Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:59

Xivadagi masjidlarda ovoz kuchaytirgichlarda azon aytish yana taqiqlandi


Xorazmning Xiva shahridagi masjidlarda ovoz kuchaytirgichlar orqali azon aytish yana taqiqlab qo‘yildi. Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan bir necha xivalikka ko‘ra, shaharning qadimiy Ichon qal’asi atrofidagi masjid imomlaridan shahar hokimligi mulozimlari ovoz kuchaytirgichda azon aytilmasligi haqida tilxat yozdirib olgan. Ma’lum bo‘lishicha, taqiq joriy etilganiga qariyb 20 kun bo‘ldi. Xiva hokimligi mulozimlari nima uchun masjidlarda ovoz kuchaytirgichlar taqiqlanganini izohlamadi.

Xivadagi masjidlarda o‘tgan yilning noyabr oyidan azon ovoz kuchaytirgichlar orqali chaqirila boshlagan edi.

Bir oy o‘tib yana shahardagi masjidlarda ovoz kuchaytirgichlar taqiqlangan

Xivalik 70 yoshli nafaqaxo‘r Otanazar otaning Ozodlikka aytishicha, 24 dekabrdan Xiva minoralariga o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlardan azon eshitilmay qolgan.

- Xivada 24 dekabrdan buyon ovoz kuchaytirgich bilan azon aytish to‘xtatildi, deb masjidlarga yozib qo‘yibdi. Shungacha usilitelda azon aytilar edi. Bosh vazir muovini Ochil Ramatov Xivaga kelib "to‘xtatinglar", deb ketibdi. Karnay minorani tepasida turgan, "nimaga minoraga ovoz kuchaytirgich qo‘yibsan", deb taqiqlabdi. "Azonni ichkarida aytinglar", deb ketibdi. Bu yerda menga o‘xshagan qariyalar bor, namozga borishadi. Masjiddan 3 kilometr olisda yashaymiz. Azonni eshitmayapmiz, - deydi Otanazar ota.

Xivadagi “Saidniyoz Sholikor” masjidi imomi Temur mulla Ozodlik bilan suhbatda shahar prokuraturasidan kelib, undan ham azonni ovoz kuchaytirgichda aytmaslik haqida tilxat olib ketganini aytdi.

- Ramatov (O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari) kelgan, "azonni ovoz kuchaytirgichda ayttirmasin" deb ketibdi. Shuning uchun prokuraturadan kelib ovoz kuchaytirgichdan fodalanmaslik haqida tilxat yozdirib ketishdi, - dedi “Saidniyoz Sholikor” masjidi imomi.

Ozodlik Xiva shahar prokuraturasiga hamda O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari qabulxonasiga bog‘landi, lekin har ikkala idora mulozimlari bu haqda izoh berolmasliklarini aytishdi.

Xiva hokimligida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishicha, masjidlardagi ovoz kuchaytirgichlar chiqaradigan shovqin darajasi bosh vazir o‘rinbosariga yoqmagan.

- Har xolda Xivada qadimiy obidalar bor. Akustika Xivadagi shu obidalarga shikast yetkazishi mumkin, degan xavotirlar bor. Xivani chekkaroq joylaridagi masjidlarda azon ovoz kuchaytirgichlarda aytilyapti, - dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekistoning avvalgi prezidenti Islom Karimov davrida azon chaqirish uchun masjidlardan olib tashlangan ovoz kuchaytirgichlardan Xivadagi masjidlarda o‘tgan yil noyabr oyida foydalanish boshlangan edi.

Shu yilning 7 yanvaridan esa, Toshkent shahrida joylashgan, O‘zbekistondagi eng yirik masjid bo‘lgan "Hazrati imom" masjidida musulmonlarni namozga chorlovchi azon ovoz kuchaytirgichlar orqali yangray boshladi.

O‘zbekiston 1998 yilda masjidlarda ovoz kuchaytirgichlarni taqiqlagan jahondagi birinchi musulmon davlati bo‘lgan.

O‘tgan yil bir guruh musulmonlar prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat etib, ushbu cheklovni olib tashlashni so‘rashgan va cheklov olib tashlandi.

XS
SM
MD
LG