Линклар

22 феврал 2018, Тошкент вақти: 02:02

O‘zbekistondagi masjidlarda namozga kelganlardan mamlakatdagi davriy nashrlarga obuna bo‘lish so‘ralmoqda. Imomlardan biri Ozodlik bilan suhbatda obuna uchun pul yig‘ish topshirig‘i O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasidan berilganini aytdi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi “Eski qovunchi” masjidiga namozga kelganlarga davriy nashrlarga obuna bo‘lish so‘ralmoqda.

Bu haqda masjidga doim borib turadigan yangiyo‘llik Sharifjon Ozodlikka so‘zlab berdi:

- "Ahli jamoat, obuna bo‘linglar", deyapti imom. O‘tmagan, hech kim o‘qimaydigan gazetalarga bizni 30 ming, 60 ming so‘m to‘lattirib obuna qildiryapti. Imomni aytishicha, obuna bo‘lmasak masjidni yopishar ekan, - deydi Sharifjon.

Sharifjon iddaosiga ko‘ra, masjidga keluvchilar O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimovning yangi chiqqan “Tafsiri Irfon” va “Muhammad payg‘ambar vasiyatlari” kitobini 50 ming so‘mdan sotib olishga ham majburlanmoqda:

- Muftiyning kitobi chiqqan ekan, unga 50 ming so‘m. Masjidga borsangiz shu kitobni olishga va obunaga pul berishga majbur qilyapti-da. Donasi 50 ming so‘m, shu kitobni o‘qimasam ham oldim. Masjid huddi tilanchi tashkilotga aylanib qolgan. Ko‘pchilik u yerga borishga bezib qolgan, - deydi Sharifjon.

“Eski qovunchi” masjidi imomi Bahodir Madumarov Ozodlik bilan suhbatda namozga kelganlarga muftiy kitoblarini sotib olish va gazeta-jurnallarga obuna bo‘lishlari haqida gapirganini tasdiqladi.

Lekin, imom hech kimni bunga majburlamaganini aytdi.

- Biz faqat odamlarni obunaga tashviqot qilyapmiz. "Xalq so‘zi" gazetasi, “Hidoyat” jurnali va “Islom nuri” gazetasiga obuna bo‘linglar, deb e’lon qilyapmiz xolos. Majburlash yo‘q bizda. Yoziladiganlar yozilyapti, zo‘rlash yo‘q. Muftiyni kitobi ham shu. Uni olinglar, deb majburlayotganimiz yo‘q. Ichidagi bir-ikkita chiroyli so‘zlarini o‘qib berib, shu kitoblarni kelganlarga tavsiya etamiz xolos. Xohlaganlar olishadi, - deydi “Eski qovunchi” masjidi imomi.

Ozodlikning joylardagi manbalariga ko‘ra, mamlakatning boshqa masjidlarda ham obuna avjida. Xorazmning Xiva shahridagi masjidlardan birining imomi Ozodlik bilan suhbatda obuna bo‘yicha O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasidan "qat’iy topshiriq" olganini aytdi:

- Bizga bir million 300 ming so‘m atrofida obuna plani topshirilgan, shuning uchun masjidga keluvchilardan pul yig‘ilyapti. Agar pul etmasa obuna rejasini ehson pullaridan to‘ldiramiz, - dedi xivalik imom.

O‘zbekistonda o‘z o‘quvchisini topa olmagan nashrlarga byudjet tashkilotlarida majburiy obuna har yili kuzatiladi.

Masjidlarda esa bu xol ilk bor kuzatilmoqda.

- Odamlar imomlarni aytganini qilishga odatlanib qolgan-da. Endi shu tepadagilar o‘tmay qolgan gazeta va kitoblarni sotishda imomlarni ishga solayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin, imomlar qiladigan ishidan chalg‘ib pochtalyon bo‘lib qolyapti-da, - deydi yangiyo‘llik Sharifjon.

Ozodlik O‘zbekistonda nega obunaga majburlanish holatlari borligi yuzasidan izoh so‘rab, “Matbuot tarqatuvchi” hissadorlik jamiyatiga bog‘landi.

Tashkilot matbuot xizmati xodimasi Ozodlik bilan suhbatda obuna majburiy emasligini aytdi, lekin davlat tashkilotlarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar doirasida ro‘yxatlar tuzilib, obuna qildirishlar bo‘layotganini inkor etmadi:

- Ma’rifiy-madaniy ishlar doirasida obuna uyushtirayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki, majburlamasa, hech kim gazeta olib o‘qimayapti-da. Lekin, qaytarib aytaman, majburiy obunaga bizning tashkilotning aloqasi yo‘q, - dedi “Matbuot tarqatuvchi” hissadorlik jamiyati matbuot xizmati xodimasi.

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi esa masjidlardagi obuna tashviqotlari haqida izoh bermadi.

“Matbuot tarqatuvchi” hissadorlik jamiyatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 ming 200dan ziyod gazeta va jurnal chiqadi.

"Darakchi", "Hordiq", "So‘g‘diyona" kabi nashrlar eng bozori chaqqon gazetalar hisoblanadi.

Lekin, bu nashrlar majburiy obuna qilinadigan nashrlar ro‘yxatida yo‘q.

XS
SM
MD
LG