu borada shikoyat tushmagani sabab bu ish bo‘yicha tergov to‘xtatilganini bildirishdi.

Farg‘ona viloyati huquq-tartibot idoralarida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishicha, 1-sonli Mehribonlik uyidagi talonchiliklar bo‘yicha prokuratura tergov ishini yakunlab, sudga oshirgan:

- U yerda hukumat va xalqaro tashkilotlar tarafidan ajratilgan xayr-ehson pullari talon-taroj qilingan. Hozir prokuratura bu bo‘yicha tergovni yakunlanib, Mehribonlik uyi sobiq rahbari va bir qancha xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi, (Davlat mulkini talon-taroj qilish) va 205-moddasi (Mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha jinoyat ishi ochgan. Yaqin kunlarda bu ish sudda ko‘rilishi kutilyapti, - dedi mulozim.

Bundan tashqari tergovchilar Mehribonlik uyida voyaga yetmagan qizlar fohishalikka jalb etilgani va ulardan jinsiy xizmat ko‘rsatishda foydalanilgani haqidagi da’volarni ham o‘rganib chiqqan.

Lekin, yetarli dalil-isbot yo‘qligi va jabrlanuvchilardan bu borada shikoyat tushmagani sabab tekshiruv to‘xtagan.

- Bu bo‘yicha tarbiyalanuvchilardan shikoyat bo‘lmagani uchun jinoyat ishi ochilmadi. Priton ochishgani haqida ham gap-so‘zlar bo‘ldi. Lekin, ish asosan talonchiliklar bo‘yicha ochilgan va Mehribonlik uyi rahbarlari shu talonchilik bo‘yicha javobgarlikka tortilyapti, - dedi Farg‘ona huquq-tartibot idoralarida ishlovchi mulozim.

Ozodlik o‘tgan oy Marg‘ilondagi 1-sonli Mehribonlik uyining sobiq rahbari Kamoliddin Oripov hamda qarovuli qamoqqa olingani, Oripovning ikki muovini, bosh hisobchi va o‘nga yaqin tarbiyachi ishdan olinib, ular ustidan jinoyat ishi ochilgani haqda xabar bergan edi.

Ozodlik Marg‘ilondagi Mehribonlik uyidagi vaziyat yuzasidan shahar Xalq ta’limi bo‘limi rahbari Gulnoza Qayumovadan kun bo‘yi izoh olishga urindi.

Lekin, Qayumova majlisda ekanini aytdi, keyin telefonni ko‘tarmadi.

Hozir Mehribonlik uyiga yangi rahbar tayinlangan, yangi tarbiyachilar ishga olingan.

- Hozir bolalar uyidagi vaziyatni to‘liq nazoratimizga olganmiz, - dedi Marg‘ilon shahar Xalq ta’limi bo‘limi xodimlaridan biri.

O‘zbekiston ta’lim-tarbiya maskanlarida qonunbuzarliklar ilk bor fosh etilayotgani yo‘q.

O‘tgan yilning fevral oyida Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bolalar bog‘chalarida tungi paytlarda qo‘shmachilik va fohishaxona saqlash faoliyati yuritganlik holatlari aks etgan visdeotasvirlarni Ozodlik e’lon qilgan edi.

Videolavhada Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bog‘chalarning kechqurunlari fohishaxonaga aylangani aks etgan.

Unda¸ xususan¸ bog‘cha qorovullari bolalar dam oladigan xonani pul evaziga jinsiy xizmat ko‘rsatadigan ayollarga bergani ham ko‘rsatiladi.

Videotasvirlar Ozodlikda e’lon qilingach, bog‘cha rahbarlari lavozimidan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

XS
SM
MD
LG