Линклар

Шошилинч хабар
19 август 2018, Тошкент вақти: 01:01

Samarqand teatri “25 yillik qo‘rquvdan qutulish” haqida spektakl qo‘ydi


"Ko‘chki" spektaklidan sahna ko‘rinishi.

Yuz yosh bilan yuzlashgan Samarqand teatri “Qo‘rquvga qarshi jasorat” mavzusidagi spektaklni namoyish qildi. Taniqli turk dramaturgi Tunjar Jujano‘g‘li (Tuncer Cucenoglu) qalamiga mansub psixologik dramada bir qishloq aholisining qanday qilib qo‘rquvdan xolos bo‘lgani aks ettiriladi. Shu kungacha dunyoning 50 dan ortiq sahnalarida qo‘yilgan “Ko‘chki” deya nomlangan bu asar munaqqidlariga ko‘ra, Samarqand teatri sahnasida aktuallik kasb etgan.

O‘zbekistonlik teatr rejissyori va munaqqid Jo‘rabek Ro‘zmetovning aytishicha¸spektakl “Jamiyatdagi bugungi o‘zgarishlar anatomiyasini” tomoshabinga “Yaqqol va lo‘nda qilib yetkazgan aktual asardir”.

Samarqand davlat musiqali drama teatri direktori Bahodir Sharafovning Ozodlik muxbiriga 16 yanvar kuni aytishicha¸ ”Ko‘chki” spektakli “Bugungi siyosiy o‘zgarishlarni aks ettiradigan va odamlar idrokidagi qo‘rquvni yo‘q qiladigan asar sifatida sahnalashtirildi.

Dramaturg Tunjay Jujano‘g‘li
Dramaturg Tunjay Jujano‘g‘li

Sharafovning aytishicha, “Ko‘chki” spektaklining taqdimotiga maxsus kelgan turk dramaturgi Tunjar Jujano‘g‘li spektal ijrosiga juda yaxshi baho bergan.

Spektaklni tomosha qilgan munaqqid Akmal Rizaev bu asarni “o‘zbek teatr san’atining yutug‘i” deb atadi:

- Spektaklda yuzi siyqalashmagan¸ xontaxta kino yoki chuchmal kliplarda tushmagan aktyorlarning o‘ychan qiyofasini ko‘ramiz. Voqea katta tog‘lar bilan har tomondan o‘ralgan, manzili noma’lum qishloqda yuz beradi. Bu qishloq aholisi yilning 9 oyida baland ovozda gaplashishmaydi, ovoz chiqarib kulishmaydi, deydi suhbatdosh.

Unga ko‘ra¸ spektakl qaxramonlari qor ko‘chishidan qo‘rqishadi.

Tunjar Jujano‘g‘li yozgan asar qaxramonlari “ko‘chki ko‘chish xavfi yilning to‘qqiz oyi davom etadi“ deb o‘ylashadi va atigi uch oy davomida mahalliy aholi baqirib-chaqirishi, quroldan otishi, to‘y-tomosha qilishi, chaqaloq dunyoga keltirishi mumkin bo‘ladi.

Munaqqid Akmal Rizevga ko‘ra¸ drama tuguni ana shu voqelik ustiga quriladi:

- To‘qqiz oy jim yurish buyurilgan. Bu vaqtda bo‘yida bo‘lgan kelinlar o‘ldiriladi. Chunki ular qishloq osoyishiga tahdid solmasligi lozim. Taqdir taqozasi bilan ana shu ko‘chki xavfi kuchaygan bir paytda qishloqdagi bir oilada chaqaloq dunyoga kelishi kutiladi. Bu kelin bolasi bilan birgan qishloq aholisinig tinchligi uchun qurbon bo‘lishi kerak. Ammo ayolning eri bu holatga isyon qilib to‘pponchadan o‘q uzadi. Xuddi shu paytda qishloqqa hech qanday ko‘chki havf solmagani ma’lum bo‘ladi. Qishloq aholisi shuncha yil bekorga qo‘rqib yurgani ma’lum bo‘ladi¸ deydi munaqqid.

Rizaevga ko‘ra¸ O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Samarqand teatri “25 yillik qo‘rquvdan qutulish” haqida spektakl yarata olgan.

O‘zbekistonlik teatr rejissyori va munaqqid Jo‘rabek Ro‘zmetovning aytishicha¸ spektakl “bugungi kun bilan shu qadar bog‘liqki¸ tomoshabin xuddi o‘zini oynada ko‘rgandek bo‘ladi”.

Taniqli rassom Bahrom Safoev sahna bezaklarini yaratgan va rejissyor Valixon Umarov sahnalashtirgan bu asar munaqqid Ro‘zmetovga ko‘ra¸ “Bir soatu 40 daqiqa davomida tomoshabin asabini tarang ushlab turadi:

-Taniqli artistlar Gulbahor Mamedova, Bahrullo Raximov, Shohsanam Oblaqulova, Jamshid Murodov, Bahtiyor Raximov, Sarvinoz Saitova, Lobar Axanova, Solijon Hakimov kabi aktyorlarning uyg‘un ijrosi spektakl muvaffaqiyatini belgiladi, deydi munaqqid Jo‘rabek Ro‘zmetov.

Samarqand davlat musiqali drama teatri direktori Bahodir Sharafovning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸”Ko‘chki” spektakli teatrning 100 yoshli to‘yiga keladigan tomoshabinlarga atalgan sovg‘adir.

XS
SM
MD
LG