Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:25

Trampning immigrantlar to‘g‘risida aytgani majlis qatnashchilarini tashvishga soldi


AQSh prezidenti Donald Tramp.
AQSh prezidenti Donald Tramp.

Xabar qilinishicha, prezident Donald Tramp payshanba kuni qonun chiqaruvchilar bilan immigratsiya islohotiga bag‘ishlangan uchrashuvda qizishib ketdi. U AQSh nima uchun «gadoytopmas» mamlakatlar vatandoshlarini qabul qilayotgani sababini tushuntirib berishlarini talab qildi.

Tramp senator va kongresmenlarni - har ikki partiya a’zolarini immigratsiyaga oid muammolarni muhokama qilish yuzasidan Oq Uyga taklif qildi. Kun tartibida immigrantlarning oila a’zolarini AQShga taklif qilishni va yutuq egalariga viza beruvchi «grin-kard» lotereya o‘yinini cheklash masalalari bor edi. Buning evaziga Oq Uy yuz minglab yosh immigrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni bas qilmoqchi. Bunday qaror qabul qilinishi uchun ikkala partiya vakillari murosaga qilishi lozim.

– Bizga o‘sha «bir pulga qimmat» mamlakatlar aholisi bu yerga kilishining nima keragi bor? – degan Tramp. Bu haqda uchrashuvdan axborot olgan kishilar Washington Post gazetasiga xabar qilgan.

Keyinchalik The New York Times gazetasi ham ayni shu izohni keltirdi. Gazeta tahririyati bilan ham uni uchrashuvdan bevosita xabardor bo‘lgan, ammo shaxsini oshkor qilmagan kishilar baham ko‘rgan.

Xabar qilinishicha, prezident yuqoridagi gapida Afrika mamlakatlari bilan Haitini nazarda tutgan, so‘ngra Qo‘shma Shtatlar Norvegiya singari mamlakatlardan immigrantlarni jon-jon deb qabul qilishini aytgan. Ushbu mamlakat bosh vaziri Tramp bilan chorshanba kuni uchrashgan edi.

Prezidentning yuqoridagi so‘zlari majlisda qatnashgan kishilarni xavotir va tashvishga solib qo‘ydi.

Respublikachi senator Lindsi Grehem bilan demokrat-senator Dikk Durbin Oq Uyga ikki partiya o‘rtasida murosaning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish uchun kelgan edi. Biroq ko‘zi o‘sha majlis zalida immigratsiya masalasida qattiqqo‘l siyosat tarafdori bo‘lgan bir qancha respublikachilarga tushdi.

Grehem bilan Durbin Qo‘shma Shtatlarga bolaligida noqonuniy kelib qolgan va “orzukashlar” deb ataluvchi kishilarni qonun yo‘li bilan himoya qilish borasida sa’y-harakatlarga yetakchilik qilmoqda.

Kelishuvga ko‘ra, buning evaziga "oila zanjiri migratsiyasi"ga barham berilishi kerak.

Yana xabar qilinishicha, zikr etilgan kelishuvda viza lotereyasi dasturini teng yarmiga qisqartirish ko‘zda tutiladi. Lotereya to‘liq yopilmaydi, unda, bir qancha respublikachilar taklif qilayotganiday, ayrim mamlakatlarga ustuvor ahamiyat beriladi.

Prezident bilan qonun chiqaruvchilarning 800 mingga yaqin “orzukash”ni qanday himoya qilish yuzasidan o‘tkazayotgan jadal muzokaralari yarimlab qoldi.

Tramp o‘tgan yili Obama prezidentligi vaqtida qabul qilingan “Bolalik davrida kelib qolganlarga qonunni qo‘llashni kechiktirish” dasturini bekor qildi. U Kongressga vaziyatni qonun qabul qilish yo‘li bilan tuzatish uchun uchun 5 martga qadar muhlat berdi.

Oq Uy Trampning bayonotini inkor etmadi, biroq prezident mamlakatni mustahkamlash yo‘lida “doimiy echimlar topish uchun kurashayotgani”ni, buning uchun odamlarning ko‘rsatgan xizmatlariga asoslanadigan immigratsiya tizimini joriy qilishni taklif etayotganini aytdi.

– Vashingtondagi ayrim siyosatchilar chet mamalkatlar manfaatlarini ko‘zlab kurashish yo‘lini tanlamoqda, biroq Tramp Amerika xalqi manfaati uchun kurashadi, – dedi Oq Uy matbuot kotibi Raj Shah o‘z bayonotida.

XS
SM
MD
LG