Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2018, Тошкент вақти: 19:46

Ukrainadagi urush sabab OITV “yashirin epidemiya”ga aylandi


Ayirmachilar nazoratidagi narkomanlarni davolaydigan kasalxonaning toksikologiya bo‘limi.

Yangi tadqiqotga ko‘ra, Ukraina sharqidagi mojaro butun mamlakat bo‘ylab Odam immuniteti tanqisligi virusi (OITV) ortib ketishiga sabab bo‘lgan, chunki bemorlar urush sabab yashab turgan joyidan ko‘chib ketishga majbur etildi.

Mamlakat sharqidagi Donetsk va Lugansk singari ikkita yirik shahar 2014 yili ro‘y bergan zo‘ravonlikdan qattiq zarar ko‘rdi. Oqibatda o‘sha yerda yashaydigan OITV yuqtirgan bemorlar virusni mamlakatning Kiev va Odessa kabi shaharlariga tarqatdi. Bu haqda AQShning PNAS jamg‘armasi jurnali chop etgan hisobotda xabar qilindi.

Ukraina Yevropada OITV yuqtirgan kishilar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga ega. Aholisi taxminan 45 millon kishi bo‘lgan mamlakatda 220 ming kishi ushbu virus tashuvchisi hisoblanadi.

Tadqiqotda keltirilishicha, Ukrainada OITV bo‘hroni “yashirin epidemiya”ga olib kelgan, chunki ushbu virusni yuqtirib olgan kishilarning yarmi infeksiya yuqtirib olganidan bexabar bo‘lgan. Bu ham yetmaganday, virusni yuqtirgani aniqlangan kishilarning 40 foizi kasallikning so‘nggi bosqichini boshidan kechirmoqda.

Oksford universiteti va Angliyaning ijtimoiy salomatligi agentligi yetakchiligidagi xalqaro olimlar guruhi virusning Ukrainada 2012 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan davrdagi migratsiya jarayonini tahlil qilib, urush sababli 1,7 million kishining yashab turgan joyidan ko‘chirilishi bilan OITV tarqalishi o‘rtasida bevosita aloqa borligini aniqladi.

"Urush Ukrainada ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi. OITV epidemiyasi shulardan biridir", dedi Oksford universiteti Zoologiya fakulteti xodimasi Tatyana Vasilьeva.

XX asrning 90-yillarida OITV epidemiyasi narkotiklarni ukol qilish orqali yuqqan bo‘lsa, endi infeksiya asosan jinsiy yo‘l bilan yuqmoqda, deyiladi tadqiqotda.

Yetakchi mualliflardan biri, virusolog Gkikas Migiorkinisga ko‘ra, Ukrainada odamlarning OITVni umumiy davolashga mo‘ljallangan dastlabki profilaktikaga (PrEP) qarshilik ko‘rsatishi Yevropaning qolgan qismiga insbatan xavotirli darajada yuqori ekani aniqlangan.

Ukraina OITVning bundan buyongi tarqalishining oldini olish choralarini kuchaytirishi va xalqaro hamjamiyatdan ko‘mak so‘rashi lozim. Aks holda ushbu epidemiya yangi milliy fojiaga sabab bo‘lishi mumkin, deyiladi tadqiqotda.

Tadqiqot xulosalari OITVning G‘arb mamlakatlarida tarqalishi xususidagi oldingi tadqiqot natijalariga mos keladi, ya’ni uning tarqalishi bilan jug‘rofiy-siyosiy voqealar o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bor.

Dunyo bo‘yicha 37 million kishi odam immuniteti tanqisligi virusiga chalingan.

35 yil ilgari OITV aniqlanganidan beri 35 million kishi OITS bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etdi, deyiladi BMTning OITS dasturida.

Ukrainaning Rossiyaga orqa qilayotgan ayirmachilar bilan mamlakat sharqidagi urush 2014 yili boshlandi va shu kungacha 10 300 kishining umriga zomin bo‘ldi.

Rossiya Ukrainadagi ayirmachilarni qo‘shin va qurol-yarog‘ bilan ta’minlayotganini inkor etib keladi.

XS
SM
MD
LG