Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:16

Nazarboev Trampga Qozog‘istonning yaxlitligini qo‘llayotgani uchun rahmat aytdi


AQSh - Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan. Vashington, Oq Uy, 2018, 16 yanvar
AQSh - Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan. Vashington, Oq Uy, 2018, 16 yanvar

Qozog‘iston va AQSh prezidentlari Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik, iqtisodiy masalalar va ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi. Prezident Nursulton Nazarboev Donald Trampga Vashington Qozog‘istonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Nazarboev rejalashtirilgan tushlik oldidan jurnalistlarga qisqa bayonot berayotib, Trampni prezidentligining bir yilligi bilan tabrikladi.

– Qog‘og‘istonning Amerika bilan munosabatlari har doim yaxshi bo‘lib kelgan, biz AQShni mustaqilligimiz va hududiy yaxlitligimizni qo‘llab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz, – dedi u.

Nazarboev ushbu gapi aynan nima haqda ekanini aniqlashtirib o‘tirmadi. Biroq Qozog‘iston Moskvaning sobiq Sovet mamlakatlariga nisbatan yuritayotgan siyosatidan doimiy xavotirda. Chunki Rossiya 2014 yil mart oyida Ukrainaning Qrim yarim orolini bosib oldi va Sharqiy Ukrainada qo‘zg‘olonlar keltirib chiqardi.

Qozoqlar ko‘pchilikni tashkil qiladigan Qozog‘istonda ruslar nufusi 20 foiz atrofida. Ularning ko‘pchiligi Qozog‘istonning Rossiya bilan chegaradosh shimoliy qismlarida istiqomat qiladi.

Tramp AQShning Nazarboev bilan uning 26 yillik rahbarligi davomida uchrashayotgan beshinchi prezidentidir. U Qozog‘iston mustaqillikka erishganidan beri bu mamlakatga rahbarlik qilib kelmoqda.

O‘tgan vaqt mobaynida Nazarboev Qozog‘istonni mintaqadagi iqtisodiyoti eng rivojlangan mamlakatga aylantirdi, tabiiy resurslar, asosan, neft qazib olish uchun juda ko‘p miqdorda chet el sarmoyasini jalb qildi.

“Strategik sherik”

77 yashar Nazarboev sobiq Sovet respublikalaridagi eng keksa prezidentdir. So‘nggi yillarda uning vorisi kim bo‘lishi bilan bog‘liq savollar ko‘paymoqda.

Tramp Oq Uyning Ruzvelt zalida Qozog‘istonni “kuchli, suveren – egamen va mustaqil” davlat deb atadi hamda uni “Qo‘shma Shtatlarning do‘sti va strategik sherigi” deya qo‘shimcha qildi. Yana u Nazarboevga AQSh harbiy jihozlari va va xizmatchilarini Afg‘onistonga tashishda ko‘maklashgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Ayni paytda Nazarboev Qozog‘iston ikki buyuk davlat – shimoldagi Rossiya bilan sharqdagi Xitoy o‘rtasida joylashganini aytib, AQShdan "C5 + 1" deb nom qozongan dasturni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishni iltimos qildi. Barak Obama prezidentligi vaqtida boshlangan ushbu dastur AQShning Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning yana to‘rtta mamlakati bilan hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Nazarboevning aytishicha, mamlakatining AQSh kompaniyalari bilan erishgan shartnomalari miqdori 7,5 milliard AQSh dollariga yetdi. Bunga “Boing” uchoqlarini sotib olish va “Jeneral Elektriks” kompaniyasining 900 ta lokomotivini Qozog‘istonda yig‘ish kiradi.

Ikkala rahbar Shimoliy Koreya masalasini ham muhokama qildi. Tramp Qozog‘iston “Koreya yarim orolini yadro qurollaridan xoli qilish borasidagi sa’y-harakatlaridagi qimmatli sherik” ekanini ta’kidladi.

Nazarboev AQSh bilan Shimoliy Koreya o‘rtasidagi vositachilik qilishga tayyor ekanini aytdi. Uning fikricha, Qozog‘iston jahonning eng ko‘p yadro arsenallaridan biriga ega edi, ammo Sovet Ittifoqi tarqab ketgandan so‘ng uni o‘z ixtiyori bilan Rossiyaga topshirdi.

Oq Uy ikkala prezident uchrashuvi oldidan ular Afg‘onistondagi kundan-kun yomonlashib borayotgan vaziyatni muhokama qilmoqchi ekani xususida xabar tarqatgan edi.

Rossiya va Suriya muzokaralari

Davlatga qarashli Kazinform axborot agentligi Nazarboev bilan Tramp Rossiya bilan aloqalar, Suriyadagi urush va savdo-sotiq masalalarini muhokama qilishini bildirdi.

– Siyosiy nuqtai nazardan biz muammolarga yechim izlash, mintaqaviy va global xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlik qilyapmiz. Uchrashuv chog‘ida Afg‘onistondagi ahvol, Suriya mojarosi va Rossiya bilan aloqalar muzokaraning asosiy mavzusi bo‘ladi, – dedi Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanat Kushkumbaev. U Nazarboevning maslahatchisi ham hisoblanadi.

Qozog‘iston ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga raislik qilmoqda.

14 yanvar kuni Qozog‘iston elchisi Qayrat Umarov Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va hukumat rahbari Abdulloh Abdulloh bilan uchrashgan BMT delegatsiyasiga rahbarlik qildi.

Nazarboev matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u 18 yanvar kuni BMT Xavfsizlik Kengashining yadro qurolini tarqatmaslik masalasiga bag‘ishlangan majlisiga raislik qiladi.

XS
SM
MD
LG