Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2018, Тошкент вақти: 22:34

Ona to‘rt yashar o‘g‘lining o‘limida shifokorlarni ayblayapti


Qaynoq suv ichib qo‘yib vafot etgan Nikita Shevchenkoning ota-onasi uning o‘limida shifokorlarni ayblayapti

Chirchiq shahrida yashagan to‘rt yashar Nikita Shevchenkoning ota-onasi iddaosiga ko‘ra, o‘g‘li qaynoq choy ichgani oqibatida kasalxonaga olib borilgan, biroq shifokorlarning e’tiborsizligi natijasida u olamdan o‘tgan. Nikita onasining da’vo qilishicha, o‘g‘lini tekshirgan doktor unga kefir ichirishni maslahat berib, uyga javob berib yuborgan va bola uyga kelgach jon bergan. Ayni paytda Nikitaning ota-onasi ayblayotgan doktor ushbu ayblovlarni inkor qildi.

Chirchiq shahrida yashaydigan 25 yashar Anastasiya Shevchenkoning Ozodlikka aytishicha, 6 yanvar kuni o‘g‘li Nikita bexosdan qaynoq choyni ichib yuborgan:

- O‘sha kuni bobomizni dafn qilgan edik. Pominka qildik, mehmonlar ketishdi. Oshxonada qaynoq suvli shisha choynakka choy damlab, stolning ustiga olib qo‘ydimda, o‘zim xolodilnikni ochdim. Bir payt Nikitaning chinqiragan ovozi eshitildi. Qarab nima bo‘lganini tushunmasdim. U esa choynakni ko‘rsatardi. Menimcha u stol ustiga chiqib, o‘shani jo‘mragidan ichib yuborgan. Panika bo‘p ketdi. Birozdan so‘ng Nikita qusishni boshladi,- deydi ona.

Anastasiyaning aytishicha, keyin ular Nikitani zudlik bilan Chirchiq shahar bolalar kasalxonasiga olib borishgan:

- Navbatchi do‘xtur bizni xirurgiya bo‘limiga yubordi. U yerda bolamni G‘ulom Suyunovich degan bir vrach ko‘rdi. Bola og‘ir nafas olardi, Men nega uning ko‘ngli ayniyapti, qusyapti, deb so‘radim. Doktor, “bu tabiiy, u birinchi darajali kuyish olgan”, dedi. Men doktorga, “biror muolaja qiling, tomog‘iga og‘riqqa qarshi biror narsa seping”, dedim, u “yo‘q, hech narsa kerak emas, uyga olib borib muzday kefir ichgizing, yaxshi bo‘lib ketadi”, dedi. Men “axir uning tomog‘i kuygan, qanday sovuq narsa ichgizaman, u icholmayapti ham, yeyolmaydi ham” desam ham, doktor, “qo‘rqinchli narsa emas, dedida, u bizni yana navbatchi vrachga jo‘natdi”, deydi Anastasiya.

Onaning aytishicha, navbatchi vrach ham bolaning qornini ko‘rib, qusishga qarshi dori yozib bergan:

- Ular hatto birinchi yordam ham ko‘rsatishmadi. Biz nima qilaylik endi”, desam navbatchi, “vrach uyga olib ketaveringlar degan bo‘lsa, shunday qilinglar”, dedi. Biz uyga qaytdik. Yo‘lda kefir sotib oldik. Uyga kelib, joyiga yotqizib, bir- ikki qoshiq kefir ichtirmoqchi edimki, u hushidan ketdi. Yana hushsiz bolamni olib, kasalxonaga chopdik, deydi Anastasiya.

Uning aytishicha, ular Chirchiqdagi Shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasiga borishganda shifokorlar Nikitaning allaqachon joni uzilganini aytishgan.

Anastasiya Shevchenkoning aytishicha, bola vafot qilganidan so‘ng, Chirchiq shahar prokuraturasi tergovchilari kasalxonaga kelib, ulardan ko‘rsatma olgan:

- O‘sha kuni prokuraturadan odamlar keldi, men o‘zimda yo‘q edim. Nikitaning yana bir bobosi bilan gaplashdi. Bolani ekspertiza qilishdi. Aytishlaricha, ekspertizaning yakuniy xulosasi, bir oydan keyin chiqar ekan. O‘shandan buyon biz bilan hech kim gaplashgani yo‘q, dedi Anastasiya Shevchenko.

Ayni paytda Nikita Shevchenkonining ota-onasi ayblayotgan vrach G‘ulom Saparov Ozodlik bilan suhbatda o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni butunlay inkor qildi:

- Bizning bo‘limga noto‘g‘ri kelishganda, ular. Bizning bo‘limda yotmaydi unaqalar, ekstrenniy bo‘limda yotadi. Ularni adashib menga yuborishgan. Men uni ko‘rdim, birinchi darajali kuyish, shoshilinch bo‘limga boringlar dedim. Bolnitsaga kelgan kasalni uyiga jo‘natishga meni haqqim yo‘q, deydi G‘ulom Saparov.

Ozodlik, G‘ulom Saparovning bu aytganlaridan so‘ng Anastasiya Shevchenko bilan qayta bog‘langanida, u vrachni yolg‘onchilikda aybladi:

- Yo‘q, u yolg‘on gapirmasin. Agar bizga yotinglar desa, biz yotmaymizmi. Kefir ichsa yaxshi bo‘lib ketadi ham demaganmi? Nahot, biz bolamizni o‘lay deb turgan holatda yana qaytarib olib ketsak? Bizni, yaxshi bo‘lib ketadi, deb tinchitdi-da. Katta tajribali do‘xtir, deb biz ham ishonibmiz-da unga. Agar biz bolani yotqizishni rad qilsak, qoida bo‘yicha biz tilxat yozib berishimiz kerak edi. So‘rangchi, biz yozdikmikin shunaqa deb. Bu do‘xturlarning kasallar ahvoliga loqaydligidan boshqa narsa emas, dedi Anastasiya Shevchenko.

Ozodlik kun bo‘yi Chirchiq shahar prokuraturasiga qo‘ng‘iroq qilib, bu ish yuzasidan ma’lumot olishga urindi. Lekin, prokuratura telefoni javob bermadi.

Nikitaning o‘limi bo‘yicha prokuratura tomonidan ish ochilgan yoki ochilmagani haqida Ozodlikda hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonda sodir bo‘ladigan ayrim o‘lim holatlarida shifokorlarning mas’uliyatsizligi va loqaydligi sabab qilib keltiriladi.

O‘tgan yilning aprel oyida o‘zbekistonlik ona yangi tug‘ilgan chaqalog‘ining o‘limida tug‘ruqxona shifokorlarini ayblagan edi. 24 yoshli Go‘zal Ninaralieva Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi 7-sonli tug‘ruqxona vrachlarining mas’uliyatsizligi oqibatida farzandi nobud bo‘lganini iddao qilgan edi.

Ozodlik Jizzax viloyatida tug‘uruqdan keyin nazoratsiz qolgan ayol o‘limi uchun na bir tashkilot va na bir shaxs javobgarlikka tortilmagani haqida ham 2017 yilning 19 iyunida yozgan edi.

XS
SM
MD
LG