Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2018, Тошкент вақти: 15:56

Tramp hozircha Eron bilan yadro bitimini o‘zgartirmaydigan bo‘ldi


AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Eronning yadroviy dasturi to‘g‘risida gapirmoqda. 2017, 13 oktabr.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga 2015 yili Qo‘shma Shtatlar va boshqa yetakchi mamlakatlar bilan ushbu mamlakatning yadro dasturiga oid erishilgan bitim evaziga yengillashtirilgan sanksiyalarning amal qilish muddatini kengaytiradi. Ammo prezident ushbu qarori bilan tanish manbaning bildirishicha, hozircha bitim o‘zgarishsiz qoladi.

Manbaning aytishicha, bitimni bekor qilishga va’da bergan Trampning AQSh Kongressi va Yevropadagi ittifoqchi mamlakatlarga uni takomillashtirish uchun muhlat berishi kutilmoqda. Agar bitim takomillashmaydigan bo‘lsa, Tramp yana undan chiqish to‘g‘risidagi tahdidini boshlashi turgan gap.

Juma kuni Trampning sanksiyalarni bekor qilish yoki qilmaslik haqida qaror qabul qilishi uchun berilgan muhlat tugayapti. Sanksiyalardan voz kechishga oid qaror berilsa, bu Eronning yadro dasturiga cheklovlarni olib tashlash bilan barobar bo‘ladi. Oq uy bu boradagi qarorini juma kuni e’lon qilishi kutilmoqda.

Tramp sanksiyalarni bekor qilishni ma’qullashi barobarida Eronga qarshi yangi aniq mo‘ljalli sanksiyalar joriy etishga qaror berdi, deydi manba.

Tramp ma’muriyati ikki yirik amaldorining chorshanba kuni Reyter axborot agentligiga aytishicha, respublikachi prezident xos suhbatda yetakchi maslahatchilarining gapiga quloq solmoqchi emasligini aytgan. Ular Trampga to‘xtatib qo‘yilgan sanksiyalarni qayta joriy qilmaslikni tavsiya etmoqda.

Tramp o‘tmishdoshi Barak Obamaning yadro dasturini cheklovchi bitimga rozilik bergani Qo‘shma Shtatlar manfaatiga mos kelmaydigan qaror bo‘lganini iddao qilmoqda.

Yevropalik ittifoqchilari Trampga sanksiyalarni bekor qilishi uchun kuchli bosim o‘tkazmoqda.

TAFOVUTLI QARAShLAR

Eron hukumati yadro dasturi faqat tinchlik maqsadlarini ko‘zlashini aytmoqda. Hukumatga ko‘ra, boshqa imzo qo‘ygan tomonlar bitimni hurmat qilsa, o‘zi ham unga sodiq qoladi, agar Vashington undan chiqadigan bo‘lsa, hujjat «yirtib otish»dan boshqa narsaga yaramay qoladi.

AQSh Kongressi prezidentdan vaqti-vaqti bilan Eron bitimga amal qilayotgan yoki qilmayotganini tasdiqlab turishni talab qilmoqda. Bu sanksiyalar kuchga kirmasligi uchun ularni to‘xtatib turish haqida qaror chiqarishni ham nazarda tutadi.

Tramp oktabrda bitimga amal qilinayotganini tasdiqlamaslik yo‘lini tanladi va pirovardida bitimni bekor qilish bilan tahdid qildi. U Eronni bitim «ruhi bilan yashamayotganlik»da aybladi.

AQSh Kongressidagi Eronga nisbatan qattiq siyosat yurgizish tarafdorlari kechiktirib turilgan sanksiyalarni qayta joriy qilish va yadro dasturi bo‘yicha bitimdan chiqishga da’vat qilmoqda. Ayni choqda ayrim liberal demokratlar Tramp uchun rasmiy Vashingtonning Kongress roziligisiz bitimdan chiqishini qiyinlashtiruvchi qonun qabul qilinishini istamoqda.

Tramp va uning yetakchi maslahatchilari AQSh qonun chiqaruvchilari bilan sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni o‘zgartirish yuzasidan muzokara o‘tkazdi. Agar o‘sha qonun o‘zgarsa, Oq Uyning qaror chiqarishi har 90 kunda Eronning yadro dasturi bo‘yicha bitimga amal qilayotganini qayta tasdiqlashda so‘nggi muhlatga taqalib qolmaydi.

Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Bob Korker AQShning Eronga oid qonuniga «cheklov chiziqlari» kiritish ustida ish olib bormoqda. Agar Eron o‘sha cheklov siziqlarini bosadigan bo‘lsa, AQSh sanksiyalari avtomatik tarzda ishga tushib ketadi.

XS
SM
MD
LG